BIR HADIS SHARHI
42

عَنْ مُعَادٍ، قَالَ: فَقُلْتُ: يَا رَسُولَ اللَّهِ أَخْبِرْنِي بِعَمَلِ يُدْخِلْنِي الْجَنَّةَ وَيُبَاعِدُنِي عَنِ النَّارِ، قَالَ: «لَقَدْ سَأَلْتَ عَنْ أَمْرٍ عَظِيمِ، وَإِنَّهُ لَيَسِيرٌ عَلَى مَنْ يَسَّرَهُ اللَّهُ تَعَالَى عَلَيْهِ تَعْبُدُ اللَّهَ وَلَا تُشْرِكُ بِهِ شَيْئًا وَتُقِيمُ الصَّلَاةَ وَتُؤْنِي الزَّكَاةَ وَتَصُومُ رَمَضَانَ وَنَحْج ُّ الْبَيْتَ»، ثُمَّ قَالَ: أَلَا أَدْلُكَ عَلَى أَبْوَابِ الخَيْرِ الصَّوْمُ جُنَّةُ وَالصَّدَقَةُ تُطْفِيُّ الْخَطِينَةَ كَمَا يُطْفِي الْمَاءُ النَّارَ وَصَلَاةُ الرَّجُلِ فِي جَوْفِ اللَّيْلِ»، ثُمَّ تَلَا نَجَافى جُنُوبُهُمْ عَنِ الْمَصَاحِعِ حَتَّى بَلَعَ يَعْمَلُونَ ثُمَّ قَالَ : أَلَا أَدُلُكَ بِرَأْسِ الْأَمْرِ كُلَّيْهِ وَعَمُودِهِ وَذِرْوَةِ سَنَامِهِ؟» قُلْتُ: بَلَى يَا رَسُولَ اللَّهِ قَالَ: رَأْسُ الْأَمْرِ الْإِسْلَامُ وَعَمُودُهُ الصَّلَاةُ وَدَزْوَهُ سَنَامِهِ الْجِهَاهُ ثُمَّ قَالَ: «الا أُخْبِرُكَ بِلَاكِ ذَلِكَ كُلّهِ؟»، قُلْتُ: بَلَى يَا نَي اللها فَأَخَذ َ بِلِسَانِهِ فَقَالَ: «كُفَ عَلَيْكَ هَذَا فَقُلْتُ يَا نَيَّ اللَّهِ وَإِنَّا لَمُوَاحَدُونَ بِمَا نَتَكَلَّمُ بِهِ فَقَالَ: تَكِلَتُكَ أَمُّكَ يَا مُعَادُ وَهَلْ يَكْبُّ النَّاسَ فِي النَّارِ عَلَى وُجُوهِمْ أَوْ عَلَى مَنَاخِرِهِمْ إِلَّا حَصَائِدُ الْسِنَتِهِمْ؟». رَوَاهُ أَحْمَدُ وَالتَّرْمذِي وَابْنُ مَاجَة.
Muaz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Men: “Ey Allohning Rasuli, menga meni jannatga kirgizadigan va do‘zaxdan uzoqlashtiradigan amal haqida xabar bering”, dedim. U zot: “Darhaqiqat katta ish haqida so‘rading. U amal Alloh muyassar qilgan bandalariga osondir. Alloh taologa ibodat qilasan, unga biror narsani sherik qilmaysan, namozni qoim qilasan, zakotni berasan, Ramazon ro‘zasini tutasan, Baytni haj qilasan”, dedilar. So‘ngra: “Seni yaxshilik eshiklariga dalolat qilmayinmi? Ro‘za qalqondir. Suv olovni o‘chirganidek, sadaqa xatolarni o‘chiradi. Va yana kishining tun yarmida o‘qigan namozi (ham mana shundaydir)”, dedilarda, so‘ngra: “Ularning yonboshlari yotar joydan yiroq bo‘lur”, oyatini tilovat qildilar, hatto, (ya’malun) degan joygacha yetib bordilar. So‘ngra u zot: “Senga barcha ishning asosi, ustuni va cho‘qqisi haqida xabar beraymi?” dedilar. Men: “Ha, ey Alohning Rasuli” dedim. U zot: “Ishning asosi Islom, ustuni namoz va cho‘qqisi jihoddir”, dedilar. So‘ngra: “Senga mana shularning barchasining negizi haqida xabar beraymi?” dedilar. Men: “Ha, ey Allohning Nabiyisi”, dedim. Shunda u zot tillarini ushlab: “O‘zingdan mana buni tiygin”, dedilar. Men: “Ey Allohning Rasuli! Biz gapirgan narsamiz bilan ham hisob-kitob qilinamizmi?” dedim. U zot: “Onang seni yo‘qotsin, ey Muoz, insonlarni do‘zaxga yuzlari va burunlari bilan, faqatgina tillarining hosili qulatadida”, dedilar (Imom Ahmad, Termiziy va Ibn Mojalar rivoyat qilishgan).
Ushbu hadis sharxi. Ushbu hadis bir necha qismga bo‘linadi: Birinchi qism: Hadisning avvalidan boshlab, so‘ngra: “Seni yaxshilik eshiklariga dalolat qilmayinmi?” deyilgan joygachadir. Muoz roziyallohu anhu Payg‘ambar alayhissalomning oldilariga kelib, o‘zlarini jannatga avvalgi o‘rinda kirishiga va do‘zaxdan panoh topishlariga vosita bo‘ladigan amal haqida so‘radilar. Shunda Payg‘ambarimiz alayhissalom u kishiga: “Darhaqiqat, katta ish haqida so‘rading”, dedilar. Chunki jannatga avvalda, to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish uchun shariatimizdagi barcha buyruqlarni bajarib, barcha qaytariqlardan qaytish zarur bo‘ladi. Bunday qilish inson nafsi uchun oson emas. Bu bilan Muoz roziyallohu anhuning qalblariga dahshat tushishi mumkin edi. Payg‘ambarimiz alayhissalom u kishining qalblarida paydo bo‘lishi mumkin bo‘ladigan bu dahshatni ketkizish uchun: “U amal Alloh muyassar qilgan bandalariga osondir”, deyaptilar. Shundan keyin u zot jannatga avvalda kirish uchun vasila bo‘ladigan olti amalni sanadilar. Birinchisi, umumiy bo‘lib, barchasini o‘z ichiga oladi. Qolganlari esa, juz’iydir. Birinchisi: Allohga ibodat qilish. Ikkinchisi: Shirk keltirmaslik. Uchinchisi: Namozni ado qilish. To‘rtinchisi: Zakot berish. Beshinchisi: Ro‘za tutish. Oltinchisi: haj qilish.
Hadisda quyidagi jumlalardagi fe’llar muzoriy siyg’asida keltirildi:
تَعْبُدُ اللَّهَ وَلَا تُشْرِكْ بِهِ شَيْئًا وَتُقِيمُ الصَّلَاةَ وَتُؤْنِّي الزَّكَاةَ وَتَصُومُ رَمَضَانَ وَتَحْبُّ الْبَيْتَ.
Buning sababi, xitob qilinayotgan shaxsning zehnida bu ishlarni bajarishga ishtiyoq bo‘lishi va darhol bo‘ysunishga ishora qilishdir. Hadisda Muoz roziyallohu anhu (meni jannatga kiritadigan) deb aytdilar. Bu jumladan jannatga avvalda kirishga ishora bor. Chunki jannatga kirish ham ikki qismga bo‘linadi. Birinchisi: Avvalda jannatga kirish. Ikkinchisi: Do‘zaxga kirib chiqqandan so‘ng jannatga kirish. Shuningdek, (meni do‘zaxdan uzoq qiladigan) jumlasi ham avvalda jannatga kirishga ishora bo‘lmoqda. Bu ikki fe’l ham kalimasi uchun sifat bo‘ladi. Mana shu joygacha hadisning avvalgi qismi tugadi. Ikkinchi qism: Hadisning bu qismida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
أَلَا أَدُلُكَ عَلَى أَبْوَابِ الْخَيْرِ.
“Seni yaxshilik eshiklariga dalolat qilmayinmi?” deb Muoz roziyallohu anhuning ishtiyoqlarini yanada ziyoda qilib, yana uchta amalga targ‘ib qilyaptilar. Shu bilan birga bu amallarning fazilatlarini ham bayon qildilar. Bu amallardan nafl amallar iroda qilinyapti.Chunki hadisning birinchi qismida farz amallar haqida aytib o‘tildi. Shunga ko‘ra, ikkinchi qismda nafl ibodatlar haqida bayon qilinyapti:
Birinchi amal: Ro‘za tutish. Bu nafl ro‘za bo‘lib, u zot uni qalqon deb aytdilar. Uning qalqon bo‘lishi, u o‘z sohibi uchun shaytonning yomonliklari va nafsning buzg‘unchiliklaridan himoya qilishda qalqon shaklida bo‘ladi. Bu joyda ro‘zaning qalqon bo‘lishi majaziy ma’noda iste’mol qilindi.
Ikkinchi amal: Sadaqa berish. Bundan ham nafl sadaqa iroda qilinyapti. Suv olovni o‘chirganidek sadaqa ham insonning xatolarini o‘chirishi sadaqaning fazilatlaridandir.
Uchinchi amal: Tun yarmida namoz o‘qish. Bu yerdagi namozdan murod nafl namoz bo‘lib, tahajjud namozi iroda qilinyapti[1].
Norboyev Hafizullo
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi
[1] Mishkot al-mosobih kitobi va uning sharxi, an-naim lug’at kitobi, islom.uz
