SOXTA SALAFIYLARNING HADISLARNI ZOHIRIY TALQIN QILISHI VA UNING SALBIY OQIBATLARI

7

Bugungi kunda islom dini nomidan turli g‘oyaviy oqimlar faoliyat olib bormoqda. Ular orasida o‘zini “salafiylik” deb atovchi oqim vakillari tor qarashlari va qat’iy yondashuvlari bilan ajralib turadi. Aslida “salaf” atamasi islomning dastlabki uch asrida yashagan solih avlodni anglatadi, biroq keyingi davrlarda ayrim guruhlar bu nomni o‘z g‘oyalariga niqob sifatida qo‘llay boshlaganlar.

Soxta salafiylar hadislardan foydalanishda Ahli sunna val jamoa ulamolari belgilagan ilmiy mezon va qoidalarga amal qilmay, ularning faqat zohiriy ma’nosini qabul qiladilar. Natijada islomning boy ilmiy merosi yuzaki va taqlidiy tarzda talqin qilinmoqda. Ayniqsa, mutashobih hadislarga bo‘lgan noto‘g‘ri yondashuv Alloh taoloning sifatlarini noto‘g‘ri tushunishga olib kelib, tarixda mujassima va mushabbiha kabi adashgan oqimlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan.

Imom Abu Hanifa (rohimahulloh) va boshqa ahli sunna ulamolari Allohning sifatlarini maxluqlarga o‘xshatishdan qat’iy qaytargan bo‘lsalar-da, soxta salafiylar bu masalada zohiriy talqinga berilib ketganlar. Shuningdek, ular ayrim hadislarga tayanib, namozni tark etgan musulmonlarni kufrda ayblash kabi xatoli xulosalarga kelganlar. Holbuki, Ibn Hajar Asqaloniy ta’kidlaganidek, bunday qarashlar ilgari xavorijlar tomonidan ham ilgari surilgan.

Soxta salafiylik qarashlarining yana bir muhim jihati tavassul masalasida namoyon bo‘ladi. Tavassul – Allohdan hojat so‘rashda solih amallar yoki ulug‘ zotlarni vosita qilishdir. Ahli sunna ulamolari barcha davrlarda tavassulni joiz deb bilgan bo‘lsalar-da, soxta salafiylar uni shirk darajasiga ko‘targan, hatto qabrlarga ziyoratni ham harom deb baholaganlar. Holbuki, sahobalar, jumladan Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu) ham tavassul qilganlari manbalarda zikr etilgan.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda o‘zini “salaf” deb atayotgan ayrim oqimlar asl salaf solihlar yo‘lidan yiroqdir. Ular hadislarni ilmiy uslubda emas, balki o‘z g‘oyalariga moslab talqin qiladilar. Bu holat yoshlar orasida diniy bilimning yuzaki shakllanishiga, fikriy qattiqqo‘llik va mutaassiblikning kuchayishiga olib kelmoqda.

Alimov Abdulmalik, “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi