Ajrimlarning oldini olishda ma’naviyatning o‘rni
6

Oila – jamiyatning eng muqaddas va mustahkam poydevoridir. Oilaning barqarorligi esa butun jamiyat tinchligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Bugungi kunda ajrimlar sonining ortib borishi nafaqat huquqiy, balki ma’naviy muammoga aylanmoqda. Shu bois ajrimlarning oldini olishda qonun emas, avvalo, ma’naviyat va axloqiy tarbiya hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Qur’oni karimda nikoh oila qurishning muqaddas ahdi ekani ta’kidlanadi.
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ
“Ular bilan totuv turmush kechiringiz”. (Niso surasi, 19-oyat)
Bu oyat er-xotin munosabatining asosi hurmat va yaxshilik ekanini ko‘rsatadi. Agar oilada ma’naviy muhit mustahkam bo‘lsa, kelishmovchiliklar ajrimgacha yetib bormaydi.
Ko‘p hollarda ajrimlarning sababi moliyaviy yoki maishiy muammolar emas, balki sabrning yetishmasligi, o‘zaro hurmat va mas’uliyat hissining yo‘qolishi hamda ma’naviy tayyorgarliksiz oila qurish kabi ishlar bo‘lib chiqadi.
عن أبي هريرة رضي الله عنه قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم: وَخَيْرُكُمْ خَيْرُكُمْ لِنِسَائِهِمْ رواه أبو داود والترمذي
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam:
“Eng yaxshingiz – oilasiga eng yaxshi muomala qilganingizdir”.
(Abu Dovud va Termiziy rivoyati).
Demak, oila baxti avvalo insonning axloqiga bog‘liq. Ma’naviy yetuk inson qiyinchilik oldida darrov taslim bo‘lmaydi. U sabr qiladi, muammoni muloqot orqali hal qiladi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi.
إِنَّ اللَّهَ مَعَ الصَّابِرِينَ
“Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilan birgadir”. (Baqara surasi, 153-oyat)
Sabr va hikmat bilan yondashilgan har qanday oilaviy muammo yechim topadi. Ko‘p yoshlar oila qurishga moddiy jihatdan tayyorlanadi, ammo ma’naviy va ruhiy tayyorgarlik yetarli bo‘lmaydi. Natijada arzimagan kelishmovchilik katta nizoga aylanadi.
Ibn Moja rahmatullohi alayhi rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Nikoh mening sunnatimdir”, deganlar.
Sunnatga muvofiq nikoh esa faqat marosim emas, balki mas’uliyat va ma’naviy ahddir. Farzandga bolalikdan odob, sabr va hurmat o‘rgatilsa, u kelajakda oilasiga sodiq bo‘ladi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ajrimlarning oldini olishda eng kuchli qalqon ma’naviyatdir. Sabr, hurmat, mas’uliyat va to‘g‘ri diniy-axloqiy tarbiya mavjud bo‘lgan oilada ajrim oxirgi yechim sifatida ko‘rilmaydi. Zero ma’naviy sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat asosidir.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Qodirov Omon
