Radikal g‘oyalarga qarshi ma’rifat yo‘li

6

Hozirgi globallashuv davrida axborot tez tarqaladi, g‘oyalar esa chegara bilmaydi. Bu holatning ijobiy jihatlari bilan birga xavfli tomonlari ham mavjud. Ayniqsa, yoshlar orasida diniy bilimni noto‘g‘ri manbalardan olish natijasida radikal fikrlar paydo bo‘lishi katta xavf hisoblanadi. Shu bois bugungi kunda eng samarali yechim – radikalizmga qarshi ma’rifat va to‘g‘ri bilim yo‘lidir.

Islomning o‘zi zo‘ravonlik va tajovuzni qattiq qoralaydi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:

مَنْ قَتَلَ نَفْسًا بِغَيْرِ نَفْسٍ أَوْ فَسَادٍ فِي الْأَرْضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ النَّاسَ جَمِيعًا

“Biror jonni o‘ldirmagan yoki Yerda (buzg‘unchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni o‘ldirgan odam xuddi hamma odamlarni o‘ldirgan kabidir”. (Moida surasi, 32-oyat).

Bu oyat inson hayotining muqaddasligini va har qanday zo‘ravonlikning islomga zid ekanini ochiq ko‘rsatadi.

عن عبد الله بن عمرو ـ رضي الله عنهما ـ عن النبي صلى الله عليه وسلم قال: «المسلم من سلم المسلمون من لسانه ويده…»  رواه البخاري ومسلم

Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

“Musulmon odamlar uning tili va qo‘lidan omonda bo‘lgan kishidir”, dedilar. (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Demak, haqiqiy musulmon boshqalarga zarar yetkazmaydi.

Ko‘p hollarda radikal g‘oyalar ilmsizlik va noto‘g‘ri tushunchalardan paydo bo‘ladi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

قُلْ هَلْ يَسْتَوِي الَّذِينَ يَعْلَمُونَ وَالَّذِينَ لَا يَعْلَمُونَ

“Ayting: “Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!”
(Zumar surasi, 9-oyat)

To‘g‘ri diniy bilim insonni adashishdan saqlaydi. Shuning uchun radikalizmga qarshi eng kuchli qurol – ilm va ma’rifatdir.

Radikal g‘oyalarga berilganlar ko‘pincha dinni o‘zboshimchalik bilan talqin qiladilar. Islom esa Qur’on, sunnat va ulamolar izohi asosida o‘rganilishi shart. Alloh taolo marhamat qiladi:

فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

“Agar (bu haqda) bilmaydigan bo‘lsangiz, ahli zikrlardan so‘rangiz!”. (Nahl surasi, 43-oyat)

Demak, har qanday diniy masalada ishonchli ulamolarga tayanish zarur.

Yoshlarda tanqidiy fikrlash, kitob mutolaasi va haqiqiy diniy bilim shakllansa, ular yot g‘oyalarga berilmaydi.

عن مُعَاوِيَةَ بن أبي سفيان رضي الله عنهما قال: سَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُمَنْ يُرِدِ اللَّهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي الدِّينِ. رواه البخاري ومسلم

Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi:

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:

“Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, unga dinni to‘g‘ri tushunishni nasib etadi”, dedilar. (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Dinni to‘g‘ri tushungan inson radikal chaqiriqlarga aldanmaydi.

Radikalizmga qarshi kurash faqat xavfsizlik choralari bilan emas, balki ta’lim va tarbiya orqali amalga oshadi. Oilada sog‘lom muhit, maktabda ma’rifiy tarbiya, jamiyatda to‘g‘ri axborot siyosati muhim o‘rin tutadi.

Xulosa qilib aytganda, radikal fikrlarga qarshi eng samarali yo‘l – ma’rifat yo‘lidir. Ilmli, to‘g‘ri e’tiqodli va mustaqil fikrlaydigan avlodni tarbiyalash jamiyat xavfsizligi va barqarorligi kafolatidir. Zo‘ravonlik emas, ilm; nafrat emas, hikmat; buzg‘unchilik emas, ma’rifat – haqiqiy islom yo‘lidir.

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Qodirov Omon