Zamonaviy o‘qituvchi qanday bo‘lishi kerak?

5

Jamiyat taraqqiyoti, avvalo, ta’lim sifati bilan belgilanadi. Ta’lim sifati esa o‘qituvchining bilimdonligi, shaxsiyati va kasbiy mahoratiga bog‘liq. Axborot tez almashadigan, texnologiyalar jadal rivojlanayotgan bir davrda o‘qituvchi faqat bilim beruvchi emas, balki tarbiyachi, yo‘lboshchi va ilhomlantiruvchi shaxs bo‘lishi talab etilmoqda. Shu bois “zamonaviy o‘qituvchi qanday bo‘lishi kerak?” degan savol har bir ta’lim dargohining markazida turibdi.

Zamonaviy o‘qituvchi o‘z fanini chuqur bilish bilan cheklanib qolmaydi. U yangi pedagogik metodlar, interaktiv usullar va axborot texnologiyalarini muntazam o‘zlashtirib boradi. Chunki bugungi o‘quvchiga eski uslub bilan bilim berish samarasiz. O‘qituvchi hayoti davomida o‘quvchi bo‘lib qolishi lozim.

O‘qituvchi faqat dars beruvchi emas, balki o‘quvchilar uchun axloqiy namuna hisoblanadi. Muomala madaniyati, adolat, sabr-toqat va mas’uliyat – zamonaviy o‘qituvchining ajralmas fazilatlaridir. Chunki bola ko‘p hollarda eshitganidan ko‘ra ko‘rganidan ta’sirlanadi.

Bugun ta’lim raqamli maydonga ko‘chmoqda. Onlayn darslar, elektron platformalar, sun’iy intellekt vositalari – bularning barchasini o‘qituvchi to‘g‘ri va maqsadli qo‘llay olishi kerak. Ammo texnologiya maqsad emas, balki ta’lim samaradorligini oshirish vositasi ekanini unutmaslik lozim.

Har bir bola o‘ziga xos iqtidor va xarakterga ega. Zamonaviy o‘qituvchi o‘quvchini ma’lum qolipga solmaydi, balki uning qobiliyatini ochib berishga harakat qiladi. Individual yondashuv – muvaffaqiyat kalitidir.

Ta’lim faqat maktab devorlari ichida cheklanmaydi. Oila va jamiyat bilan hamkorlik qilgan o‘qituvchi tarbiyada yaxshiroq natijaga erishadi. Shu bois zamonaviy o‘qituvchi muloqotchi va tashabbuskor bo‘lishi kerak.

Xulosa qilib aytganda, zamonaviy o‘qituvchi – bilimdon, zamon bilan hamnafas, texnologiyalar bo‘yicha yetarli bilim va malakaga ega, axloqan barkamol, tarbiyachi va o‘quvchilarni ilhomlantiruvchi shaxsdir. U kelajak avlodni tarbiyalar ekan, aslida butun jamiyat kelajagini shakllantiradi. Shu sabab o‘qituvchi kasbi eng ulug‘ va eng mas’uliyatli kasblardan biri bo‘lib qolaveradi.

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi  o‘qituvchisi Qodirov Omon