Ehsonning islomdagi o‘rni
6

Islom ta’limotida ehson inson hayotining ajralmas qismi, har bir mo‘min uchun kundalik tabiiy vazifa sifatida talqin qilinadi. Chunki Alloh taolo insonga behisob ne’matlar ato etgan ekan, inson ham U Zotning bandalariga yaxshilik va mehr-shafqat ko‘rsatishi lozim. Qur’oni karimda bu haqda shunday deyiladi:
«Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil!» (Qasas, 77).
Ehson faqat boshqalarga manfaat yetkazish emas, balki uni amalga oshirgan insonning o‘zi uchun ham ulkan foyda manbaidir. Qur’onda bunga ochiq ishora qilib: «Agar ezgu ish qilsangiz, o‘zingizga ezgulik qilgan bo‘lursiz. Agar yovuzlik qilsangiz ham, o‘zingiz uchundir» (Isro, 7), deb marhamat qilinadi. Demak, har bir yaxshilik avvalo insonning o‘ziga qaytar ekan.
Xolis niyat bilan ehson qilgan kishilar boshqalar his qila olmaydigan ma’naviy huzur va hotirjamlikni topadilar. Ular uchun odamlarning qalbida quvonch uyg‘otish, muhabbat va duolarga sazovor bo‘lishning o‘zi katta saodatdir.
Shu bois Qur’oni karimda ehson alohida ta’kidlanib, unga da’vat qilinadi:
«Albatta, Alloh adolatga, ezgu ishlarga va qarindoshga yaxshilik qilishga buyuradi hamda buzuqchilik, yovuzlik va zulmdan qaytaradi» (Nahl, 90).
Qur’on ehsonni shunchaki yaxshi amal sifatida emas, balki Allohga ixlos bilan bo‘yin sunish darajasiga ko‘tardi. Bu ikki sifat – ixlos va ehson – haqiqiy mo‘min axloqining eng oliy bezaklaridandir. Shu ma’noda Qur’onda shunday deyiladi:
«Ezgu ish qiluvchi bo‘lgan holida yuzini Allohga bo‘yin sundirgan va Ibrohim diniga ergashgan kishidan kimning dini chiroyliroq?» (Niso, 125).
Ya’ni, yaxshi amallarni ado etib, yomonliklardan tiyilgan, nafsini Allohga xolis topshirgan insondan ko‘ra go‘zal e’tiqod sohibi yo‘q.
Ehsonning ma’no-mohiyati Rasululloh ﷺ tomonidan ham juda ta’sirli tarzda bayon qilingan. «Jibril hadisi»da Payg‘ambarimiz ﷺ ehsonni shunday ta’riflaydilar:
«Allohga huddi Uni ko‘rib turgandek ibodat qilishingdir. Agar sen Uni ko‘rmasang ham, U seni ko‘rib turibdi».
Bu ta’rif ehsonning inson qalbidagi ong, mas’uliyat va Alloh huzurida ekanlik hissi bilan bog‘liq ekanini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, ehson qiluvchi kishi amallariga riyo aralashib qolmasligiga juda ehtiyot bo‘lishi kerak. Chunki, ko‘pincha yaxshilik xolis niyat bilan boshlanadi, ammo maqtov va e’tibor inson qalbiga riyo urug‘ini sochishi mumkin. Shu sababli, haqiqiy ehson — bu faqat Alloh uchun qilingan, odamlar maqtovi yoki manfaati bilan bog‘liq bo‘lmagan amaldir.
Xulosa qilib aytganda, ehson islomda nafaqat ijtimoiy munosabatlarni go‘zal qiladigan fazilat, balki insonning Allohga yaqinlashuvi, iymoni va axloqiy kamolotiga xizmat qiluvchi ulug‘ maqomdir.
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom
ta’lim muassasasi o’qituvchisi
Muhammad Mirmaxamatov
