Musulmon kishini kofirga chiqarish masalasi
12

Bilamizki iymon Alloh taoloning insonga bergan ulug’ bir ne’matidir.Shuning uchun musulmon kishini kofirga chiqarish masalasi nihoyatda xavfli hisoblanadi.Zero Qur’on va sunnatda bu borada haddan oshishdan qat’iy qaytarilgan.O’zini musulmon deb bilgan shaxsni kufrda ayblash islom dinida takfir deyiladi.Bu hukmni noto’g’ri va asossiz chiqarish katta gunoh sanaladi.Bugungi kunimizda asossiz kofirga chiqarish nihoyatda ko’payib,hatto yoshlar orasida ota-onasini takfir qilishgacha borib yetmoqda.Buning bir qancha sabablari bor shulardan biri musulmonlarga va hukumatga g’arazi bor ba’zi kimsalar ozroq diniy ilm olib,muqaddas islomiy tushunchalarni noto’g’ri talqin qilib diniy ilmdan uzoq bo’lgan kishilarni o’zlarining noto’g’ri yo’llariga chorlamoqdalar.Bu ishlarida ijtimoiy tarmoqlardan keng foydalanmoqdalar,shuning uchun musulmon kishi diniy masalani har kimdan olmasligi lozim.Zero ulamolarimiz “Ilm bu dindir,dinlaringizni kimdan olayotganingizga qaranglar”deganlar.Alloh taolo Niso surasining 94-oyatida shunday marhamat qiladi:”Ey iymon keltirganlar!Alloh yo’lida jihodga chiqsangiz,aniqlab olinglar va sizga salom bergan kimsaga,mo’min emassan,demanglar”.Alloh taolo salom berishni o’zini musulmon ekanligini bildirish ekanini bayon qilmoqda,bugungi kundagi takfirchilar esa iymon kalimasini baralla aytgan,islomiy amallarni qilib yurgan kishini kofirga chiqarishi ularning naqadar noxolis va tuban ekanligini ko’rsatadi.Bundan bilishimiz mumkinki ularning musulmonlarni takfir qilishdan maqsadi isloh emas fasod ekanligi,bu ishlarining ortida g’arazli maqsadlari borligi ayon bo’ladi.Islom dushmanlari biror bir islomiy yurtni xarob qilib uning boyliklarini qo’lga kiritishni xohlasalar,o’sha yurtdan o’zlariga xizmat qiladigan xoin xizmatchilar topadilar va shular orqali maqsadlariga yetadilar.Shuning uchun musulmonlar ehtiyot bo’lmog’i kerak.Shu o’rinda yana bilishimiz kerak bo’lgan nozik nuqta bor,bu kofirga chiqaruvchi kimsa bilishi kerakki agar kofirga chiqarilgan kishi rostdan kofir bo’lmasa,kofir so’zi aytuvchining o’ziga qaytadi.Payg’ambarimiz alayhissalom:”Agar kishi birodariga:Ey kofir! desa, bu so’z ikkisidan biriga qaytadi”.Takfirchilar o’zlarining bu ishlarini oqlash uchun musulmonlarni katta gunohlarni qilishini va ba’zi islomiy amallarni qilmayotganini sabab qilishadi.Lekin Ahli sunna val jamoa aqidasiga ko’ra ,katta gunoh qilgan kishi kofir bo’lmaydi,balki gunohkor mo’min hisoblanadi.Shunday ekan musulmon inson avvalo dinini ishonchli kishilardan,sahih manbaalardan o’rganib amal qilmog’i lozim.Kimligi nomalum kishilardan eshitganini din deb ergashib ketmasligi kerak.Chunki din oxiratga bog’liq masala bo’lib,birgina xatosi sabab inson oxiratini kuydirib qo’yishi mumkin.
Muzaffar Qosimov, “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
