14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni: O‘zbekiston milliy Qurolli Kuchlarining tashkil topishi.

8

Har bir mustaqil davlat uchun o‘z xavfsizligi va mudofaa tizimini shakllantirish muhim ahamiyatga ega. Mamlakatimiz istiqlolga erishgan kundanoq O‘zbekiston milliy davlatchiligi, uning hududiy yaxlitligi, aholining tinch va osoyishta hayotini ta’minlash davlat siyosatining bosh masalalaridan biri bo‘lib kun tartibiga qo‘yildi.

1991-yil 19-21-avgust kunlari sobiq ittifoq poytaxti Moskva shahrida ro‘y bergan davlat to‘ntarishi sababli mamlakat halokat girdobiga kelib qoldi. Shunday sharoitda mamlakat hududiy yaxlitligi, aholi tinchligi va osoyishtaligini qurolli himoya qilish yo‘lida yangi qadamlar qo‘yildi.

O‘zbekiston Prezidentining 1991-yil 25-avgustdagi farmoni asosida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizligi komitetining respublika tasarrufiga o‘tishi, SSSR Ichki ishlar vazirligining yurtimizdagi qo‘shinlari O‘zbekiston Prezidentiga bo‘ysundirilishi ana shunday birinchi qadamlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentininig 1991-yil 6-sentabrdagi farmoniga asosan Mudofaa ishlari vazirligi tashkil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashi 1992-yil 10-yanvarda «O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan SSSR Ichki ishlar vazirligining harbiy qismlari va o‘quv muassasalarini O‘zbekiston Respublikasi tasarrufiga olish to‘g‘risida» va 14-yanvarda «O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan harbiy qismlar va harbiy o‘quv muassasalari to‘g‘risida»gi qarorlarni qabul qildi. Ushbu qarorlarga muvofiq, sobiq SSSR Qurolli Kuchlarining respublika hududida joylashgan qismlari, qo‘shilmalari, birlashmalari, harbiy o‘quv yurtlari, tashkilotlari va boshqa harbiy tuzilmalari qonuniy asosda O‘zbekiston Respublikasi yurisdiksiyasiga olindi. Mazkur qaror qabul qilingan kun   14-yanvar O‘zbekiston Respublikasining 1993-yildagi qonuniga muvofiq «Vatan himoyachilari kuni» deb e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining quyidagi harbiy okruglari tashkil topdi:

  1. Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyati).
  2. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug (Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari).
  3. Markaziy harbiy okrug (Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari).
  4. Toshkent harbiy okrugi (Toshkent shahri va Toshkent viloyati).
  5. Sharqiy harbiy okrug (Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari).

Bu harbiy okruglar mamlakat mudofaasini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

1992-yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Milliy xavfsizlik xizmati tasarrufida Chegara qo‘shinlari boshqarmasi tashkil etildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga muvofiq Prezident mamlakat Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh Qo‘mondoni hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, qisqa muddat ichida o‘z milliy Qurolli Kuchlarini barpo etib, davlat xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash borasida tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan qarorlarni qabul qildi. Mustaqil mudofaa tizimining shakllantirilishi mamlakat suverenitetining mustahkam poydevorini yaratdi. Bu jarayon nafaqat davlat chegaralarini himoya qilish, balki xalqimizning tinch, osoyishta va farovon hayotini kafolatlashga xizmat qildi. Bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari Vatanga sadoqat, yuksak jangovar tayyorgarlik va zamonaviy salohiyat timsoli bo‘lib, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin egallaydi.

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi 1-kurs talabasi Raximov Xayotbek