VATAN HIMOYASI MUQADDASDIR….
10

Tabiiyki, inson farzandi qayerda, qaysi mamlakatda dunyoga kelsa, ana shu yer uning ona-vataniga aylanib qoladi. Kindik qoni to‘kilgan joy inson uchun qimmatli dargohdir. Demak, Vatanni sevish, vatanparvar bo‘lish, undagi bor narsalarni ardoqlab, sog‘inib yashash insoniyat tabiatida mavjud bo‘lgan nozik his-tuyg‘udir.
Yaratganga shukronalar bo‘lsinki, Yurtimiz tinch, hayotimiz osoyishta, kunlarimiz yorug‘, tunlarimiz osuda. Uzoq safarlarga ketib, bir necha kun musofir bo‘lsak ham, har kuni ertalab ketib, kechqurun ishdan qaytsak ham, uydagilardan ko‘nglimiz xotirjam. Shu o‘rinda, tinchlik naqadar ulug‘ ne’mat ekanini anglab yetasan kishi. Haqiqatan ham, tinchlik bebaho ne’mat. Uni saqlamoq, avaylamoq, kerak bo‘lsa bu yo‘lda jon fido qilish shu zaminda yashayotgan har bir fuqaroning muqaddas burchidir. Ta’kidlash joizki, osuda hayotimiz, musaffo osmonimiz, aziz bolajonlarimizning quvnoq kulgisi, ota-onalarimizning farovon umr kechirishi yurtimizdagi barqarorlik – tinchlik tufaylidir.
Darhaqiqat, tinchligimiz, osoyishtaligimiz, barakali mehnat qilishimiz, farzandlarimiz o‘sib-ulg‘ayishlari, komil inson bo‘lib yetishishlarida, shubhasiz Vatan himoyachilarining o‘rni, shijoati va jangovar ruhi beqiyosdir. Yuragida Vatan va xalq sevgisi mustahkam joy olgan, shijoatli o‘g‘lonlar yurt sarhadlarini sergaklik bilan qo‘riqlamoqdalar. Ularning bu bedorliklari naqadar savobli ish ekani haqida janob Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qilganlar. “Kechalari Allohdan qo‘rqib yosh to‘kkan ko‘zni va Alloh yo‘lida tunlari posbonlik qilib mijja qoqmagan ko‘zni do‘zax otashi kuydirmaydi”.
Tinchlikni mustahkamlash yo‘lida har bir kishi o‘z burchini sidqidildan, ixlos va e’tiqod ila bajarmog‘i lozim. Aksincha, Vatan himoyasi yo‘lida xizmat qilayotgan har bir harbiy xizmatchi o‘ziga topshirilgan vazifani Alloh va insonlar huzuridagi ulug‘ mas’uliyat deb bilmog‘i va harbiy qasamyodni, va’dalarini bajarishi muhimdir. Dinimiz ta’limotlarida ona Vatan himoyasi, millat farovonligi va din ravnaqi yo‘lida jon bergan kishilarga shahidlik maqomi berilishi aytilgan Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam “Molini, jonini, dinini, ahlini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan kishi shahid maqomidadir”, — deganlar (Imom Abu Dovud va Imom Termiziy rivoyati).
Vatan himoyasi barchamizning muqaddas burchimiz! Aziz Yurtimizda istiqlol bergan ulkan imkoniyatlar haqida so‘zlasak, shuncha oz. Zero, mustaqillik tufayli hayotimizda yorqin sahifalar ochildi, emin-erkin toat-ibodat qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik, diniy-ma’naviy qadriyatlarimiz qaytadan xalqimizga qaytarildi. Iymon-e’tiqodimiz va ertangi kunga bo‘lgan ishonchimiz mustahkamlandi. Shaharu-qishloqlarimiz ko‘rkam va obod bo‘ldi. Hayotimizga beqiyos ma’no va mazmun olib kirgan tinchlik deya atalmish bu bebaho ilohiy ne’matlarning qadriga yetish, ularga shukur qilish, uni asrab-avaylash barchamizning burch va vazifamizdir.
Xulosa o‘rnida, Alloh taolo mustaqil Yurtimiz sarhadlarini sergaklik bilan qo‘riqlayotgan Vatan himoyachilarini o‘z panohida asrab, aziz YURTIMIZ osmonini musaffo, Vatanimiz tinchligini barqaror va xalqimiz hayotini bundan ham farovon aylasin.
Muzaffar Qosimov,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom
ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy
ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
