VATANNI SEVMOQ – FITRIY TUYG‘UDIR

15

Vatan – bu so‘z ong-shuurimizga mehribon onalarimizning maftunkor allasi-yu oq suti, pok niyati bilan singgan, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Tongga qadar bedor beshik tebratgan, go‘dagini yeru ko‘kka ishonmay katta qilayotgan ona “Bolam beliga belbog‘ yetmaydigan er yigit bo‘lsin, sher yigit bo‘lsin, alpqomat bo‘lsin, elning koriga yarasin, kindik qoni to‘kilgan joyni yomon ko‘zlardan asrasin, yurtning himoyachisi bo‘lsin”, deb niyat qiladi.

Bu so‘zlar ilk bor yod olgan she’rlarimizda uchraydi. Vatanni his qilish bolalik yillarining beg‘ubor sho‘xliklari — uyimiz, bog‘imiz, ko‘chamiz, mahallamiz g‘ururi uchun “kurashgan” paytlarimizdan boshlanadi. Mahalla oqsoqollari: “Ota-onangni uyaltirib qo‘yma, mahalla sha’niga dog‘ tushirma, qishlog‘imizdan haligacha yomon odam chiqmagan, ko‘zingdan ko‘rinib turibdi, sendan ham yomonlik chiqmaydi”, deyishsa, ko‘nglimizda g‘urur uyg‘onib, o‘zimizni bolalikka xos katta-kichik qahramonliklarga tayyor qilib ko‘rsatar edik. O‘zimiz bilmagan holda oilamizning, qishlog‘imizning, demakki Vatanimizning yosh himoyachilariga aylanar edik. Kattalar bizga jiddiy bir yumushni ishonib topshirishsa, bundan faxrlanib, yeng shimarib ishga kirishardik.

Keyinroq Vatanni himoya qilish nima ekanini, keksalarning el-yurtga tinchlik-xotirjamlik, osmonga musaffolik, xirmonga baraka tilab qilgan duolari ma’nosini yaxshi tushunib yetdik.

Vatanni himoya qilish — bu faqat qo‘lga qurol olib, chegaralarda hushyor turish emas ekan, Vatanning moddiy va ma’naviy boyliklarini, ulug‘ ajdodlardan bizga meros bo‘lib qolgan purhikmat an’analarni, bag‘rikeng, sahovatli xalqimizning ezgu fazilatlarini, tilimizni, dinimizni, milliy qadriyatlarimizni, onalarni, otalarni, qorako‘z o‘g‘il-qizlarimizni, yoshlarning dunyoqarashini, tog‘u toshlarni, soy-so‘qmoqlarni, qo‘yingki, Vatanning gul-rayhonidan novda-giyohigacha, ona-yer bag‘ridan otilib chiqayotgan mitti bulog‘idan boshlab hayqirib oqayotgan daryosigacha ko‘z qorachig‘idek asrashimiz, bemavrid dovullardan himoya qilishimiz, bularning hammasini kelgusi avlodlarga bus-butun, joziba va tarovati bilan yetkazishimiz kerak ekan.

Vatan – muqaddas dargoh. Uni himoya qilish, dushmanlardan asrash, ravnaqi va farovonligi yo‘lida xizmat qilish har bir musulmon uchun ham farz, ham qarzdir. Payg‘ambarimizdan Sa’id ibn Zayd raziyallohu anhu rivoyat qilib: “Molini, jonini, dinini va ahlini himoya qilish yo‘lida halok bo‘lgan kishi shahid maqomidadir”, – deganlar (Abu Dovud rivoyati).

Hadisda sanab o‘tilgan mol, jon, din va oila kishi hayotining mazmuni – uning Vatanini ifoda etadi.

Vatan himoyasi yo‘lida uxlamasdan poyloqchilik qilgan ko‘z egasini do‘zax otashi ham kuydirmas ekan. Bu to‘g‘rida Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambar alayhissalom ; “Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmas: birinchisi — Allohdan qo‘rqib yig‘lagan ko‘zni, ikkinchisi – Alloh yo‘lida poyloqchilik qilib uxlamagan kishini”, – deb marhamat qilganlar (Termiziy rivoyati).

Umuman olganda vatan muhabbatini Alloh taolo inson dunyoga kelishi bilan uning fitratida qo‘shib yaratadi. Kechagina o‘ynab-chopib yurgan kichkintoylar ko‘z ochib-yumguncha harbiy xizmat yoshiga yetadilar. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom ta’lim berganlaridek, farzandlarimizga bolaligidanoq chavandozlik, merganlik, suvda suzish kabi mashqlarni puxta o‘rgatib, Ona-Vatanga, el-yurtga sadoqat ruhida buyuk ajdodlarimiz kabi imon-e’tiqodli qilib tarbiyalash barchamizning eng muhim vazifamizdir.

Alloh taolo mustaqil yurtimizni tinchlik va omonlikda, askaru zobitlarimizni O‘zining hifzu himoyasida saqlab, jannatmakon diyorimizni yomon ko‘zlardan va barcha ofatlardan asrasin!

 

O‘tkir Mahmudov

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi