NE’MATLARGA SHUKR QILISHNING ISLOMIY VA MA’NAVIY AHAMIYATI
3

Alloh taolo insonni son-sanoqsiz ne’matlar bilan siylagan. Sog‘liq, iymon, tinchlik, rizq, ilm, vaqt va oilaviy baxt — bularning barchasi buyuk ne’matlardandir. Ushbu ne’matlarning qadriga yetish va ular uchun shukr qilish mo‘min kishining asosiy burchlaridan biridir. Shukr nafaqat til bilan aytiladigan so‘z, balki qalb va amal bilan namoyon bo‘ladigan buyuk ibodatdir.
Shukr lug‘aviy jihatdan minnatdorlik bildirish degan ma’noni anglatadi. Islomda esa shukr — Alloh taolo bergan ne’matni tan olish, uni Alloh taolodan deb bilish va o‘sha ne’matni uning roziligi yo‘lida ishlatishdir.
Shukr uch qismdan iborat: 1) Qalb bilan shukr — ne’matlarni Allohdan deb e’tirof etish; 2) Til bilan shukr — hamd va minnatdorlik izhor etish;
3) Amal bilan shukr — ne’matlarni halol va foydali yo‘lda ishlatish.
Alloh taolo Qur’oni Karimda shukr qilishni ko‘p marotaba buyurgan:
“Agar shukr qilsangiz, albatta, sizlarga ne’matimni ziyoda qilurman.” (Ibrohim surasi, 7-oyat). Darhaqiqat agar banda Alloh taolo unga bergan ne’matlariga shukur qilar ekan. Alloh taolo uni darajasini ko‘taradi, hamda ne’matlarini ulug‘ qilib beradi. Yana bir oyatda: “Bas, Meni eslangiz, Men ham sizlarni eslayman. Menga shukr qilinglar va noshukr bo‘lmanglar.” (Baqara surasi, 152-oyat)
Payg‘ambarimiz Muhammad ﷺ shukrli bo‘lishga juda katta e’tibor berganlar. U zotning hayotlari to‘liq shukr va qanoat namunasi bo‘lgan.
Rasululloh ﷺ dedilar: “Kim odamlarga shukr qilmasa, Allohga ham shukr qilmagan bo‘ladi” (Imom Termiziy). Yana bir hadisda Rasululloh ﷺ dedilar: “Mo‘minning ishi ajablanarlidir. Uning har bir ishi yaxshilikdir. Agar unga yaxshilik yetsa, shukr qiladi — bu uning uchun yaxshidir. Agar musibat yetsa, sabr qiladi — bu ham uning uchun yaxshidir.” (Imom Muslim)
Rasululloh ﷺ kechalari oyoqlari shishguncha namoz o‘qirdilar. Oisha onamiz roziyallohu anho so‘raganlarida, Rasululloh ﷺ: “Shukr qiluvchi banda bo‘lmayinmi?” — deb javob berganlar (Imom Buxoriy va Muslim).
Rosulimiz ﷺ kechalari uxlamay ibodat qilar kunduzlari esa ro‘zador bo‘lar edilar, bizchi Rosulimiz ﷺning ummatimiz deya davo qilamiz lekin bu faqat tilda bo‘lib qolmayabdimi yoki amalda ko‘rsata olayabmizmi?, ko‘zimizni ochaylik.
Yana bir hadisda aytiladi: “Alloh bandaning yegan luqmasi va ichgan qatrasi uchun ham shukr aytishidan rozi bo‘ladi.” (Imom Muslim)
Shukr inson qalbida qanoat, hotirjamlik va ijobiy fikrni mustahkamlaydi. Shukrli inson hasad, norozilik va tushkunlikdan yiroq bo‘ladi. Jamiyat miqyosida esa shukr baraka, totuvlik va mehr-oqibatni kuchaytiradi. Shukr bor joyda isrof kamayadi, ne’matning qadri bilinadi.
Ne’matlarga shukr qilish uchun quyidagilarga amal qilish lozim:
1. Har bir holatda Allohga hamd aytish;
2. Halol rizq bilan qanoatlanish;
3. Ne’matlarni isrof qilmaslik;
4. Muhtoj va kambag‘allarga yordam berish;
5. Sabr va shukrni birga olib yurish.
Shukr — mo‘minning ziynati va hayot tarzidir. Ne’matlarga shukr qilgan banda Allohning muhabbatiga sazovor bo‘ladi va ne’matlari yanada ziyoda bo‘ladi. Har bir holatda shukr qilish iymonning kamol topishiga sabab bo‘ladi.
Norboyev Hafizullo Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi
