QUR’ON KALIMALARI SHARHI
4

Qur’oni Karimda Alloh taolo juda ko‘p o‘rinda narsalarni hayotimizda uchraydigan narsalar nomi bilan atagan, misol uchun jannat ne’matlari zikr qilinganda uzum, xurmo va zaytun shunga o‘xshash mevalar nomi bilan atalgan. Albatta jannatda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan nozu ne’matlar bor bu faqat insonlar tushunishi uchun, qiziqishlari yanada oshishi uchun aytilgan. Buning muqobilda insonlar zarracha miqdorida yaxshi yoki yomon amal qilsa mukofoti yoki jazosini olishi haqidagi oyatlar ham bor. Yana shunga qo‘shimcha ravishda Qur’oni Karimda xurmo danagida bo‘ladigan narsalarga o‘xshatib bir necha misollar bor. Keling shulardan ba’zilarini o‘rganib chiqamiz.
«NAQIYR»
Niso surasida Alloh taolo ikki o‘rinda «naqir» kalimasini zikr qilgan.
أم لهم نصيب من الملك فإذا لاّ يؤتون الناس نقيرا
(سورة النساء ٥٣)
Yoki ular mulkdan nasibadorlaru, shunday taqdirda undan odamlarga (zig‘ircha) ham bermaslarmi?
ومن يعمل من الصالحات من ذكر أو أنثى وهو مؤمن فأوْلئك يدخلون الجنة و لا يظلمون نقيرا
(سورة النساء ١٢٤)
Erkakmi, ayolmi — kim mumin bo‘lgan holida yaxshliklar qilsa, ana o‘shalar jannatga kirurlar va ularga (qilcha) ham zulm qilinmas.
Yuqoridagi oyatlarda «zig‘ircha» va «qilcha» deb tarjima qilingan so‘zlar oyatlardagi «naqiyr» kalimasini shularga yaqinroq manosidir.
Xo‘sh naqiyr aslida nima? Naqiyr, lug‘atda xurmo danagidagi kichkina ariqchaga shunday nom berilgan. Bu ariqcha danakning ozgina qismda o‘rin olgan bo‘lib aslida zig‘irdanda kichkina. Bu oyatdan shuni bilish mumkinki, Bir narsaga ega bo‘lib, insonlarga naqiyr miqdoricha ham bermasdan baxillik qilish qoralanmoqda.
Keyingi oyatda esa, mumin holida solih amal qilgan erkak yoki ayol jannatga kirishi va ularga naqiyrchalik yani judayam oz miqdorda bo‘lsa ham zulm qilinmasligini Alloh taolo aytib o‘tmoqda. Quyidagi naqiyrni surati
FATIYL
Keyingi kalima «fatiyl» kalimasi, bu Qur’oni Karimda uch o‘rinda zikr qilingan va bu oyatlar ma’nosi jihatdan bir xil. Shulardan Niso surasida ikki marta va Isro surasida bir marta keltirilgan. Biz Isro surasidagi oyatni keltirib o‘tamiz insha Alloh.
يوم ندعواْ كل أناس بإمامهم فمن أوتى كتابه بيمينه فأوْلئك يقرءون كتابهم ولا يظلمون فتيلا
(سورة الإسراء ٧١)
Biz barcha odamlarni o‘z imomlari ila chaqiradigan kunni (eslang) Kimga kitobi o‘ng tomonidan berilsa, bas, ana o‘shalar kitoblarini o‘qirlar va ularga (qilchalik) zulm qilinmas.
Bu oyatda fatiyl kalimasi «qilchalik» deb tarjima qilindi, buning lug‘aviy manosi «burilgan» «pilik» degan manolari bor. Xurmo danagidan o‘sib chiqadigan bir nishchaga aytiladi. U nishcha judayam kichkina bo‘ladi.
Bunda Qiyomat kunida bo‘ladigan holatni eslatmaqda, bas, u kunda kitob ya’ni namoyi a’mallarini o‘ ng yoki chap tomonidan oladiganlar bor, biz keltirgan oyatda o‘ng tomonidan oladiganlar zikr qilingan. Albatta bu kishilar juda baxtli kishilar bo‘ladi ularga fatiylcha ya’ni hech qanday zulm qilinmasligini Alloh taolo xabarini bermoqda. Alloh taolo bizlarni shu bandalaridan qilsin. Quyida rasmini keltirib o‘tamiz.
QITMIYR
Bizning oxirgi misolimiz «Qitmiyr» kalimasi Qur’oni Karimda bir marta zikr qilingan. Bu oyat Fotir surasi o‘n uchinchi oyatda zikr qilingan.
يولج اليل في النهار ويولج النهار في اليل وسخر الشمس والقمر كل يجرى لأجل مسمى ذالكم الله ربكم له الملك والذين تدعون من دونه ما يملكون من قطمير
(سورة فاطر ١٣)
U zot tunni kunduzga, kunduzni esa tunga aylantirb, quyosh va oyni bo‘ysindirib qo‘ygandir. Bas, ular tayin qilingan muddat uchun yuradilar. Bu butun mulk u uchun bo‘lgan Robbingiz Allohdir. Undan boshqa iltijo qilayotganlaring danak po‘stlog‘iga ham moliklik qila olmaslar.
Oyatda danak po‘stlog‘i deb tarjima qilingan kalima arab tilida «Qitmiyr» deyiladi, bu lug‘atda «xurmo danagidan ajralib turuvchi parda”. Umumiy ma’noda arzimagan narsa deganidir.
Alloh taolo butun kecha va kunduzni aylantirib, quyosh va oyni beminnat bizlarga xizmat qidirib, bo‘ysindirib qo‘ygan juda ulug‘ zotdir. Bu ishni boshqalar bir soniya ham qilolmaydi. Lekin ming afsuski, shunday ulug‘ zotni qo‘yib danakning chetidagi pardaga ham egalik qila olmaydigan darajada ojiz, xor va nozik bo‘lgan bularga, sanamlarga ibodat qiladilar. Oyatni sharhlasak maqolamiz cho‘zilib ketar ekan, shuning uchun shu gaplar bilan cheklanamiz insha Alloh keyingi maqolalarda batafsil ma’lumot berishga harakat qilamiz. «Qitmiyr»ni ham suratini ko‘rishingiz mumkin
Xato va kamchiliklar uchun uzr so‘raymiz. Nimadir manfaatli bo‘lgan bo‘lsa Allohga hamd aytamiz.
Foydalanilgan manbalar.
«Tafsiri Hilol» Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf.
«An-Naim Ul-Kabir »
Shopulatov Muhammadqodir
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus ta’lim muassasasi
3- bosqich talabasi
