VATAN – ENG MUQADDAS MAKON
21

Har bir insonning eng asosiy, eng muqaddas vazifasi — Vatanini sevish va unga hayotining so‘nggi daqiqalarigacha xizmat etishdir. Vatanga bo‘lgan muhabbat va hurmat hech bir narsa bilan o‘lchana olmaydi. Vatan — bebaho va beqiyos makon.
Bu muhabbat tarbiyasi eng avvalo oila bag‘ridan boshlanadi. Kichik bola uchun Vatan — ona quchog‘idir. Bolalar oilasini seva-seva Vatanini sevishni o‘rganadilar. Chunki oila muhiti Vatan muhitining asosidir. Silai rahm fazilati kamol topgan oiladan Vatanga xiyonat qiluvchi chiqmaydi. Oiladagi mehr-oqibat, birdamlik va fidokorlik tuyg‘usi Vatanga sadoqatning ildizidir.
Hazrati Ali ibn Abu Tolib (r.a.) dedilar: “O‘zingizga dushmanlik qilgan kishini avf etingiz, lekin Vataningizga, millatingizga, diningizga dushmanlik qilgan kishini kechirmangiz.”
Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.) esa ogohlantirdilar: “Bir millatda ishonchli kishilar ozaysa, dinini sotib, dunyo yig‘uvchilar ko‘paysa, u millat orasida fitna bolalaydi.”
Donishmanddan: “Qaysi millat afzal?” deb so‘ralganda, u ikki kaftiga tuproq olib: “Ikki hovuchimdagi tuproqning farqi yo‘q. Millatlar ham bir-biridan afzal emas, barchasi birodarlardir,” — degan. Demak, o‘z millatini sevish — fazilat, ammo boshqa millatni xorlash — illatdir.
Odamzod paydo bo‘lganidan beri dinsiz jamiyat yashamagan. Vatan, millat va din bir-biriga bog‘liq halqalardir. Biri xastalansa, ikkinchisi ham sog‘ qolmaydi. Din — haqiqatni ko‘rsatuvchi nur, insoniylikka yo‘lchiroq. Rasululloh ﷺ dedilar: “Din — go‘zal xulq.” Yana marhamat qildilar: “Kishilarga dindagi yengil va oson amallarni buyuring, ularni xotirjam qiling.”
Hazrati Abu Muso (r.a.) rivoyat qilgan hadisda: “Mo‘minlar bir-biriga yopishgan imorat kabidir,” — deyilgan. YA’ni, insonlar bir-birini suyagan, bir-biriga yelkadosh bo‘lgandagina jamiyat mustahkam bo‘ladi. Kuchlilar zaiflarni qo‘llab-quvvatlashi, barcha bir nafasda, bir maqsadda yashashi lozim.
Bugungi kunda ham millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va hamjihatlikni saqlash — Vatan tinchligi va xalq farovonligining asosidir. Milliy qadriyatlarimiz, an’analarimiz va do‘stlik rishtalari yurtimizning mustahkam binosiga aylanmog‘i shart.
Vatan — muqaddas. Millat — ardoqli. Din — nurli. Ularni asrab-avaylash va fidokorlik bilan xizmat qilish har birimiz uchun eng oliy burchdir.
Nilufar BERDIYEVA
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi
