Hasad va kibrning zararlari
7

Islomda inson qalbini isloh qilish eng muhim masalalardan hisoblanadi. Qalb kasalliklarining eng xavflilaridan ikkitasi – hasad va kibrdir. Bu ikki illat insonning iymoniga, axloqiga va jamiyatdagi munosabatlariga jiddiy zarar yetkazadi. Qur’on oyatlari va sahih hadislar bu illatlardan qattiq ogohlantiradi.
Hasad – boshqa insonga berilgan ne’matning yo‘qolishini istash yoki unga berilgan ne’matdan norozi bo‘lishdir. Bu his inson qalbini qoraytiradi va Allohning taqdiriga rozi bo‘lmaslikka olib keladi.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
أَمْ يَحْسُدُونَ النَّاسَ عَلَى مَا آَتَاهُمُ اللَّهُ مِنْ فَضْلِهِ
“Yoki (ular) Alloh O‘z fazlidan bergan ne’matlari uchun odamlarga hasad qilishadimi?”. (Niso surasi, 54-oyat)
- Bu oyat hasad Allohning taqsimotiga e’tiroz ekanini ko‘rsatadi.
- Hasad quyidagi salbiy oqibatlarga olib keladi:
- Qalbda adovat va nafrat paydo qiladi;
- Yaxshi amallarni yo‘qqa chiqaradi;
- Birodarlik rishtalarini uzadi;
- Insonni doimiy iztirobda qoldiradi.
عن أبي هريرة رضي الله عنه أن النبي صلى الله عليه وسلم قال: «إياكم والحسد، فإن الحسد يأكل الحسنات كما تأكل النار الحطب، أو قال: العشب». رواه أَبُو دَاوُدَ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Hasaddan saqlaninglar! Albatta, hasad yaxshiliklarni olov o‘tinni yeb bitirganidek yo‘q qiladi”. (Abu Dovud rivoyati)
Kibr – o‘zini boshqalardan ustun ko‘rish, haqni inkor qilish va odamlarni mensimaslikdir. Bu illat Iblisni la’natga uchratgan asosiy sabab bo‘lgan.
عَنْ عبدالله بْنِ مَسْعُودٍ رضي الله عنه، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَا يَدْخُلُ الْجَنَّةَ مَنْ كَانَ فِي قَلْبِهِ مِثْقَالُ ذَرَّةٍ مِنْ كِبْرٍ« رواه مسلم
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Kimning qalbida zarracha kibr bo‘lsa, u jannatga kirmaydi”. (Имом Muslim rivoyati)
Bu hadis kibrning naqadar xavfli ekanini ochiq ko‘rsatmoqda.
Kibr insonni quyidagi halokatlarga yetaklaydi:
- Haqni qabul qilmaslik;
- Odamlarga past nazar bilan qarash;
- Iymonning zaiflashishi;
- Allohning g‘azabiga duchor bo‘lish.
Alloh taolo aytadi:
إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْتَكْبِرِينَ
“Albatta, U mutakabbirlarni sevmagay”. (Nahl surasi, 23-oyat)
Islom dini bu illatlardan saqlanish uchun quyidagilarni tavsiya qiladi:
- Allohning taqdiriga rozi bo‘lish;
- Kamtarlikni odat qilish;
- O‘z ayblarini ko‘proq eslash;
- Boshqalarning haqqiga duo qilish;
- Qalbni zikr va ibodat bilan poklash.
Xulosa qilib aytganda hasad va kibr qalbni vayron qiluvchi, insonni Allohdan uzoqlashtiruvchi xavfli illatlardir. Qur’on va hadislar mo‘minlarni bu kasalliklardan poklanib, pok qalb va go‘zal axloq bilan yashashga chorlaydi. Chunki sog‘lom qalb – najot kalitidir.
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi OMON QODIROV
