Image processed by CodeCarvings Piczard ### FREE Community Edition ### on 2018-05-16 07:52:22Z | | ']6<Z

Nafsni poklash islom shariati maqsad qilgan vazifalarning eng asosiysidir. Inson umri davomida yomonlik, yomon ishlarni qilishi jamiyatga nisbatan jinoyat hisoblanadi. Shuning uchun Qur’onda o‘z nafsini isloh qiluvchilarga yaratilganining mag‘firat va rizoligi va’da qilingan:

فَمَن تَابَ مِنۢ بَعۡدِ ظُلۡمِهِۦ وَأَصۡلَحَ فَإِنَّ ٱللَّهَ یَتُوبُ عَلَیۡهِۚ إِنَّ ٱللَّهَ غَفُور رَّحِیمٌ

“Kimki (bu) zulmidan keyin tavba qilsa va (o‘zini) tuzatsa, albatta, Alloh uning tavbasini qabul etadi. Albatta, Alloh mag‘firatli va marhamatli zotdir” (Moida, 39).

Shuningdek, har bir insonga, o‘z nafsini isloh qilsa, u oxiratda najot topishiga ishora qilib, shunday deyiladi:

یَـٰبَنِیۤ ءَادَمَ إِمَّا یَأۡتِیَنَّكُمۡ رُسُل منكُمۡ یَقُصُّونَ عَلَیۡكُمۡ ءَایَـٰتِی فَمَنِ ٱتَّقَىٰ وَأَصۡلَحَ فَلَا خَوۡفٌ عَلَیۡهِمۡ وَلَا هُمۡ یَحۡزَنُونَ

“Ey, Odam avlodi! Agar sizlarga o‘zingizdan (inson zotidan) bo‘lgan payg‘ambarlar Mening oyatlarimni sizlarga o‘qigan holda kelsalar, (bilib qo‘yingki) kimki taqvoli bo‘lib, (o‘zini) tuzatsa, u (kabi)larga (oxiratda) xavf yo‘q va ular tashvish ham chekmagaylar” (A’rof, 35).

Xusayn Voiz Qoshifiyning mazkur masaladagi qarashlari quyidagicha berilgan: “Pokizalik deyishdan murоd barcha harom narsalardan, xususan, harom shahvatdan qochishdir.” Bu hislat ulug‘ odatlardan hisoblanadi.

Ulug’larning aytishlaricha, Alloh aqlni farishtalarda yaratdi. Lekin ularda shahvat yaratmadi. Hayvonlarda shahvatni yaratdi, lekin, aqlni yaratmadi. Insonda aqlni ham shahvatni ham yaratdi. Kimni aqli shahvatidan ustun bo’lsa, u farishtalarga qo’shiladi, balki, farishtalardan ham afzalroq bo’ladi. Kimni shahvati aqlidan ustun kelsa, u hayvonlarga qo’shiladi, balki, hayvonlardan ham pastroq darajada bo’ladi.

Demak, inson aqlini doim shahvatidan ustun qo’yishi lozim. Aql shahvatdan ustun bo’lsa, insonni eng avvalo, Allohga iymon keltirishga, qilgan gunohlariga tavba qilishga, Allohni buyruqlarini bajarishga, nafsini poklashga buyuradi.

Odatda nafsni isloh qilish noto’g‘ri ishlar qilingandan yoki noto’g‘ri yo‘ldan qaytgandan so‘ng uni tarbiyalashda namоyon bo‘ladi. Shu bilan birga, nafsni isloh qilish ma’naviy yuksalish omillaridan biridir. Imom G’azzoliy boshqalardagi turli nuqson va kamchiliklarni tuzatishdan oldin, inson o‘zi hamda o‘z nafsini isloh qilishga targ‘ib qilgan.

Nafsni isloh qilish odamlarga yaxshilik qilish va ularni yaxshilikka chorlashning boshlanishi desak, mubolaga bo‘lmaydi. Shu sababli yunon hakimlaridan biri “Kim o‘zini isloh qilsa, odamlarni o‘ziga ergashtiradi”, degan.

 

Muhammad Mirmaxamatov

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi