ILM – INSONNI YUKSAKLIKKA KO‘TARUVCHI NUR

9

Autumn dawn in forest

Ilm insoniyatni zulmatdan nurga olib chiquvchi eng buyuk ne’matlardan biridir. Insonning qadr-qimmati, jamiyatning taraqqiyoti va madaniyatning rivoji ilmga bog‘liq. Alloh taolo Qur’onda ilmlilarning martabasini ulug‘lab shunday marhamat qiladi : «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar barobar bo‘ladilarmi?», yoki boshqa oyatda : «Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilmga berilganlarning darajalarini ko‘tarur».

Abu Dardo raziyallohu anhu Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan quyidagilarni eshitdim dedilar. Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: «Kim ilm yo‘lini tutsa, Alloh uni jannat yo‘liga yo‘llab qo‘yadi. Albatta, farishtalar ilm talabidagi kishiga rozi bo‘lib, qanotlarini yozib turadilar. Darhaqiqat, olim kishi uchun yer – osmondagi mavjudotlar va hattoki suvdagi baliqlar ham istig‘for aytadilar. Albatta olimning obidga nisbatan fazilati to‘lin oyning yulduzlarga ko‘ra fazliga o‘xshaydi. Darhaqiqat, ulamolar payg‘ambarlarning merosxo‘ridir. Payg‘ambarlar dinor va dirhamlarni meros qoldirmadilar, ular faqatgina ilmni meros qoldirganlar. Kimki uni olsa, to‘liq nasiba olibdi» – dedilar.

 Abu Umama al-Bahili roziyallohu anhu rivoyatiga ko‘ra: Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga ikki odam haqida zikr qilindi. Ulardan biri oddiy ahli ibodat, ikkinchisi esa ilm o‘rganuvchi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Olimning ibodatgoʻydan ustunligi — Mening sizlardan eng past martabali odamdan ustidagi ustunligimga o‘xshashdir. Alloh, Uning farishtalari, osmon va yer maxluqotlari — hatto teshigida yashovchi chumolilardan tortib, suvdagi baliqlargacha yaxshilik o‘rgatuvchi kishi uchun salavot (duo, baraka) aytadilar.” Termiziy rivoyati

Ulamolarimiz ilm yo‘lida zarur bo‘lgan odoblar haqida juda ko‘p nasihatlar qilganlar. Shularning “Shur’at ul-islom” kitobida  quyidagilar keltiriladi:

“Ilmni har Dushanba, Payshanba va Juma kunlari talab qilishlik sunnatdandir, chunki ana shu kunlarda ilm olish oson boʻladi. Va yana unga garchi bir harf boʻlsa ham yaxshilikni oʻrgatgan kishiga kamtar (hokisor) boʻlmoqligi, unga xushmuomala boʻlishiligi va uni haqqiga sir va oshkora duo qilishligi, uni xizmatini qilishi va yordamlashishi ham (sunnatdandir).

Darhaqiqat Paygʻambar alayhissalom aytdilar: “Kim bir bandaga Alloh taoloning kitobidan bir oyatni oʻrgatsa, bas u oʻsha bandaning xoʻjayinidir, va uni yordamsiz tashlab qoʻyishligi va boshqasini undan ustun koʻrishi joiz boʻlmaydi. Agar kim shunday qilsa, islom rishtalaridan bir rishtani uzibti”- dedilar.!!!

Dinda muboh sanalgan ishlarga ustoz buyursa unga xilof qilmaydi, mana shu ishlarning barchasida ustozi xursand bo‘ladigan ishlarni qidirib yuradi, ustozining haqqini ota-onasining haqqidan va barcha musulmonlarning haqqidan ham ustun qo‘yadi, oʻz molidan biror narsani ustozidan ayamaydi, ustozining toyilish xatolarini titkilab yurmaydi, ba’zi ustozdan eshitgan xato nuqsonlarni eng chiroyli taʼvilga haml qiladi.

Yana ilm eshitishlikda gʻazabini yutmoqlik va ilmga hazil aralashtirmaslik ham sunnatdan hisoblanadi. Agar ilmga hazil aralashtirilsa qalbi u ilmni yomon ko‘rib qoladi. Ilm olish asnosida kulmasligi va o‘ynamasligi ham sunnatdandir. Agar shunday qilsa qalbi oʻlib boradi. Ilm borasida tortishib janjal qilmaydi, agar shunday qiladigan bo‘lsa zalolat eshigini qoqqan bo‘ladi.”

Shuningdek, tolibi ilm har doim oliy himmat boʻlishi kerak. Zero, oliyhimmat inson ba’zi ilmlarni bilmay qolishni o‘ziga or sanab, unga insonlar oldida aybini ochib qo‘yadigan holat deb qaraydi. Himmati past kishiga insonlarning ta’nayu dashnomlarining mutlaqo ahamiyati yo‘q, bunga parvo ham qilmaydi, har qanday savol berilishidan qo‘rqmaydi ham. Chunki u bilmasligini aytishdan tortinmaydi. Oliyhimmmat kishi esa buni ko‘tara olmaydi. Zero, oliyhimmat kishiga ilm o‘rganish yo‘lida toliqish tom ma’noda rohat bag‘ishlaydi. Himmati past kishiga ilm olish, aql ishlatish rohat emas, mashaqqat va charchoq keltiradi. Dunyo eng oliy daraja, yuksak martaba uchun musobaqalashadigan joydir. Shuning uchun oliyhimmmat kishi katta muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishda qusurga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Uning maqsadi — g‘olib bo‘lish! Agar mabodo shuncha harakat qilishiga qaramay, oti toyisa ham aqldan ozmaydi, malomat qilinmaydi.

Ana shu haqiqatni arab tili allomasi, peshvosi Abulqosim Zamaxshariy ulamolarning kechalarni bedor o‘tkazib, ilm bilan mashg‘ul bo‘lishdan qanday rohat topganlarini tasvirlab, nihoyatda go‘zal she’riy satrlar orqali bayon etadi:

Ilm tartibida uyqudan kechmoq,

Har qanday lazzatdan azizu afzal.

Tun aro mushkul bir masala yechmoq,

Soqiy sharobidan ustun har mahal.

 

Qalam qitirlashi bir ajib kuydir,

Oshiq shivirlashi unga yetolmas.

Dars o‘yi dunyoda munavvar o‘ydir,

O‘yki, dunyosidan chiqmas, ketolmas.

 

Bu baxtga orzu-la bo‘lmaydi yetib,

Bu baxtning yo‘lida xayollar abas.

Bu baxt topilmaydi uyquga ketib,

Bu baxtning badali — bedor bo‘lish, bas!

 

Ilm — insonni jaholat zulmatidan hidoyat nuriga yetaklaydigan, uning qalbini tiriltirib, martabasini yuksaltiradigan eng buyuk ne’matdir. Ilm orqali inson nafaqat o‘zini, balki jamiyatni ham obod qiladi, dunyo va oxirat saodatiga erishadi. Qur’on va sunnatda ilmning fazilati, olimlarning maqomi yuksak darajada ulug‘langani bejiz emas.

Xulosa qilib aytganda, ilmga ixlos bilan intilish, uning yo‘lida mashaqqatdan qo‘rqmaslik va unga amal qilish insonni chin kamolotga yetkazadi. Ana shunday ilmgina insonni yuksaltiruvchi nur, hayotini ma’noli va barakali qiluvchi bebaho xazina bo‘lib qoladi.

 

Zokirov Izzatulloh Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi