YAXSHI SO‘Z
15

Oila va jamiyat muhitidagi muammoli vaziyatlarning aksariyati bir kishining o‘ylamasdan, fikr qilmasdan aytgan yomon so‘zlaridan kelib chiqadi.
Yaxshi so‘z muvaffaqiyatning kalitidir. Shuning uchun olimlar, tarbiyachilar, murabbiylar unga amal qilib, boshqalarga yaxshi gapirish va yumshoq muomala qilishga da’vat qiladilar. Yaxshi, muloyim gapirish insonni atrofidagi insonlar orasida suyukli insonga aylantiradi va ishlarinnig yurishishiga sabab bo‘ladi. Ko’p do‘stlar orttirish natijasida hayotda yordamchilari ham ko‘p bo‘ladi.
Shuning uchun Alloh yaxshi so‘zga da’vat qiladi:
وَقُل لِّعِبَادِی یَقُولُوا۟ ٱلَّتِی هِیَ أَحۡسَنُۚ إِنَّ ٱلشَّیۡطَـٰنَ یَنزَغُ بَینَهُمۡۚ إِنَّ ٱلشَّیطَـٰنَ كَانَ لِلۡإِنسَـٰنِ عَدُوّا مُّبِینا
“Bandalarimga ayting (shirk ahliga) go‘zal (so‘zlardan) so‘zlasinlar. Zero, shayton ularning o‘rtalarida buzg‘unchilik qilur. Darhaqiqat, shayton insonga aniq dushmandir” (Isro, 53).
Alloh bu oyatda mo‘minlarga hatto, kofirlarga ham yaxshi so‘zlar aytishini ta’kidlamoqda. Demak, musulmonlarga yaxshi so’zlarni aytish batariqa a’lo muhim hisoblanadi. Aks holda, shayton ularning orasini buzadi va janjalu xusumatlar keltiradi.
Boshqa o‘rinda Alloh shunday deydi:
وَقُولُوا۟ لِلنَّاسِ حُسۡنا
“Odamlarga shirinso‘z bo‘ling” (Baqara, 83).
Alloh taolo Qur’oni karimda insonlarni o‘zaro bir-birlari bilan ohista ohangda, past ovozda muomala qilishga buyuradi. Chunki bu yaxshi so‘zning alomati hisoblanadi.
Alloh baland ovozdan nafratlantirish uchun uni eshakning hangrashiga o‘xshatdi:
وَٱقۡصِدۡ فِی مَشۡیِكَ وَٱغۡضُضۡ مِن صَوۡتِكَۚ إِنَّ أَنكَرَ ٱلۡأَصۡوَ ٰتِ لَصَوۡتُ ٱلۡحَمِیرِ
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon, 19).
Alloh insonlar bilan muomalada va ular bilan gaplashganda ochiq yuzlilik va muloyimlikka da’vat qiladi, ularga qo‘pol muomala qilishdan qaytaradi. O’z habibi Muhammad (alayhis-salom)ga xitob qilib aytadiki:
فَبِمَا رَحۡمَة مِّنَ ٱللَّهِ لِنتَ لَهُمۡۖ وَلَوۡ كُنتَ فَظًّا غَلِیظَ ٱلۡقَلۡبِ لَٱنفَضُّوا۟ مِنۡ حَوۡلِكَۖ
“Allohning rahmati sababli (Siz, ey, Muhammad) ularga (sahobalarga) muloyimlik qildingiz. Agar dag’al va toshbag‘ir bo‘lganingizda, albatta, (ular) atrofingizdan tarqalib ketgan bo‘lur edilar” (Oli Imron, 159).
Ma’nosi: Ey Muhammad (alayhis-salom), Allohning sizga tushirgan rahmati tufayli siz qavmingiz bilan yumshoq muomalada bo‘lyapsiz. Agar yomon axloqli, gap va ishlaringizda qo‘pol bo‘lganingizda qavmingiz sizdan qochib uzoqlashib ketardi. Bu mo‘minlarga o’rnak bo‘lib, yaxshi muomala va yaxshi so‘z payg‘ambarlar (alayhis-salom) va ummat boshliqlarining eng zarur fazilatlari ekanini bayon qilmoqda.
Bu insonlar muomalasidagi Qur’oniy odobdir. Ko‘rib turganimizdek, bu dunyoda saodat va tinchlikni istayotgan har bir jamiyatga yaxshi so‘z va go‘zal muomala zarurdir.
Muhammad Mirmaxamatov
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
