KORRUPSIYA-JAMIYAT INQIROZINING SABABI
21

Insoniyat yaratilibdiki rivojlanish, taraqqiyot uchun doimo intilib yashaydi.Insonning fitratida yaxshilikka moyillik bo‘lib, shu moyillik tarbiya sababidan kuchayib buning natijasida insoniyatga turli yaxshiliklar va yengilliklar qilishga intiladi. Shunday insonlar sababidan jamiyat taraqqiy etib boradi. Lekin shu bilan birga jamiyatni orqaga tortadigan, rivojlanishdan to‘sadigan ba’zi omillar bor. Shunday omillardan biri bugungi kunning dolzarb muammosi bu korrupsiyadir.
Korrupsiya-mansab va vakolatni shaxsiy manfaat yo‘lida suistemol qilishdir. Islom dinida poraxo‘rlik qat’iy man etilgan bo‘lib, u jamiyatning adolat tizimini yemiradigan eng xavfli illatlardan biridir. Bugungi globallashuv jarayonida ko‘pgina davlatlar iqtisodiy, ma’naviy va ijtimoiy rivojiga to‘siq bo‘lib qolmoqda. Alloh taolo Qur’oni Karimda Baqara surasining 188-oyatida: “Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang. Bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini yeyishingiz uchun hokimlarga gunohkorona tashlamang” deb pora berishni gunoh ekanligini bayon qilmoqda. Ko‘rinib turibdiki pora berish gunoh ekan, endi pora olish va unga vositachilik qilish naqadar jirkanch,harom ish ekanligi bilishimiz mumkin. Bir hadisda Rаsululloh sollallohu alayhi vasallam “Bironta hukmda pora beruvchini ham, pora oluvchini ham Alloh la’natlasin” dedilar. Poraxo‘rlik sababidan jamiyatda bir qancha yomon oqibatlar kelib chiqadi. Shulardan:
Adolat tizimini buzadi,
Iqtisodiy tanazzulga sabab bo‘ladi.
Ma’naviy buzuqlikka olib boradi,
Tashkiliy tizimning ishdan chiqishiga olib keladi.
Agar jamiyatda yuqorida aytilgan holatlar yuz bersa davlat va jamiyat taraqqiyotdan orqada qolib natijada rivojlangan davlatlarga qaram bo‘lib qoladi, zero iqtisodiy qaramlik siyosiy qaramlikni keltirib chiqaradi. Shuning uchun musulmon inson bir mas’uliyatli ishga qo‘yilsa xiyonat qilmasligi, xalqini ishonchini suistemol qilmasligi zarur. Shuning uchun dunyo va oxiratda saodatga erishishi uchun doim uni Alloh kuzatib turganini his qilib qo‘yilgan vazifasida sidqidildan xizmat qilmoqligi kerak. Shunda jamiyatimiz ravnaq topib boradi. Buning uchun hamma bir tanu-bir jon bo‘lib harakat qilmog‘i, loqayd bo‘lmasligi, birovning haqqini nohaq yeyishdan hazar qilmog‘i kerak.
Muzaffar Qosimov, “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari
