DIN NIQOBIDAGI IG‘VOGA ILMIY JAVOB
59

So‘nggi yillarda jonajon Vatanimiz – O‘zbekistonda barcha sohalar qatori diniy-ma’rifiy yo‘nalishda ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu o‘zgarishlar xalqimiz qalbida shukronalik va quvonch uyg‘otmoqda. Ayniqsa, yot diniy g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan, ammo xatosini anglab yetgan ko‘plab shaxslarning jamiyatga qayta moslashuvi uchun yaratilgan imkoniyatlar buning yaqqol misolidir. Shuningdek, ajdodlarimizdan qolgan boy ilmiy-ma’naviy merosni o‘rganish va uni yosh avlod ongiga singdirish maqsadida respublikamizning turli hududlarida aqida, hadis va tasavvuf maktablari tashkil etildi. Bu ishlar xalqimiz ma’naviy hayotini yanada yuksaltirishga xizmat qilmoqda.
Biroq yurtimizda amalga oshirilayotgan bunday ijobiy o‘zgarishlarni ko‘ra olmayotgan ayrim g‘arazli shaxslar va guruhlar ham yo‘q emas. Ular turli bo‘hton va ig‘volar orqali jamiyatda beqarorlik keltirib chiqarishga, oddiy xalqni davlatga qarshi qayrashga urinishmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar bu kabi g‘oyalarni tarqatishda vosita sifatida qo‘llanilmoqda.
Marhum shayx Ramazon Butiy hazratlari o‘zlarining “Islomda jihod: uni qanday tushunamiz va unga qanday amal qilamiz?” nomli asarida bu masalaga atroflicha to‘xtalib o‘tadilar. U kishining ta’kidlashlaricha:
“Musulmon ulamolarining ijmosiga ko‘ra, hokimga qarshi chiqib u bilan urush qilish, garchi u zolim yoki fosiq bo‘lsa ham, haromdir. Ahli sunna ulamolari sulton fosiqligi sababli lavozimidan chetlatilmasligiga ittifoq qilganlar. Chunki bunday harakatlar fitna, qon to‘kilishi va jamiyatda beqarorlikka olib keladi. Buning zarari hokimning zulmidan ko‘ra ham og‘irroq bo‘ladi.”
Demak, davlat rahbarining zolimligi unga qarshi bosh ko‘tarish uchun shariatda asos bo‘la olmaydi. Bunday holatda sabr qilish, fitnadan saqlanish va hokimning haqqiga insof va adolat so‘rab duo qilish islom ta’limotiga mos yo‘l hisoblanadi. Shu bois, hokim zolim bo‘lsa ham, unga itoat qilish vojibligi saqlanib qoladi.
Muzaffar Qosimov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi
ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha mudir o’rinbosari
