JUDA KATTA BO’LGANI SABAB, TAROZIGA SOLINMAYDIGAN AMALLAR…
36

Islom ta’limotida insonni komillikka yetaklaydigan amallar ko’p. Lekin ba’zi amallar shunchalik ulug’ va beqiyoski, ularning savobi tarozida o’lchanmaydi. Ularning orasida sabr, avf (kechirim) va ro’za alohida o’rin tutadi. Bu amallar insonning nafsiga qarshi kurashini, ruhiy poklanishini va jamiyatdagi tinchlikni ta’minlaydi.
Sabr bu qiyinchilikka bardosh berish, nafsni tiyish va Allohning hukmiga rozi bo’lishdir. Sabr – insonni ruhiy jihatdan mustahkamlaydi, qiyinchilikda umid va irodani saqlaydi hamda ijtimoiy hayotda barqarorlikka xizmat qiladi. Uning savobi chegaralanmagan. Qur’oni karimda sabr haqida Alloh taolo shunday deydi:
“Albatta sabr qiluvchilarga hisobsiz ajr beriladi” (Zumar surasi, 10-oyat).
Avf esa insonlarning xatolarini kechirish, adovatdan voz kechish hisoblanadi. Uning ham savobi chegaralanmagan. Qur’oni karimda avf to’g’risida Alloh taolo aytadi:
“Kechiring va afv eting. Albatta Alloh kechirimli va rahmdildir” (Tag’obun surasi, 14-oyat).
Ya’ni, Avf qilish jamiyatda mehr-oqibat va birodarlikni mustahkamlaydi. Inson qalbini kina va adovatdan poklaydi. Kechirimlilik Allohning sifatlaridan biri bo’lib, bandaga ulug’lik olib keladi.
Ro’za – nafsni tarbiyalovchi ibodat hisoblanadi. Ro’za muayyan vaqtda emish-ichimlikdan va shahvoniy xohishlardan tiyilishdir. Hadisi qudsiyda keltirilishicha, “Alloh taolo aytadi: “Har bir odam bolasining amali o’zi uchundir. Faqat ro’za Men uchundir, uni o’zim mukofotlayman””.
Qur’oni karimda “Ey mo’minlar! Sizlarga ro’za farz qilindi, shoyadki taqvodor bo’lsangiz” (Baqara surasi, 183-oyat).
Avf – insonni taqvoga etaklaydi, niyat va qalbni poklaydi, sabr va irodani mustahkamlaydi. Jamiyatda hamdardlik va tenglik tuyg’usini kuchaytiradi.
Sabr, avf va ro’za — juda katta amallar bo’lib, ularning savobi tarozida o’lchanmaydi. Chunki ular insonning nafsiga qarshi kurashini, ruhiy poklanishini va jamiyatda tinchlikni ta’minlaydi. Bu amallar orqali inson Allohga yaqinlashadi, qalbi nurlanadi va hayoti ma’naviy jihatdan boyiydi.
Nilufar Berdieva
Xoja Buxoriy islom ta’lim muasasasi
