KORRUPSIYA TARAQQIYOT KUSHANDASIDIR..!

36

 

 “Korrupsiya bilan hech qachon

maqsadimizga erisha olmaymiz”

SH.M.Mirziyoyev

Korrupsiya — mansabdor shaxslarning, davlat xizmatchilarining o‘z xizmat vazifalarini suiiste’mol qilishlari, mansab vakolatidan qasddan foydalanib, jinoyat olami vakillariga vositachilik qilishlaridir. Korrupsiya muammolari bilan shug‘ullanuvchi “Transparency International” tashkilotining ma’lumotlarga ko‘ra, ayni damda dunyoda ko‘plab jinoyatlarga sabab bo‘layotgan nafs balosi, ya’ni korrupsiya va poraxo‘rlik natijasida yiliga bir trillion dollardan ortiq mablag‘ o‘zlashtirilar ekan. Shu bois korrupsiya va poraxo‘rlikni hech ikkilanmay “taraqqiyot kushandasi” deb atash mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkilotining oldida turgan eng global muammolardan biri sanalgan korrupsiyaga qarshi kurashning davlatlar o‘rtasida muvofiqlashtirilgan dasturlari va boshqa huquqiy meyorlari ishlab chiqilgan.

O‘zbekistonda mazkur illatning kelib chiqish sabablarini aniqlash, ularni bartaraf etish hamda oldini olish borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilib, bu kabi jinoyatchilikka nisbatan qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Hukumatimiz tomonidan davlat xizmatchilari va mansabdor shaxslarning korrupsiya domiga tushib qolmasliklarini ta’minlash, ularning beboshligiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ishlab chiqilgan bir qator uzoq muddatli chora-tadbirlarning ijrosi doimiy nazoratga olingan. Bu esa o‘z navbatida jinoyatchilikka qarshi kurash strategiyamizni belgilab beradi. Biroq jamiyat rivojiga xavf soluvchi korrupsiyaning oldini olish, unga qarshi kurashish Yer yuzidagi barcha davlatlarda hamisha va hamma zamonda davom etgan.

Alloh taoloning kalomi Qur’oni karimda poraxo‘rlik bevosita taqiqlanadi: “Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang. Bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini yeyishingiz uchun uni hokimlarga gunohkorona tashlamang” (Baqara surasi, 188).

Abu Nasr Forobiy “Fozil odamlar shahri” asarida fuqarolik jamiyatini qurishda to‘g‘anoq bo‘ladigan muammolardan biri korrupsiyadir, deb qayd etgan. Bozor iqtisodiyoti tizimi kushandasi, davlatlar o‘rtasida ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik, biznes hamda investitsiya rivojida shafqatsiz to‘siq ham ayni shu korrupsiya hisoblanadi.

Eng avvalo, korrupsiyaga qarshi kurashishni oiladan boshlash darkor. Bu borada ayollarning roli katta, deb hisoblaymiz. Agar o‘g‘rilik yoki pora hisobiga kelgan luqmaning tag-ildizini ayollarimiz surishtirib bilsa, ochiq fikrini aytolsa, erlar halol rizqni izlashga tushib, ishi va oilasida fayz-baraka, sokinlik hamda xotirjamlik qaror topishi, shubhasiz.

Xulosa o‘rnida, korrupsiya — taraqqiyot kushandasi, xavfsizlikka tahdid tug‘diruvchi xavfli jinoyat. Bu illatga qarshi kurashish tegishli organlarninggina emas, barchaning ishi bo‘lishi zarur. Shundagina biz ushbu xavfni bartaraf etgan bo‘lamiz.  

  

Muzaffar Qosimov,

“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom

ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy

ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari