ISROF MODDIY VA MA’NAVIY ZARARDIR

48

Isrofning asl mohiyati haqida bir mulohaza qilib olsak foydadan holi bo‘lmaydi. Isrof so‘zi asli arabcha bo‘lib, hisobsiz tarzda ishlatish, haddidan oshish kabi ma’nolarni anglatadi. Isrofga yo‘l qo‘ygan kishi ne’matlarni o‘rniga sarflamagan va hojatdan tashqari ishlatgan bo‘ladi. Bizning o‘zbek tilimizda uvol qilish, ne’matni qadrlamaslik degan ma’nolarga o‘girib ishlatsak to‘g‘riroq bo‘ladi.

Alloh taolo insonlarni turli millat va elat shaklida yaratib, ularni yer yuzini makon tutib, undagi ne’matlardan foydalanib hayot kechirishga buyurdi. Yana bandalariga behisob ne’matlarni ato etib qo‘ydiki, bularni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Alloh taoloning O‘zi bu haqda Qur’oni karimning (Ibrohim surasini 34-oyati)da shunday marhamat qiladi: “Shuningdek, sizlarga barcha so‘ragan narsalaringizdan ato etdi. Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz. Haqiqatan, inson (o‘ziga) o‘ta zolim va (Rabbiga) juda noshukrdir”. Alloh bandalariga ular so‘ragan mol – dunyo, farzand, sihat – salomatlik, rohat- farog‘at kabi ko‘plab ne’matlardan ham beradi. Alloh taoloning insonlarga ato etgan ne’matlarini zamon ham, makon ham, sanoq ham qamrab ola bilmaydi. Xo‘sh qanday qilib ularni ma’lum zamonda, ma’lum makonda yashaydigan, ma’lum ilmga ega odamlar sanay oladi? Shunday bo‘lgach, barcha insonlar bu behisob ne’matlar uchun har doim hisobsiz shukrlar aytishlari kerak edi.

Ammo insonlarga shuncha ne’matlarini ato etib qo‘ygan Alloh taolo ularni bu ne’matlardan oqilona foydalanishga, tejab-tergab ishlatishga, aslo isrofga yo‘l qo‘ymaslikka chaqiradi. Isrof dinimizda qattiq qoralangan. Qur’oni karimda isrofning zarari, isrofgarning mazammati haqida bir necha oyati karimalar bor. Alloh taolo  bu haqda Qur’oni karimning (A’rof surasini 31-oyat)da  shunday marhamat qiladi: “…Shuningdek, yeb-ichingiz, (lekin) isrof qilmangiz! Zero, U isrof qiluvchilarni sevmas”. Ushbu oyatdan ma’lum bo‘lib turibdiki isrofgarni Alloh sevmas degani ertangi kunda hisob so‘raladi deganidir. Agarda hisob bera olmasa azoblanadi deganidir, demak ne’mat o‘ziniki ekan hisob so‘rashga mutlaqo haqqi bor.

Ota-bobolarimiz qadimdan isrofga misol qilib, ko‘zimizga ilmagan ushoqni ham yig‘ilsa, butun non bo‘ladi deb ogohlantirgan. Nafaqat non misol bo‘ladi, balki kiyim-kechak, minadigan narsalar yoki yashaydigan narsalar ham misol bo‘la oladi. Bu narsalarda ham isrof bo‘lmasligi kerak. Ota-bobolarimiz har bir narsani xususan, nonni e’zozlashga, uni isrof qilmaslikka chaqirib kelganlar, bir dona uvoqni ham terib yeyish kerak deya tarbiya berganlar. Nonning uvog‘i yoki bir burda non ham aslida butun nonning kichkina bo‘lak qismi hisoblanadi. Isrofgarchilik nafaqat gunoh, balki uning naqd zararlaridan biri insonga qashshoqlikni ham olib keladi. Qashshoqlik nafaqat moddiy, balki  ma’naviy qashshoqlikni ham olib keladi. Masalan, siz tanigan odamingiz isrofgar bo‘lishiga qaramasdan boy bo‘lsa, uning oilasida hal qilib bo‘lmaydigan muammolar mavjud bo‘lib uning iloji yo‘qligini o‘zi ham biladi. Ushbu so‘zlarimizni dalili sifatida Payg‘ambarimiz (s.a.v)ning: “Yenglar, ichinglar, sadaqa qilinglar, ammo isrofgarchilik va faxrga o‘tmanglar, kim hayotda tejamkor bo‘lsa, zinhor qashshoqlik ko‘rmaydi”, degan hadislarini misol qilib keltiramiz. Lekin taassuflar bo‘lsinki, bugungi kunga kelib aksariyat hollarda isrofdan saqlanishga e’tibor bermaymiz, isrofgarga aylanib qolayotganimizni sezmaymiz. Xonadonlarimizda ortib qolgan taom yoki boshqa ozuqaviy mahsulotlar tashlab yuborilmoqda. Bugunlik kunda axlat uyumlari orasida non ham paydo bo‘lgani ayniqsa, achinarli holdir. To‘ylar, bayramlar, tantanalar va boshqa marosimlardagi isrofgarchiliklar haqida gapirmasa ham bo‘ladi.

Yeyishga yaroqli qancha ne’matlar uvol bo‘lib ketadi. Borgan sari to‘y hashamlarimiz dabdabali tus olib boryapti, kundan-kunga yangi-yangi turdagi tantana va marosimlar, yangi-yangi turdagi isrofli, dabdabali odatlar paydo bo‘lmoqda. Bir umr topgan-tutganlarimizni sog‘ligimizni tiklashga emas, moddiy ta’minotimizni yaxshilashga emas balki, dabdabali to‘y va boshqa marosimlarni o‘tkazishga sarflaydigan bo‘lib qoldik. Undan ko‘ra o‘sha marosimlarimizni biroz qisqartirsak, biroz ixchamlashtirsak o‘zimizga yaxshi emasmi? Bahonada qancha-qancha mablag‘ tejalar edi. Ozgina sog‘ligimizni tiklashga, farzandlarimizni esa ilm-odob olish yo‘liga tuzukroq e’tibor qaratishga qo‘limizda imkoniyat paydo bo‘lardi. Eng achinarlisi ehson qilamiz deb qarzga botib, qarz uzish ilinjida hayolimiz parishon bo‘lib yurmasdi. Har birimiz shuni unutmaylikki, bunday isrofgarchiliklardan albatta qiyomat kunida har birimiz so‘ralamiz. Undan ko‘ra o‘sha pullarni bir qismini qiynalayotgan, kam ta’minlangan xonadonlarga bo‘lib bersa, qarindosh-urug‘lar orasidagi hojatmandlarning hojatini chiqarsa bo‘ladi. Bizning bugungi kunda qilayotgan dabdabali marosimlarimizni saxovat ham deb bo‘lmaydi. Saxovat deb darhaqiqat ehsonga muhtoj bo‘lgan odamga qilinadigan yaxshilikka aytiladi. Chunki hadislarda: “Taomlarning yomoni qorni ochlar qolib, qorni to‘qlar chaqirilgan ziyofatdir” deyilgan. Berilgan ne’matlarni isrof qilish, ularni qadriga yetmaslik gunohdir. Bizga berilgan molu dunyoni isrof qilmasdan, baxillik ham qilmasdan, meyorida ishlatsak, saxovatni o‘rniga sarflasak, birovga muhtoj ham bo‘lmaymiz, qarzga ham botmasligimiz aniq. Muhtoj kishilarga sadaqa va ehsonlar qilish dinimiz talabi va buning uchun bandaga ulug‘ savoblar va’da qilingan. Ammo bu sohada ham meyordan oshilsa, isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilgan bo‘ladi. Saxovat yaxshi fazilat. Saxovat xasislik va isrof o‘rtasidagi meyoriy bir bosqichdir. Sadaqa va ehsonlarda isrofgarchilik qilish ko‘pincha kimo‘zarga to‘ylar qilish, o‘zini ko‘z-ko‘z qilish va shu kabi ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Unutmaylikki, riyokorlik qilish bandaning oxiratdagi ahvolini yomonlashtiradi. Insonga berilgan barcha ne’matlar, ular oziq-ovqat mahsulotlari bo‘ladimi, ichiladigan suv bo‘ladimi, kiyiladigan kiyim bo‘ladimi, yashaladigan uy bo‘ladimi, miniladigan mashina bo‘ladimi barcha- barchasini qadriga yetish kerak. Bizga gaz va shu kabi ne’matlar, odatda tejab ishlatiladi. Sababi ertaga uning pulini to‘lab qo‘yishni o‘ylaymiz. Suv va shu kabi arzon yoki tekin ne’matlar xohlagancha tasarruf qilinaveradi. Sababi pulimiz ketmaydi-da. Yo‘q, biz ne’matlarni katta-kichikka ajratmasdan, barini qadrlashimiz kerak. Kim biladi, biz hozir qadriga yetmayotgan narsa vaqti kelib, eng qimmatbaho narsaga aylanar. Ne’matlar bardavom bo‘lsin, zavolga uchramasin, desak vaqtida ularni qadriga yetaylik. Har bir aqillik inson isrofdan saqlanmog‘i, berilgan ne’matlarni katta-kichik demasdan qadriga yetmog‘i darkor. Shunda Alloh taolo ne’matlarini yanada ziyoda qilib beradi. Alloh barchamizni ushbu oyat va hadislarga amal qilib isrofdan yiroq yo‘radigan bandalari qatoridan bo‘lib o‘zining solih bandalaridan bo‘lishni nasibi ro‘zi aylasin.

 

BOZOROV ABDUG‘ANI

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasi

tafsir fani o‘qituvchisi