Giyohvandlikning zararlari
23

Giyohvandlik insoniyat uchun eng katta illatlardan biri hisoblanadi. U insonning aqli, sog‘lig‘i, oilasi va jamiyatga bo‘lgan munosabatini buzadi. Islom dinining eng oliy maqsadi inson hayoti, aqli va sog‘lig‘ini muhofaza qilishdir. Shuning uchun Qur’on va Sunnatda giyohvandlikka olib boruvchi har qanday mast qiluvchi narsalardan qat’iy qaytarilgan.
Islom shariati besh asosiy ne’matni asrashni maqsad qiladi: din, hayot, aql, nasl va mol-mulk. Giyohvandlik esa, eng avvalo, inson aqlini yo‘qotadi.
Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Ey, imon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz”. (Moida surasi, 90-oyat)
Ushbu oyatda «xamr» so‘zi kelgan bo‘lib, u har qanday mast qiluvchi narsani o‘z ichiga oladi. Ulamolarning ittifoqiga ko‘ra, giyohvand moddalar ham shu hukm ostiga kiradi.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam mast qiluvchi har qanday narsani harom qilganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:
“Har qanday mast qiluvchi narsa xamrdir, har qanday xamr esa haromdir”. (Imom Muslim rivoyati)
Yana bir hadisda:
“Ko‘p miqdori mast qilgan narsaning oz miqdori ham haromdir”.
(Imom Ahmad rivoyati)
Bu hadislar giyohvandlikning har qanday ko‘rinishi Islomda man etilganini ochiq-oydin ko‘rsatadi.
Giyohvandlik insonni ruhiy va jismoniy halokatga olib boradi:
Aql zaiflashadi, tafakkur yo‘qoladi;
Tan sog‘ligi buzilib, og‘ir kasalliklar paydo bo‘ladi;
Irodasizlik va ruhiy tushkunlik kuchayadi;
Inson ibodatga, mas’uliyatli ishlarga layoqatsiz bo‘lib qoladi.
Qur’oni karimda Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
«O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zingizni halokatga tashlamang!» (Baqara surasi, 195-oyat)
Giyohvandlik aynan insonni o‘z qo‘li bilan halokatga yetaklaydi.
Giyohvandlik faqat shaxsning o‘ziga emas, balki butun jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatadi:
Oilalar parokanda bo‘ladi;
Jinoyatchilik ko‘payadi;
Mehnat qobiliyati yo‘qoladi;
Yosh avlod axloqan buziladi.
Xulosa qilib aytganda giyohvandlik Islomda qat’iy harom qilingan, inson hayotini, aqlini va jamiyatni vayron qiluvchi illatdir. Har bir mo‘min o‘zini va atrofdagilarni giyohvandlikdan asrashga mas’uldir. Chunki sog‘lom aql – sog‘lom iymon garovidir.
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi OMON QODIROV
