So’zlarning eng yaxshisi va foydalisi Alloh taoloning zikri, kishilarni yaxshilikka chaqirish va yomonlikdan qaytarishdir. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha, Rosululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim bir o’ringa o’tirsa-yu Allohni zikr qilmasa, unga Alloh tomonidan nuqson yetadi. Kim bir o’ringa yonboshlasa-yu Allohni zikr etmasa unga ham Alloh tomonidan nuqson yetadi”, deganlar. Yagona Xoliqimiz va tarbiyatkunandamiz Alloh taoloni ko’p zikr qilish qalbni unga mahkam bog’lashdir, “U meni ko’rib turibdi” degan doimiy xavotirda turishdir, Allohning buyruqlarini bir lahza ham esdan chiqarmay amalga oshirishdir. Alloh ko’p zikr qilingandagina banda turli til ofatlari — yolg’on, bo’xton, ig’vo, g’iybat, chaqimchilik kabi gunoh gap-so’zlardan uzoqlashadi. Allohni ko’p zikr qilgan bandaning qalbida dunyoning, uning matohlarining zikriga joy qolmaydi.

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوا۟ ٱذْكُرُوا۟ ٱللَّهَ ذِكْرًا كَثِيرًا

“Ey iymon keltirganlar, Allohni ko’p zikr qilinglar”. [Ahzob surasi 41-oyat]

Allohni ko’p zikr qilgan bandaning qalbiga turli ko’ngilxushliklarga, inson zehnini chalg’ituvchi bema’ni ishlarga joy qolmaydi. Allohni ko’p zikr qilgan bandaning qalbida Allohning muhabbatidan boshqa muhabbat sig’maydi. Hadislarning birida Nabiy sollallohu alayhi va sallam shunday deganlar: “Parvardigoringiz: “Modomiki bandam Meni zikr qilib lablari qimirlar ekan, Men u bilan birgaman”, deydi”. Suv najosatni yuvib tozalagani kabi, Allohni ko’p zikr qilish, qalbdagi kirlarni tozalaydi, qalbning tozaligi esa butun tananing gunoh va masiyatlardan toza va pok bo’lishini taminlaydi. Alloh taolo barchamizni ko’p zikr qilishda bardavom bo’ladigan bandalaridan qilsin!

Qudratov Muhammadyusuf

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi 3- kurs talabasi