TAOMGA BARAKA BO‘LUVCHI AMALDAN G‘AFLATDA QOLMANG!
33

Har bir inson bajaradigan amallari uchun shu dunyoda maqtov va oxiratda savobga noil bo‘lishga harakat qiladi. Hatto insonning quvvatini ta’minlab turadigan taomlanishda ham odob axloq va Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning sunnatlariga rioya qiladi maqtovlarga erishadi va shu bilan birga qiyomatda savoblarga erishadi.
Ovqatdan oldin qo‘lni yuvish. Bu qo‘lda bo‘lishi mumkin bo‘lgan kirdan saqlanish uchun va kambag‘allikdan asraydi.
رُويَ عن سلمان رضي الله عنه قال: قرأت في التوراة أن بركة الطعام الوضوء لجده، فذكرت ذلك للنبي ﷺ فأخبرته بما قرأت في التوراة، فقال رسول الله ﷺ: بركة الطعام الوضوء قبله، والوضوء بعده.
Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Men Tavrotda: taomning barakasi — undan oldin qo‘l yuvishdadir degan so‘zni o‘qidim. Buni Rasululloh sallollohu alayhi vasallamga aytdim va Tavrotda o‘qiganimni xabar qildim.
Shunda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam:
“Ta’omning barakasi — undan oldin ham, undan keyin ham qo‘lni yuvishdadir”, dedilar.
Imom Termiziy va Abu Dovud rivoyat qilgan.
- Ovqatdan oldin qo‘l yuvish hikmati:
Unda ovqatlanishdan avval qo‘lni kir va changdan tozalash bor, bu esa insonning salomatligini saqlaydi va kasalliklardan asraydi. Shuningdek, insonni taom qabul qilishga ruhan tayyorlaydi, taomni ehtirom va adob bilan yeyishga undaydi. Bu esa ovqatni Allohga itoat yo‘lida quvvat bo‘luvchi ibodatga yaqinlashtiradi.
- Ovqatdan keyin qo‘l yuvish hikmati:
Unda og‘iz va qo‘llardagi taom qoldiqlarini tozalash bor. Bu insonning pokligi va salomatligini ta’minlaydi. Allohning ne’matlarini zohir qiladi, ovqatdan keyingi tanballik va yalqovlikni ketkazadi, insonni keyingi ish va ibodatlar uchun serg‘ayrat va shijoatli qiladi.
- Islomda poklikka berilgan ahamiyat:
Islom — poklik va tozalik dinidir. Ushbu hadis ham ovqatdan oldin ham, undan keyin ham shaxsiy gigiyenaga alohida e’tibor berish zarurligini ta’kidlaydi.
- Islom avvalgi ilohiy kitoblardagi haqiqatlarni tasdiqlaydi:
Rasululloh sallollohu alayhi vasallam Salmon roziyallohu anhu Tavrotda uchratgan hukmni inkor qilmadilar, balki uni tasdiqlab, unga qo‘shimcha qildilar. Bu esa Islom avvalgi kitoblardagi haq gaplarni tasdiqlovchi va ularga nazoratchi ekanini ko‘rsatadi.
- Baraka hissiy va ma’naviy sabablar orqali bo‘ladi:
Qo‘l yuvish barakaga olib keluvchi moddiy sabablardan biridir. Biroq uning ma’naviy jihati ham bor — Allohning ne’matlariga adab va shukr ifoda etish. Bu esa Allohning barakasini yanada orttirishiga sabab bo‘ladi.
Qo‘llarni ovqatdan oldin ham, ovqatdan keyin ham yuvish mustahabdir. Bunga boshqa hadislar ham dalildir. Jumladan, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam: «Ta’omning barakasi — undan oldin qo‘l yuvishdadir va undan keyin qo‘l yuvishdadir», — deb aytganlar.
Bu hadis Islom shariatining mukammalligini ko‘rsatadi. Chunki u inson salomatligi va tozaligiga katta e’tibor beradi va oddiy amallarni ham baraka va Allohga qurbat hosil qiluvchi amalga aylantiradi.
Alloh taolo bizlarni go‘zal so‘zlarni eshitib, ularning yaxshisiga ergashadigan bandalaridan qilsin. Yegan-ichganimizda va barcha amallarimizda bizga baraka ato etsin.
Xalikov Nurullo
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
