Korrupsiyaning jamiyatga zarari

38

Korrupsiya bu mansab yoki xizmat vakolatlaridan shaxsiy manfaat yo‘lida noqonuniy foydalanishdir. U jamiyatdagi adolat, barqarorlik va taraqqiyotga jiddiy zarar yetkazuvchi eng xatarli ijtimoiy illatlardan hisoblanadi. Bugungi kunda dunyo mamlakatlari korrupsiyaga qarshi kurashishni asosiy strategik vazifalardan biri sifatida belgilagan. Chunki korrupsiya nafaqat iqtisodiy yo‘qotishlar, balki insonlarning davlatga ishonchini susaytirish, ijtimoiy tenglikni buzish va yoshlar ongida salbiy qarashlar shakllanishiga olib keladi.

Korrupsiya poraxorlik, mansabni suiiste’mol qilish va noqonuniy yo‘l bilan mol-mulk orttirish kabi xunuk ishlar majmuasidir. Zamonaviy jamiyat rivojiga qanday tahdid solsa, Islom dinida ham unga nisbatan qattiq shafqatsiz munosabat belgilangan. Chunki korrupsiya adolatni yo‘q qiladi, halol mehnat qadrini pasaytiradi va jamiyatda taraqqiyotni to‘xtatadi.

Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

«Mol (va boylik)laringizni o‘rtalaringizda botil (yo‘llar) bilan yemangiz! Shuningdek, bila turib, odamlarning haqlaridan bir qismini gunoh yo‘li bilan yeyish (o‘zlashtirish) maqsadida uni hokimlarga havola etmangiz!» (Baqara surasi, 188-oyat)

Bu oyat pora olish yoki mansabidan shaxsiy manfaat yo‘lida foydalanish kabi har qanday nohaq mol yeyishni man etadi.

Hadisi sharifda ham aytilgan: “Men ham bir insonman. Mening huzurimga haq talashib, da’vo bilan kelib turasizlar. So‘zga ustalik qilib, nohaqlik bilan o‘zgalar haqini o‘zlashtirib olsangiz, bilib qo‘yingki, o‘sha narsa do‘zaxning bir cho‘g‘idir. Xohlagan uni olsin, xohlamagan olmasin.

Yana Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

«Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin. Alloh senga ehson qilgani kabi sen ham (odamlarga) ehson qil! Yerda buzg‘unchilik qilishni istama! Chunki Alloh buzg‘unchilarni suymas» (Qasos surasi, 77-oyat)

Tarafkashlik, korrupsiya va adolatsizlik jamiyatda fasod paydo qiladi, shu sababli Alloh taolo bunday ishlardan qattiq qaytaradi.

Rasululloh (s.a.v.) dedilar:

«Pora beruvchi ham, pora oluvchi ham do‘zaxdadir»

(Abu Dovud rivoyati)

Keling korrupsiyaning zararlari haqida ham qisqacha to‘xtalib o‘taylik.

Adolatning yo‘qolishi;

Islom jamiyatning asosi adolat ekanini ta’kidlaydi. Korrupsiya esa adolatni yo‘q qiladi, natijada zulm avj oladi.

Halol rizqning qadri pasayishi;

Korrupsiya halol mehnatga bo‘lgan ishonchni so‘ndiradi. Islomda esa halol rizq eng ulug‘ qadriyatlardan biri.

Ijtimoiy fasod va beqarorlik;

Korrupsiya jamiyatda adolatsizlik va ishonchsizlik keltirib chiqaradi.

Allohning la’natiga duchor bo‘lish xavfi;

Pora oluvchi yoki beruvchi o‘zini nafaqat dunyoda, balki oxiratda ham katta gunohga qoldiradi.

Xulosa o‘rnida, Korrupsiya faqat iqtisodiy yoki huquqiy muammo emas, balki diniy-axloqiy inqirozdir. Qur’on va Sunnatda uning har qanday ko‘rinishi qat’iy man qilingan. Ulamolar esa bu illat jamiyatni ma’naviy tanazzulga olib borishini ta’kidlaydilar.

Shu bois, har bir musulmon ayniqsa, mas’ul lavozimdagi inson halollik, adolat, vijdon va taqvo tamoyillariga amal qilishi shart. Faqat shundagina jamiyat taraqqiy etadi, osoyishtalik va rivojlanish ta’minlanadi.

 

Omon Qodirov, Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi