KORRUPSIYA – JAMIYATNI HALOKATGA ELTUVCHI MA’SIYAT
28

Insoniyat taraqqiyotining har bir bosqichida jamiyatni ichdan yemiruvchi illatlar bo‘lgan. Shulardan eng xavflisi – korrupsiya. Bu illat nafaqat iqtisodiy taraqqiyotga, balki insonning ma’naviy-axloqiy hayotiga ham chuqur zarar yetkazadi. Korrupsiya har qanday rivojlanayotgan mamlakatga, xususan, demokratik jamiyatga ham bevosita tahdid soladi. Chunki demokratiyaning bosh tamoyili – adolat, tenglik va halollikdir. Korrupsiya esa ana shu qadriyatlarning ziddiga ishlaydi.
Islom dini korrupsiyani ma’siyat – ya’ni Allohning amriga bo‘ysunmaslik, odamlar haqlarini yeyish, zulm qilish sifatida ko‘radi. Qur’on oyatlari, hadislar va ulamolar so‘zlari pora olish, pora berish, mansabni suiiste’mol qilish kabi illatlarni qat’iy man qiladi.
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham ko‘plab nutqlarida “korrupsiya – taraqqiyotning asosiy to‘sig‘i” ekanini alohida ta’kidlagan. Demak, bu mavzuga diniy va dunyoviy yondashuvning birlashuvi nafaqat muhim, balki zarur.
“Korrupsiya” lotincha corruptio – “buzilish”, “yemirilish”, “axloqan buzish” degan ma’nolarni anglatadi. Bu atama mansabdor shaxsning o‘z vakolatidan shaxsiy manfaat uchun foydalanishi, adolatni sotishi, tartib-qoidalarni buzishi kabi yomon illatlarni ifodalaydi.
Islom fiqhida korrupsiyaning asosi rishvah – pora, gʻulul – mansabni suiiste’mol qilish, davlat mulkidan o‘g‘irlash kabi tushunchalar bilan ifodalanadi.
Alloh taolo Baqara surasida:
“Mollaringizni o‘zaro nohaq yo‘l bilan yemanglar…” (Baqara surasi 188-oyat)
Bu oyat pora, talon-taroj, davlat mulkidan o‘g‘irlash kabi barcha jinoyatlarni harom qiladi. Tafsir olimi Imom Tabariy ushbu oyatni sharhlarkan, shunday deganlar:
“Bu oyatni ichiga pora olish ham, pora berish ham kiradi.”[1]
Shuningdek, Alloh zulmni qoralab:
“Alloh zolimlarni sevmas.” (Oli Imron surasi 57-oyat)
Zulmning eng keng ko‘rinishlaridan biri – pora orqali kimningdir haqini poymol qilish, adolatni sotishdir. Rasululloh (s.a.v.) shunday deganlar: “Pora olgan ham, bergan ham la’natlangan.”[2]
Boshqa hadislarda mansabni suiiste’mol qilish “gʻulul” deb atalib, og‘ir gunoh deb belgilangan. Demak, pora diniy jihatdan eng katta ma’siyatlar sirasiga kiradi. Chunki u iymonning asosiy unsurlaridan biri bo‘lgan halollikni yemiradi.
Imom G‘azzoliy “Ihyo ulumid-din” asarida yozadi: “Harom mol bilan boqilgan qalbda nur va hikmat bo‘lmaydi.”[3]
Bu so‘zlar korrupsiyaning din nazarida naqadar og‘ir illat ekanini yana bir bor ko‘rsatadi.
Korrupsiya birinchi navbatda shaxsni ma’naviy tanazzulga olib boradi. Halol va harom chegarasi buziladi, iymon zaiflashadi. Harom bilan yashagan insonning qalbida taqvo so‘nadi, oxirat hissi kamayadi.
Rasululloh (s.a.v.) shunday deganlar: “Harom ozuqa bilan o‘sadigan tanaga jannat harom qilinadi.”[4]
Bu esa korrupsiyaning nafaqat dunyodagi, balki oxiratdagi jazosi ham og‘ir bo‘lishini bildiradi.
Korrupsiya adolatni yo‘qotadi. Adolat esa jamiyat barqarorligining eng asosiy tayanchi. Poraxo‘rlik bo‘lgan joyda aybdor oqlanadi, begunoh jazolanadi, malakali emas, pora beruvchi mansabga o‘tadi, mehnatsevar emas, suiste’molchi boyiydi. Bu esa jamiyatni ichidan yemirib boradi.
Korrupsiya davlat budjetiga zarar keltiradi, investitsiyalar kelishini kamaytiradi, loyihalarning sifatsiz bajarilishiga olib keladi, iqtisodiy barqarorlikni izdan chiqaradi. Bu holat Qur’onda ogohlantirilgan qavmlarning halokatiga o‘xshaydi:
“Zulm qilgan qavmlarni Biz halok qildik.” (Anbiyо surasi 11-oyati)
Korrupsiya keng tarqalgan jamiyatlarda xalqning davlatga, sudga, tizimlarga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi. Bu esa jamiyatni boshqarish jarayonlarini izdan chiqaradi.
Taqvo – insonni yomonlikdan himoya qiladigan qalqondir. Taqvosiz inson har qanday haromdan qo‘rqmay qoladi. Shuning uchun korrupsiyani yo‘qotishning birinchi bosqichi – taqvo, halollik va mas’uliyatni tarbiyalashdir.
Masjid, madrasalar, maktablar va oilalarda halol rizq, adolat, mas’uliyat haqida ko‘proq targ‘ibot bo‘lishi lozim. Yoshlar “porasiz ham yashash mumkin”, degan fikriga ishonishi kerak.
Demokratik jamiyatda adolatni ta’minlash uchun shaffof tizim, ochiq qaror qabul qilish, xalq nazorati, matbuot erkinligi, korrupsiyaga qarshi qonuniy jazolar kuchli bo‘lishi zarur.
O‘zbekiston hukumati tomonidan Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi tashkil qilindi. Bu islomdagi “yomonlikni qo‘ling bilan qaytar” degan amrga uyg‘un hisoblanadi. Shar’iy va qonuniy yondashuv qo‘shilganda korrupsiyaning ildizi kesila boshlaydi.
Xulosa qilib aytganda, korrupsiya – jamiyatning eng katta dushmanlaridan biri. U shaxsni ma’naviy halokatga, jamiyatni iqtisodiy tanazzulga, davlatni siyosiy beqarorlikka olib boradi. Islom ta’limoti bu illatni qat’iy man qiladi. Qur’on pora va harom molni qoralasa, hadislar pora olgan va berganni la’natlaydi. Ulamolar esa harom mol bilan yashashning qalbni qotirishini ta’kidlaydilar.
Bugungi demokratik jamiyatimiz korrupsiyaga qarshi kurashni o‘z taraqqiyotining asosiy sharti sifatida ko‘rmoqda. Diniy axloqiy yondashuv bilan zamonaviy demokratik tamoyillar uyg‘unlashsa – korrupsiya yengiladi, jamiyat halollik, adolat, ishonch va baraka sari boradi.
Xayrullo Mardonov,
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus
islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
[1] Abu Abdulloh Muhammad at-Tabariy. Jomi’ul-bayon fi ta’vili ayil-Qur’on. – Qohira, 1987. – B. 322.
[2] Abu Dovud. Sunan Abu Dovud. Kitob al-Qoziy. – B. 357.
[3] Imom G‘azzoliy. Ihyou ulumid-din. – Bayrut: Darul-fikr, 2005. – B. 45.
[4] Buxoriy. Sahih Buxoriy. Kitobul-buyu’. – B. 586.
