ULAR BILAN YAXSHILIKDA YASHANG!
27

Bugungi jamiyatda ko’p uchraydigan muommalardan dolzarbi bu – er xotini bilan go’zal munosabatda bo’lmay yashashidir. Xotin u uchun bir xizmatkordek go’yo! Ayoli bilan shirinsuxan bo’lib yashamaydiyu, begonaga shirinso’z bo’ladi, o’z jufti haloliga go’zal ko’rinmaydida, o’zgaga o’zini ko’rsatadi. Bularning barchasi islomiy ta’limotga zid holatlar hisoblanadi. Quyida shu haqda islomiy ko’rsatmani bir oyat sharhi asosida Allohning yordami ila bayon qilishga harakat qilamiz.
Alloh taolo O’z kalomi sharifida shunday marahamat qiladi:
وَعَاشِرُوهُنَّ بِٱلۡمَعۡرُوفِۚ فَإِن كَرِهۡتُمُوهُنَّ فَعَسَىٰٓ أَن تَكۡرَهُواْ شَيۡٔٗا وَيَجۡعَلَ ٱللَّهُ فِيهِ خَيۡرٗا كَثِيرٗا)١٩(
“Va ular (ayollaringiz) ila yaxshilikda yashang. Agar ularni yoqtirmasangiz, shoyadki, Alloh siz yoqtirmagan narsada ko’pgina yaxshiliklar qilsa”. (Niso surasi 19-oyat).
Aslida عشر kalimasi, arab tilida “aralashish”, “aloqa munosabat” degan ma’nolarni anglatadi. المعروف esa, “yaxshilik”, “xushmuomalalik” degan ma’nolarni bildiradi.
Ushbu oyatda erkaklarga Alloh tomonidan murojaat qilinib aytilmoqdaki, ayolingiz bilan Alloh taolo buyurgandek hamroh va yo’ldosh bo’lib, ularni tushunib yashang. Bu ishingiz go’zal xulqlik bilan amalga oshadi. Shirin so’zlik, aziyat berishdan tiyilish, yaxshilik qilish, chiroyli ko’rinish va boshqa shu kabi go’zalliklar bilan muomala qilishdir. Ular bilan nafaqa, keyintirish va yeb-ichish kabi haqlarini ado qilishda chiroyli munosabatda yashang.
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Sizlarni eng yaxshingiz — o’z ahli ayoliga yaxshi bo’lganlaringizdir. Va men o’z ahliga eng yaxshilaringizman”.
Darhaqiqat, Payg’ambar sollallohu alayhi vasallam o’zlari ayollariga go’zal muomalali bo’lib, doimo hursand, ularni erkalagan, lutf ko’rsatgan, nafaqalarini ko’paytirgan holda yashaganlar. U zot sollallohu alayhi vasallam ayollari bilan hazillashib kulishar edilar. Hatto Oisha onamizning ko’ngillari uchun u zot bilan yugurishda (odamlardan holi joyda) musobaqa ham qilganlar.
Inson ojiz, ertaga nima bo’lishini bilmaydi. Shuning ham yoqmay qoldi, deb xotiniga yomonlik qilishga, uni taloq qilishga shoshilmaslik kerak. Chunki Alloh taolo oyatning davomida “Agar ularni yoqtirmasangiz, shoyadki, Alloh siz yoqtirmagan narsada ko’pgina yaxshiliklar qilsa”, deb marhamat qildi. Ey erkaklar, ayolingiz bilan garchi ularni yoqtirmasangizda, yaxshilik ila yashang, shoyadki ularga qilgan sabringizda sizlar uchun dunyo va oxiratda ko’p yaxshilik hamda mukofotlar bo’lsa. Dunyo yaxshiligi ulardan to’g’ilajak shirin-shirin farzandlar yoki ularni yoqtirib qolib, nafrat o’rnini muhabbat egallar, oxirat yaxshiligi esa, jannatda oliy darajalar va boshqa Alloh xohlagan in’omlar bo’lishi mumkin. Shuning uchun shoshmang, sabr qiling, ko’p yaxshilklardan mahrum bo’lib qolmang.
Ko’pimcha boshida yoqtirmay, o’rtada ajrim tushgach, so’ngida pushaymonliklar ko’p uchraydi. Iloji qolmagach yashashni istab qolishadi va muhabbat paydo bo’lib qoladi, lekin afsus, endi kech bo’ladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Payg’ambar sollallohu alayhi vaslam shunday dedilar: “Mo’min (er o’z ayoli) mo’minaga nafrat qilmasin. Undan bir xulqini yoqtirmayotgan bo’lsa, boshqasidan rozi bo’lar”.
Islom ta’limotlariga binoan, er-xotin orasidagi aloqa muhabbat, sevgi, rahm-shafqat va unsu ulfatlik aloqasi bo’lishi lozim. Shuning uchun ham oraga tushgan ba’zi noqulay holat tufayli darhol bir-biriga zulm qilishga o’tish kerak emas. Hazrati Umar ibn Xattob roziyallohu anhu xotiniga muhabbati yo’q bo’lib qolgani uchun uni taloq qilmoqchi bo’lgan odamga: “Sho’ring qursin! Oilalar muhabbat uchun qurilmaganmi?! Rioya qani?! Mas’uliyat qani?!”, deganlar.
Alloma Ibn Kasir: “Ularga shirinsuxanlik qiling, yaxshi muomalada bo’ling, iloji boricha ko’rinishingizni go’zal qiling”, degan.
Musulmon kishi o’z ayolidan ko’rgan yomon xulqidan ga’zablanib, uni yomon ko’rib qolmasin chunki, birini yoqtirmasa, boshqa unga yoqadigan xulqidan rozi bo’ladi. Ana shunisi bunisini yopib ketadi. Er-xotinlar hech biri beayb emas, agar biror shaxs hayotdagi turmush o’rtog’ni ayblardan pokini izlasa, so’qqabosh bo’lib o’tib ketadi, har bir inson ayniqsa, musulmon qandaydir maqtovga loyiq xislati bo’ladi albatta, shuning uchun ana shu go’zal xislatini olib, qolganini yashirish kerak. Yomonini yashirib, yaxshisini oshirsh shu bo’ladi. Bunday qilish oilaviy munosabatda juda muhim ish sanaladi. Har kim shu haqiqatni to’liq va to’g’ri anglasa, oilalalar barqaror bo’lib, jamiyat rivoj topadi.
Muhibulloyev Saidmuhammadxon Dovudxon o’g’li
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
