KORRUPSIYA – JAMIYAT TARAQQIYOTIGA TAHDID SOLUVCHI ILLAT

67

Korrupsiya – huquqiy davlat barpo etish yo‘lida jiddiy to‘siq bo‘lib, jamiyat hayotining barcha sohalariga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan illatdir. U inson huquqlarining buzilishiga, adolat tamoyillarining izdan chiqishiga, iqtisodiyotning izchil rivojlanmasligiga, jamiyatda ishonch va barqarorlikning zaiflashishiga olib keladi. Shuningdek, Korrupsiya uyushgan jinoyatchilik, terrorizm kabi global xavflarning ildiz otishiga ham zamin yaratadi. Bugungi kunda ushbu illat nafaqat rivojlanayotgan, balki rivojlangan mamlakatlarda ham uchrab turadi.

 “Korrupsiya” atamasi lotincha corrumpere – “buzmoq” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, mansab vakolatlaridan shaxsiy manfaat yo‘lida qonunga xilof foydalanishni anglatadi. Uning ko‘rinishlari orasida pora olish-berish, mansab mavqeyidan suiiste’mol qilish, firibgarlik, moliyaviy manfaat evaziga noqonuniy qaror qabul qilish kabi holatlar mavjud.

Korrupsiya har qanday davlatning boshqaruv tizimiga putur yetkazadi. Adolatli raqobatga to‘sqinlik qiladi, aholining davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini susaytiradi, iqtisodiy rivojlanish sur’atlarini pasaytiradi.

Dinimizda Korrupsiyaning haromligi qat’iy qoralanadi. Alloh taolo shunday marhamat qiladi:

“Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang. Bilib turib odamlarning mollaridan bir qismini yeyishingiz uchun uni hokimlarga gunohkorona tashlamang.” (Baqara surasi 188-oyat)

Ushbu oyat odamlarning mol-mulkini harom yo‘l bilan talash, pora orqali nohaq hukm chiqarishga intilish kabi illatlarni keskin rad etadi. Sahobalar izohlarida bu oyatning ma’nosi — haqi bo‘lmagan narsani hiyla yo‘li bilan o‘zlashtirishga urinish, hokimga pora berib nohaqlikni o‘tkazishga harakat qilish — katta gunoh ekani qayd etilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Payg‘ambar alayhissalom: «Hukm chiqarishda pora bergan ham, olgan ham Allohning la’natiga yo‘liqadi», deb ogohlantirganlar» (Ahmad rivoyati). Ulamolar pora olishning har qanday ko‘rinishi haromligini ta’kidlab, adolatning buzilishi jamiyatda fasod, ya’ni tartibsizlik va zulmning keng tarqalishiga olib kelishini izohlab o‘tganlar.

Korrupsiyaning kelib chiqishi juda qadimiy bo‘lib, avvaliga qabila boshliqlariga sovg‘a-salom berish odatidan shakllangan deb taxmin qilinadi. Davlat boshqaruvining murakkablashuvi esa poraxo‘rlikning jamiyat rivoji uchun jiddiy xavf ekanini ko‘rsatdi.

Bugungi kunda dunyoning ko‘plab mamlakatlari Korrupsiyaga qarshi qat’iy choralar ko‘rmoqda. Biroq, u osonlik bilan yo‘qoladigan illat emas. Chunki Korrupsiya ko‘proq inson omiliga, axloqiy me’yorlarga, jamiyatdagi umumiy ma’naviy muhonga borib taqaladi.

Yurtimizda ham Korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Buyuk kelajagimizni mard va oliyjanob xalqimiz bilan birga quramiz” asarida Korrupsiyani mamlakat taraqqiyotiga jiddiy to‘siq sifatida baholab, ushbu illatga qarshi tizimli choralarni kuchaytirish muhimligini ta’kidlaganlar.

  • davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni oshirish,
  • elektron xizmatlar sonini ko‘paytirish,
  • mansabdorlar ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish,
  • qonunchilikni takomillashtirish
  • Korrupsiyaning oldini olishda muhim omillar sifatida qaralmoqda.

Korrupsiya – davlat rivojiga, xalq farovonligiga, jamiyatning ma’naviy pokligiga jiddiy zarar yetkazadigan eng xavfli illatlardan biridir. Uni bartaraf etish faqatgina jazo yoki nazorat tizimi bilan emas, balki har bir insonning ongidagi halollik, mas’uliyat, vijdon tuyg‘isini yuksaltirish bilan ham chambarchas bog‘liq.

Alloh taolo barchamizni haromdan hazar qiladigan, halol rizq izlaydigan bandalaridan qilsin! Yurtimizda adolat, halollik va poklik mas’uliyatini oshirib, Korrupsiyasiz jamiyat barpo etishni nasib etsin!

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi Matbuot kotibi Alimardon Karomatov