MURUVVAT — QALBNI TIRIK TUTADIGAN FAZILAT

39

Bir donishmanddan: “Muruvvat nima?” deb so‘raganlarida, u zot: “Qarindosh-urug‘, do‘stu yorlar tomonidan yetgan jafo va ozorlarni kechira bilishdir”, — deb javob bergan ekan.

Darhaqiqat, agar daraxtning shoxlari kesilsa, o‘rniga yangi novdalar ko‘karib chiqadi. Ammo mehr-muhabbat va rahm-shafqat niholi jafo arrasi bilan kesilsa, u aslo qayta ko‘karmaydi. Shuning uchun muruvvat — inson qalbini tirik tutadigan, jamiyatni birlashtiradigan oliy fazilatdir.

Hazrati Nu’mon ibn Bashir rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Musulmonlar bir-birlariga nasihat qilib yurmoqlari va o‘zaro rahmli bo‘lmoqlari lozim. Ular bir jon va bir tan kabidirlar. Agar a’zolardan birortasi og‘risa, qolgan butun jasad bedorlik va iztirob bilan unga hamdard bo‘ladi”.

Yana marhamat qilganlar: “Mo‘min kishilar ham bitta vujud kabidirlar: agar uning boshi og‘risa, hamma yo‘g‘i og‘riydi, agar ko‘zi og‘risa ham, butun vujud azob chekadi”.

Sahl ibn Sa’d rivoyat qilgan hadisda bu ma’no yanada ravshan bayon etiladi: “Iymon ahlidan bo‘lgan mo‘min kishi xuddi jasaddagi bosh kabidir. Boshdagi og‘riqni jasad qanday his etsa, mo‘min ham butun iymon ahlining dardini shunday his etadi”.

Demak, chin mo‘min o‘z birodarlarining tashvishi bilan yashaydi, ularning dardini o‘z qalbida his etadi.

Alloh taolo Yunus surasining 99-oyatida shunday marhamat qiladi: “Agar Robbing xohlasa, yer yuzidagi barcha kishilarning hammasi iymon keltirar edilar. Yoki odamlarni mo‘min bo‘lishga majburlaysanmi?”

Bu oyatning ma’nosi shuki, insonlarning barchasi birdek iymon keltirmayotganidan ortiqcha kuyunishga hojat yo‘q. Agar hammaning iymonli bo‘lishi zarur bo‘lganida, Alloh taolo ularni avval boshdan mo‘min qilib yaratgan bo‘lardi. Ammo hikmat egasi bo‘lgan Zot bunday qilmadi.

Alloh insonni yaxshilik va yomonlikka moyillik bilan yaratdi. Unga tanlash ixtiyorini berdi, to‘g‘rini xatodan ajrata oladigan aql ato etdi. Shu bilan birga, eng to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatish uchun payg‘ambarlar yubordi, ilohiy kitoblar nozil qildi. Endi inson o‘z aqlini ishlatib hidoyatni tanlashi ham, beparvolik qilib zalolatda qolishi ham o‘z ixtiyoridadir.

Shuning uchun iymon — majburiy emas, balki ixtiyoriy amal hisoblanadi. Qalb ishi bo‘lgan iymonga majburlash bilan erishib bo‘lmaydi.

Solih bandalarning belgisi — rahm-shafqatdir. Shaqiylarning, ya’ni gunoh va baxtsizlik yo‘lidagilarning belgisi esa — marhamatsizlikdir. Kim Xoliqni sevsa, U Zot yaratgan maxluqotga ham shafqatli bo‘ladi. Nafrat va g‘azab alangalanib, uchqun sochayotgan kishi esa haqiqiy insonlik maqomidan yiroqdir.

Inson mehr va rahm-shafqat bilan olamga qaraganidagina chin inson bo‘la oladi.

Muruvvat, kechirimlilik va rahm-shafqat — iymonning ajralmas qismi. Ular qalbni poklaydi, jamiyatni mustahkamlaydi va insonni yuksak kamolot sari yetaklaydi.

 

Xayrulla Mardonov
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi