KORRUPSIYA TARAQQIYOT KUSHANDASI

37

Ma’muriy va moliyaviy korrupsiya mavzusi – o‘ta nozik va nihoyatda muhim masalalardan biridir. Chunki bu illatning ildizlari juda chuqur va ko‘p qirrali bo‘lib, tarix davomida jamiyatlar va siyosiy tuzumlar orasidagi kurashlarda doimo ko‘zga tashlanib kelgan. Korrupsiya hodisasini kuzatgan odam shuni anglaydiki, zulm va talon-torojlikka asoslangan ko‘plab mustabid tuzumlar xalq qo‘zg‘olonlari tufayli ag‘darilgan. Qaysi bir xalq yoki davlatning taniga bu balo chuqur ildiz otgan bo‘lsa – uning qulashidan boshqa natija bo‘lmagan.

Ma’muriy va moliyaviy korrupsiya korrupsiyaning eng xavfli ko‘rinishlaridan sanaladi. Sababi – u davlat boshqaruv tizimini butunlay falaj qiladi, uning zimmasidagi vazifalarni bajarishga to‘sqinlik qiladi. Bu illatning salbiy, vayronkor oqibatlari shunchaki xato yoki kamchilik emas – u go‘yo termit kabi davlat va jamiyat tanasini kemirib boradi. Natijada mamlakatning taraqqiyot yo‘lidagi barcha dasturlar izdan chiqadi, adolat, halollik va tenglik kabi jamiyatni tutib turuvchi qadriyatlar yemiriladi.

Ana shunday xavflar bois bugun dunyoning turli mamlakatlarida halollik, oshkoralik va mas’uliyatni mustahkamlash bo‘yicha keng ko‘lamli tashabbuslar yo‘lga qo‘yilgan. Xalqaro miqyosda ham ma’muriy va moliyaviy korrupsiyaga qarshi kurashga bo‘lgan e’tibor tobora kuchayib bormoqda. Jahon banki yoki Xalqaro valyuta jamg‘armasidan kredit va yordam olishni istagan davlatlardan ham avvalambor korrupsiyaga qarshi qat’iy choralar ko‘rish, bu masalani o‘z siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirish talab etiladi.

Davlat boshqaruv tizimida ma’muriy va moliyaviy korrupsiyaning avj olishi natijasida yuzaga kelayotgan iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy to‘siqlar, shuningdek jamiyatning barcha ustunlarini larzaga soluvchi boshqa ko‘plab muammolar sababli, ushbu illatni faqat cheklash emas, balki to‘liq bartaraf etishga qaratilgan samarali mexanizmlarni izlab topish zarur bo‘lib qoldi. Chunki bu hodisa nafaqat davlat xizmatlarining — sog‘liqni saqlash, ta’lim, oziq-ovqat ta’minoti, sud tizimi va boshqa ko‘plab sohalarning — sifatini keskin pasaytiradi, balki jamiyatning barqarorligiga jiddiy tahdid tug‘diradi. Shu bois davlatning taraqqiyoti yoki tanazzulga yuz tutishida hal qiluvchi omillardan biri bo‘lgan ma’muriy va moliyaviy korrupsiyaga qarshi keskin choralar ko‘rish muqarrar bo‘lib qoldi.

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi Fayzullayev Solijon