Alloh taolo Qur’oni Karimni insonlarga hidoyat qilib nozil qildi, unda taqvodorlarga beriladigan ne’matlar va osiylarga beriladigan azoblar haqida juda ko‘p oyatlar bor. Ba’zilari oxiratda va ba’zilari shu dunyoning o‘zida beriladi, biz bugun zikr qilmoqchi bo‘lgan narsa, bu taqvodorlarga shu dunyoda beriladigan ulug‘ ne’mat ilm ne’matidir.

Avvalo taqvo haqida gapirsak, Alloh taolo juda ko‘p ko‘p o‘rinda zikr qilgan va payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam ham muborak hadislarida ummatni taqvoga chaqirganlar. Bundan tashqari sahobalar, tobeinlar va ulug‘ ulamolar bu haqida gapirib, kitoblar yozganlar. Biz ham ulardan iqtibos olib bir oyatni keltirsak,

و اتقوا الله و يعلمكم الله و الله بكل شيئ عليم

(سورة البقرة ٢٨)

“Va Allohga taqvo qiling va Alloh sizlarga ilmni o‘rgatadi. Alloh har bir narsani biluvchi zotdir”.   

Albatta Alloh bandalarga sanab ado qilolmaydigan darajada ne’matlar bergan, bularning ichida eng oliysi ilm ne’matidir. Odam alayhissalom ilm bilan farishtalardan ustun bo‘ldi va shu kungacha ilmli kishilar ilimsizlardan qadri baland bo‘lishda davom etib kelmoqda. Ilmli kishilarni oldida podsho-yu xalifalar jim turib so‘ziga quloq tutgan. Endi kishi taqvo qilar ekan Alloh unga ilm berib darajasini shu dunyoning o‘zida ko‘tarib qo‘yadi. Muhim jihati shuni qanday taqvo qilish mumkin?  Albatta buni javobini Alloh Qur’onida nozil qilgan. Qur’onda va hadislardagi buyruqlarni bajarib, qaytariqlardan qaytish bilan insonda taqvo hosil bo‘ladi va Alloh unga ilm beradi bu ilm bilan haq nima botil nima ajratadigan nima qilsa dunyo va oxiratga foyda ekanligini bilib oladi.

Taqvo haqida ulug‘ zotlar shunday degan. Aliy Ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: Taqvo — Jalil zotdan xavfda, Nozil bo‘lgan narsaga (Qur’onga) amalda, Kam narsaga rozilikda va Qiyomat kuniga tayyorgarlikdadir, dedilar.

Umar ibn Hattob roziyallohu anhu: Taqvo — kunduzlari ro‘zador, tunlar bedor o‘tkazishda emas. Balki Alloh harom qilgan narsalarni tark qilishdadir, dedilar.

Alloh bizni taqvoli, ilmli va ikki dunyo baxt saodatli bandalaridan qilsin!

 

Shopulatov Muhammadqodir

Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi

 3-kurs talabasi Manbalar asosida