Albatta barchamiz bilamizki, tarixda Vatan ramzlari doimo ulug‘ va muqaddas sanalgan. Bayroq hamisha insonlarni yakdillikka, ulug‘ maqsad yo‘lida birlashishga chorlagan. Davlat ramzlari or-nomus, shon-sharaf belgisi sifatida e’zozlangan. Zero, bayroq har bir xalq, millatning shonli o‘tmishi va buyuk kelajagi, asriy an’ana va urf-odatlarini o‘zida aks ettirgan.

Bayroq bu – yo‘lini yo‘qotganga yo‘lchi yuldiz, umidsizga bir umid, musofir uchun eng kuchli sog‘inchining belgisi, millatlar orasida insonning faxridir. Biz bu kabi ta`riflarni juda ko‘plab  davom ettirishimiz mumkin lekin faqat ta`riflashdan ko‘ra  bayroq qadrini bildiruvchi misollar keltiramiz.

Inson borki ish, majburiyat, orzu yoki boshqa sabab o‘zga yurtlarga borishiga to‘g‘ri keladi. Begona yurtda inson o‘z bayrog‘ini ko‘rganida ,bir gala olamon ichida o‘z ismini eshtiganday xushyor tortib sevinadi. Albatta bu hisni musofir bo‘lgan kishi juda yaxshi biladi.

Inson xotirjam yashayotgan vaqtida unga bayroq, madhiya, gerb yoki boshqa shu kabi narsalar haqida gapirilsa erish tuyilishi yoki oddiy tuyulishi mumkin. Bu tabiiy hol chunki inson tabiatida shunday bir tuyg‘u borki unda bor narsaning qadrini yo‘qotgan vaqtida yoki uzoqlashgan vaqtida biladi. Hikmatlarda “Aqlli kishi o‘zganing xatosidan, ahmoq kishi esa o‘zining xatosidan dars oladi” deb aytilgandir. Biz ham ayni shu hikmatga amal qilgan holda, vatanga uning ramzlarining qadrini undan mosuvo bo‘lmasdan oldin qadrlashimiz va e`zozlashimiz kerak.

Yurtimizning ulug‘ ulamolaridan bo‘lgan Kubroviya tariqati asoschisi bo‘lgan shayx Najmiddin Kubro hazratlarining mo‘g‘ullarga qarshi jangda bayroqqa bo‘lgan hurmati va vafotlari haqida ham ajoyib bir rivoyat keladi. “U zotni bir mo‘g‘ul askari o‘ldirgan vaqtida qo‘llarida bayroq bo‘lgan ekan. Lekin vafotlaridan keyin ham bir necha mo‘g‘ul askari bayroqni qo‘llaridan ololmaydilar”.

Ha aziz yurtdoshlar tarixda ham dinimizda ham bayroq qon va jon bilan himoya qilinadigan narsa bo‘lgan. Albatta bu bayroqning qanchalar muhim ekanidan darak beradi.

Barchangizni “18-noyabr — O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun” munosabati bilan tabriklagan holda bayrog‘imizni doimo sharafli, oliy va zafarli o‘rinlarda hilpiramoqligina tilab qolaman. Yana bir bor bayram muborak.

“Xoja Buxoriy” nomli o‘rta maxsus islom ta`lim muassasasi 2-kurs talabasi Fayzullo Xakimboyev