Bayroq — millat birligining ramzi

168

Oʻzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʻz davlat ramzlari — bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega. Boisi, davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinchligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Lekin dunyoda bironta ramz yoki timsol davlatni, millatni jahonga Davlat bayrogʻidek tanita olmaydi.

Binobarin, milliy davlatchiligimiz tarixining barcha davrlarida davlat ramzlari, xususan, bayroq Vatan timsoli sifatida muqaddas sanalgan. Buyuk bobomiz Amir Temur ham davlat ramzlariga jiddiy eʼtibor qaratganini jang maydonida bir lashkar omon qolsa ham, Vatanni bayrogʻini baland tutishiga farmon berganidan bilsa boʻladi. U kishi gʻoliblik bayrogʻini yuksak koʻtardi. Bu bayroq ostida buyuk el birlashdi, u barpo etgan ulugʻ saltanatni dunyo tan oldi.

Islom tarixiga nazar solsak, bayroq musulmon ummatining siyosiy, harbiy va ma’naviy hayotida beqiyos ahamiyat kasb etgan.

“Nurul Yaqin” kitobida keltirilishicha, Rasululloh sollollohu alayhi vasallam Xaybar jangida musulmon lashkariga bayroq topshirishlarini e’lon qildilar. Hadisda Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam shunday deganlar:

 “Ertaga men bayroqni Allohni va Uning Rasulini sevuvchi, Alloh va Uning Rasuli ham uni sevuvchi kishiga topshiraman.”

Ertasi kuni u zot bayroqni Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga beradilar.

Badr jangida Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning bayroqlari “al-Uqob” deb atalgan, uni Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhu ko‘targan. Uhud jangida ham shu bayroqni shu sahoba olib borgan, so‘ngra, bayroqni boshqa sahobalar davom ettirib ushlab turganlar.

Koʻrinib turibdiki, islomda bayroq muhim ramz bo‘lib, u sodiqlik va iymon timsoli,  tartib va yetakchilik belgisi, shuningdek musulmonlarning ruhiy birligini ko‘rsatadi.

Bayroq ostida odamlar bir maqsad sari intiladi, qiyinchiliklarga bardosh beradi va o‘zining tarixiy ildizlarini eslaydi. Shu sababli, bayroqni qadrlash nafaqat rasmiy majburiyat, balki ruhiy va ma’naviy mas’uliyat hamdir. Islom tarixida Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu bayroqni ko‘tarishi, Badr va Uhud janglarida Mus’ab ibn Umayr roziyallohu anhuning bayroqni olib yurishi, Amir Temur jang maydonida o‘z bayrog‘ini baland tutishi, bularning barchasi harbiy va ruhiy yetakchilik timsoli bo‘lgan, bu  nafaqat g‘alaba ramzini, balki xalqning birligini ham mustahkamlaydi.

Bugungi kunda milliy bayrog‘imiz ham shunday ma’naviy kuchga ega. Har bir rang, timsol va naqsh — xalqimizning orzu-intilishlari, sodiqligi va birlik ruhini ifodalaydi. Shu bois, bayroq ostida jamiyatning barcha qatlamlari birlashadi, yoshlar o‘z tarixini eslaydi va kelajak avlodlarga vatanparvarlik va fidoyilik ruhini yetkazadi.

Bayroq nafaqat ramz, balki bir xalqning ma’naviy qiyofasi va sodiqlik timsolidir. Shu sababli har bir inson uchun uning qadri va hurmati doimo yuqori bo‘lishi lozim. Bayroq ostida jamiyat birlashadi, tarix va ma’naviyat uzviy bog‘lanadi va kelajak avlodlar o‘z tarixiy merosini qadrlashni davom ettiradi.

Shunday qilib, tarixiy va zamonaviy tajriba shuni ko‘rsatadiki, bayroq insoniyat va millat hayotida doimo ruhiy va ma’naviy kuch markazi bo‘lib kelgan.

 

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi 4-kurs talabasi Zokirov Izzatulloh