Birdamlik, musulmon jamiyatining muhim va qadriyatli tushunchasi hisoblanadi. Islomda birdamlik va yagonalik, jamiyatning yagona maqsadga — Allohning roziligini erishishga yo‘naltirilgan mustahkam birlikni tashkil etishga katta ahamiyat berilgan. Bu masala borasida Qur’oni karimda va hadisi shariflarda ko‘p bora ta’kidlangan.

Birdamlik jamiyatni mustahkamlaydi, turli millatlar va toifalar orasida tinchlik va o‘zaro hurmatni mustahkamlaydi. Birdamlik musulmonlarning qudratini va salohiyatini kuchaytiradi. Birdamlik musulmonlarning diniy qadriyatlariga asoslangan holda oilalar, jamiyat va davlatda rivojlanishga yordam beradi.

Islom birdamlikka har bir musulmonni o‘z o‘rnida ishlashga, o‘zaro yordam berishga, bir-birini tushunishga da’vat qiladi. Musulmonlar boshqalarga yaxshilik qilish, o‘zgalarning ehtiyojlariga quloq solishga va ularning muammolarini hal qilishga harakat qilishlari lozimligini ta’kidlaydi. Islom dinida birdamlikning asosiy tamoyili — bu musulmonlarning ma’naviy va jismoniy birligi, ularning orasida mehr-muhabbat va insonparvarlikning mavjud bo‘lishidir.

Birdamlik, musulmon jamiyati uchun muhim va qadriyatli tushuncha bo‘lib, islomiy ta’limotlar va axloqiy meyorlar bilan chambarchas bog‘liqdir. Islomda birdamlik faqat faqat tashqi, jismoniy yoki siyosiy birlashishni emas, balki ruhiy va ma’naviy yaqinlikni ham nazarda tutadi. Buning asosida musulmonlar orasidagi muhabbat, ishonch, hamjihatlik va yordamlashish talab qilinadi. Birdamlik — bu, avvalo, Allohga va uning payg‘ambarlariga ishonch, biroq bu ishonchni amalga oshirishda o‘zaro hamjihatlik va birga bo‘lish muhimdir.

Qur’onning turli oyatlarida musulmonlarga birdamlik va o‘zaro yordamlashish, hamjihatlik targ‘ib qilingan. Birdamlik nafaqat musulmonlar orasidagi mo‘tabar qadriyat, balki jamiyatni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun shartdir.

“Barchangiz Allohning «arqoni»ni (Qur’onni) mahkam tuting va bo‘linib ketmang. …”. (Oli Imron surasi, 103-oyat) deydi. Ushbu oyatning tafsirida “Tafsiri Hilol”da shunday deyiladi: “Musulmon ummati najot topishi uchun barcha bir bo‘lib Allohning kalomi Qur’on karimni mahkam tutishlari lozimdir. “Barchangiz Allohning arqonini mahkam tuting”. Bu oyatning ushbu jumlalari musulmon olamini birlashtirish shioridir.  “… va bo‘linib  ketmang”. Avval birlashishga chaqirib turib, ortidan bo‘linmaslikka amr kelayapti. Shundan ham bu ishning naqadar muhim ekanini bilib olsa bo‘ladi va musulmonlarning birdamligini, yagona maqsadga yo‘naltirilgan bir jamiyatni qurish zaruratiga ishora qiladi.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadislarida birdamlikning ahamiyati qayd etilgan. Mo‘min mo‘minga bir—birini suyab turuvchi bino kabidir”. Muslim rivoyati.

 Boshqa hadisda: “Mo‘minlar o‘zaro mehr-muhabbatda bir tana kabidirlar. Bir a’zosi og‘risa, tananing boshqa a’zolari ham uyqusizlik va isitma bilan og‘rinadi”. Imom Muslim rivoyati.

Bu hadis musulmonlarning o‘zaro hamjihatlik va yordam berishda bir-birini tushunish va yagona maqsadga yo‘nalishini ta’riflaydi.

Birdamlik Islomda ko‘p ma’nolarni anglatadi:

Ruxiy va axloqiy birdamlik: Birdamlik birinchi navbatda ruhiy va axloqiy ahamiyatga ega. Bu musulmonlarning egalari bo‘lgan Alloh va uning payg‘ambarlariga ishonchni birga amalga oshirishdir. Shuningdek, birdamlik — musulmonlarning o‘zaro muhabbat va hurmatda yashashini ta’minlaydi. Musulmonlar, o‘zlari e’tibor qaratadigan qadriyatlar, namoz, ruza, zakot va haj kabi ibodatlarda birga harakat qilishadi.

Fiqhiy (huquqiy) birdamlik: Islom jamiyatida birdamlik jamiyatning barqarorligini saqlash uchun muhimdir. Musulmonlar o‘zlarining huquqlariga va majburiyatlariga ehtiyotkorlik bilan yondashishlari, shariat qoidalariga rioya qilishlari kerak. Bu, o‘zaro adolat va tinchlikni ta’minlaydi.

Ijtimoiy birdamlik: Birdamlik nafaqat shaxsiy hayotda, balki ijtimoiy hayotda ham muhimdir. Musulmonlar orasidagi birdamlik jamiyatdagi ijtimoiy adolatni saqlash, yordamlashish va muhtojlarga yordam berish, farzlarni va oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga yordam beradi.

Birdamlik jamiyat va odamlarning haqiqiy rivojlanishi uchun muhim bir mezon bo‘lib, jamiyatdagi turli jamoalar o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlaydi, turli millatlar va madaniyatlar orasida tinchlik va o‘zaro hurmatni ta’minlaydi. Birdamlik yo‘q bo‘lsa, jamiyatda bo‘linmalar paydo bo‘lishi mumkin, bu esa iztirob va kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi.

Birdamlikni ta’minlash uchun musulmonlar ta’lim va ijtimoiy faoliyatlarida ham birga harakat qilishlari kerak. Bu birdamlik, ijtimoiy munosabatlarda, oilaviy va ishchi munosabatlarda o‘zini namoyon qiladi.

Zero, Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Islom dini – avvalo, tinchlik va do‘stlik, ahillik va birdamlik, bilim va ma’rifat dinidir. Mana shu oliy haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim”.

  O‘tkir Mahmudov

“Xoja Buxoriy” islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi