CHALG’ITUVCHI DUNYODA MUVAFFAQIYAT SIRLARI (2-qism)

37
  1. Internetda yolg’on ya’ni fake ma’lumotlarning ko’pligi.

Yuqorida ta’kidlaganimizdek, internet va ijtimoiy tarmoqlarga istalgan shaxs istalgan paytda istagan ma’lumotini tarqatmoqda. Yolg’on va montaj qilingan ma’lumotlar orqali muayyan shaxslarni obro’sizlashtirishda, insonlarni propaganda oqimiga tushirib, ularga o’zining axloqsizlik va bema’nilikdan iborat fikrini singdirishda, millatchilik, irqchilik va diniy nizolarni keltirib chiqarib, davlat ichida yoki davlatlararo keskinlik oshirilyapti. Bu esa turli mintaqalarda urushlarga, kelishmovchiliklarga sabab bo’lmoqda. Yolg’on va salbiy propaganda asiri bo’lib qolishdan himoya shubhali kontentlarni tekshirish, faqat rasmiy kanal va sahifalarni kuzatib borish va internetdagi notanish kishilar so’zi, va’dalariga ishonmaslik bilan bo’ladi.

يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُوٓاْ إِن جَآءَكُمۡ فَاسِقُۢ بِنَبَإٖ فَتَبَيَّنُوٓاْ أَن تُصِيبُواْ قَوۡمَۢا بِجَهَٰلَةٖ فَتُصۡبِحُواْ عَلَىٰ مَا فَعَلۡتُمۡ نَٰدِمِينَ

 Ey iymon kеltirganlar! Agar fosiq (gunohkor) xabar kеltirsa, aniqlab ko‘ringlar, bir qavmga bilmasdan musibat yetkazib qo‘yib, qilganingizga nadomat chеkuvchi bo‘lmanglar. (Hujurot surasi, 6-oyat)

Bu oyat musulmonlarni har qanday xabarni darhol qabul qilmaslik, uni tekshirish, ishonchli manbalardan tasdiqlashga undaydi. U nafaqat fosiq, balki har qanday gumonli yoki noma’lum manbadan kelgan ma’lumotga ehtiyotkor bo‘lish kerakligini eslatadi.

  1. Internet orqali faxsh ishlarning keng tarqalishi.

Internetning eng katta salbiy jihatlaridan biri dinimizda katta gunoh sanalgan zinoga keng yo’l ochib berishligidir. Bu ko’pincha yosh avlodning axloqiga ta’sir o’tkazmoqda. Bunday narsalarni nafaqat milliy qadriyatlarimiz, balki, dinimiz ham qoralaydi. Islomda zino eng katta gunohlardan biridir. Ko’z zinosi esa qalbning qotishiga, limning yuqmasligiga, xotiraning susayishiga va tarbiyaning buzilishiga  olib keladi. Alloh taolo Qur’oni Karimda:

وَلَا تَقْرَبُوا الزِّنَا ۖ إِنَّهُ كَانَ فَاحِشَةً وَسَاءَ سَبِيلًا

Va zinoga yaqinlashmanglar. Albatta, u fohisha ish va yomon yo‘ldir. (Isro surasi, 32-oyat)

deb aytadi. Alloh taolo kalomida “zino qilmanglar” emas “zinoga yaqinlashmanglar” dedi. Ya’ni o’z bandalariga zinoga olib boruvchi har qanday vositadan uzoq bo’lishlikka buyuryapti. Endi o’ylab ko’ring! Ushbu oyat internet va ijtimoiy tarmoqlarga ham ishora emasmi? Albatta, shunday. Rosululloh sollallohu alayhi vassallam musulmon kishi Allohga iymon keltira turib, zino qilmasligini aytganlar. Shunday ekan, mo’min-musulmon bu kabi ishlardan uzoqda bo’lmog’i lozim.

  1. Ijtimoiy tarmoq orqali kimnidir so’kish, obro’sizlantirish, haqorat va masxara qilish.

Bu kabi illatlar ham zamonamizda dolzarb hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoq izohlarida kimnidir so’kish, haqorat qilish va kamsitish holatlari ko’p uchrab turmoqda. Bunday insonlarni “klaviatura arslonlari” desak mubolag’a bo’lmaydi. Dinimizda birovni so’kish, kamsitish, masxaralash va haqorat qilishlik harom sanaladi. Hattoki, Alloh subhana va taolo bunday sifatli kishilarga la’nat bo’lsin degan.

وَيۡلٞ لِّكُلِّ هُمَزَةٖ لُّمَزَةٍ

Har bir obro‘ to‘kuvchi va ayblovchiga «vayl» bo‘lsin. (Humaza surasi, 1-oyat)

Xulosa shuki, chalg’ituvchi dunyoda muvaffaqiyatga erishish uchun islom dini ahkomlariga amal qilishlik, Qur’on va sunnatni mahkam tutishlik, adashgan firqalar fitnasiga uchmaslik, ma’naviy ozuqa bo’lmish kitobni o’qishlik, samimiy, axloqli inson bo’lishlik, biror kasb yoki hunar bo’yicha mutaxassis bo’lishlik, ilm olishlik kabi amallarning o’zi kifoya.

Saidov Ibrohimxon

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi  2-kurs talabasi