BAG’RIKENGLIK SIVILIZIYATLASHUV OMILI

56

Bag’rikenglik tushunchasi ingliz tilida “tolerance”, rus tilida esa “толерантность” deb yuritiladi. Bu so’z aslida lotin tilidan olingan bo’lib “tolerantia” sabr-toqat degan ma’noni bildiradi. Ya’ni o’zga xalq va millatlarning xulq-atvori, madaniyatlari, g’oyalari, fikrlari, irq va ko’rinishlariga, e’tiqodlariga nisbatan toqatli bo’lishni anglatadi. Bag’rikenglik keng ma’noli so’z hisoblanadi. Barcha insonlar va millatlarning bir biriga bo’lgan iliq munosabatlari, o’zaro hurmat va adolatning bo’lishligiga bag’rikenglik deyiladi. Tarixdan ma’lumki, insonlarning urushlar tufayli halokatga yuz tutishi, obod, ko’rkam shaharlarning xarobaga aylanishi, notinchlik sabab yuzaga kelgan ochlik va kasalliklarning paydo bo’lishligi, mintaqaviy yoki davlatlar o’rtasidagi murosasizliklarning tag zamirida diniy va dunyoviy bag’rikenglikning bo’lmasligi sababdir.

Insonlarga tolerantlik ruhiyatini singdirish va bag’rikenglik tamoyillarini qayta eslatish uchun har yili 16-noyabr “Xalqaro Bag’rikenglik kuni” deb belgilangan. “Xalqaro Bag’rikenglik kuni” 1995-yilda YUNESKO tomonidan qabul qilingan.

Bilamizki, islom-tinchlik va ezgulik dini. Bag’rikenglik va tinchlik tushunchalari islomda muhim ahamiyat kasb etadi. Islom ezgulik va tinchlik dini bo’lib, nafaqat musulmonlar bilan, balki, boshqa din vakillari bilan ham tinch-totuv yashashni buyuradi. Alloh taolo o’z kitobida shunday marhamat qiladi:

لا يَنۡهَىٰكُمُ ٱللَّهُ عَنِ ٱلَّذِينَ لَمۡ يُقَٰتِلُوكُمۡ فِي ٱلدِّينِ وَلَمۡ يُخۡرِجُوكُم مِّن دِيَٰرِكُمۡ أَن تَبَرُّوهُمۡ وَتُقۡسِطُوٓاْ إِلَيۡهِمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ يُحِبُّ ٱلۡمُقۡسِطِينَ

Аlloh sizlar bilan din borasida urush qilmagan va sizlarni diyorlaringizdan quvib chiqarmaganlarga yaxshilik va adolat qilishdan sizlarni qaytarmas. Аlbatta, Аlloh adolat qiluvchilarni sevadir. (Mumtahana surasi, 8-oyat) Ya’ni, Alloh taolo musulmonlarga adovat ila urush qilmagan, tinchlik tarafidagi o’zga din vakillariga “yaxshilik va adolat qilish”ni ta’kidlayapti. Va oyatning oxiri esa “Albatta, Alloh adolat qiluvchilarni sevadir” degan kalima bilan tugayapti. Haqiqatda, Alloh taolo adolatli zot xoh mo’min, xoh g’ayridin bo’lsin Alloh barchasiga adolat ila muomala qiladi va bandalariga ham adolatli bo’lmoqlikni buyuradi. Suyukli payg’ambarimiz Muhammad sollallohi alayhi vassalam ham o’ta sabr-toqatli va bag’rikeng bo’lganlar. Mushrik va kofirlarning turli zulmlariga sabr qilganlar. Johiliyat davrida payg’ambarimizga dushman bo’lib, keyinchalik iymon keltirgan sahobalarni avf etib, qilgan zulmlarini kechirib, o’z saflariga taklif qilganliklari haqida turli qissalar tarix kitoblarida kelgandir. Rasuli akram sollollohi alayhi vassalam boshqa din vakillaridan hadyalar olganliklari, nasroniylarni o’z masjidlarida mehmon qilganliklari, yahudiy qo’shnisiga xizmatchi orqali hadya tayyorlatganliklari, yahudiylardan bo’lgan xizmatchisi betob bo’lganda uni uyiga borganliklari hadislarda keltirilgan. Shuning uchun ham, boshqa din vakillari bilan savdo-sotiq qilish, moliyaviy munosabatlar olib borishlik, ularning huzurida haq evaziga ishlash va ishlatish joizdir. Hattoki, musulmon kishi boshqa dindagi tanishi vafot etganda uning ta’ziyasida ishtirok etishi, uning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, sabr tilashligi ham joizdir. Musulmonlarga o’zga dindagilarning molini nohaq talashi,olib qo’yishi, ularning omonatlariga xiyonat qilishligini islom shariati man qiladi.

O’zbekiston Respublikasida 1992-yilda Baynalmilal madaniyat markazi negizida Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasi tashkil etildi. Bugungi kunda, O’zbekistonda islom dini bilan bir qatorda provaslavlar, baptistlar, yahudiylar, adventistlar, katoliklar, lyuteranlar, buddistlar, krishnaitlar singari bir qancha din va mazhablar bordir. Ushbu din vakillari ham o’z ibodatxonalariga, sinagogalariga, o’quv muassasalari va seminariyalariga egadir. Ularning qonunga xilof bo’lmagan diniy marosimlari va tadbirlarini o’tkazilishiga davlat hech qanday mone’lik qilmaydi. Xulosa o’rnida shuni aytish joizki, dunyodagi barcha murosasizliklar, katta-kichik urushlarning oldini olish uchun barcha davlatlarda o’zaro dunyoviy va diniy bag’rikenglik, tolerantlikning shakllanishi muhimdir.

Saidov Ibrohim 

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 2-kurs talabasi