VATAN TUYGʻUSI
257

Vatan — har bir inson uchun eng muqaddas va aziz maskandir. Insonning yuragida vatanga bo‘lgan muhabbat, sadoqat va g‘urur tuyg‘usi tabiiy ravishda uyg‘onadi. Chunki Vatan – bu bizning ona zaminimiz, tilimiz, tariximiz va ajdodlarimizdan qolgan bebaho merosdir. Vatanga muhabbat insonni fidoyilik, mehnatsevarlik va birlikka chorlaydi. Shu bois vatanparvarlik tuyg‘usi har bir insonning qalbida mustahkam bo‘lishi, uni asrab-avaylash esa barchamizning muqaddas burchimizdir.
- Vatan soʻzining kelib chiqishi va lugʻaviy maʼnosi.
Vatan (وَطَنٌ)soʻzi arabchadan olingan bo‘lib yutr, joy, maskan va makon degan ma’nolarni anglatadi. Alloh taoloning muborak kalomi Qur’oni karimda vatanni joy ma’nosida ishlashiga misol kelgan: (لَقَدْ نَصَرَكُمُ اللَّهُ فِي مَوَاطِنَ كَثِيرَةٍ) ya’ni oyatni tarjimasi “Alloh sizlarga ko‘plab joylarda (jang maydonlarida) nusrat (yordam) berdi.” (Tavba surasi 25-oyat) Arab tilida so‘zning uchta asliy harflariga mim harfi qo‘shilishi bilan so‘z makon yoki zamonga dalolat qiladi. Misolda keltirilgan (مَوَاطِنَ) ham shu qabildan hisoblanadi, ya’ni yashash makoni degan ma’noni ifodalaydi.
- Vatanga muhabbatli boʻlishga va unga doir misollar.
Har qanday insonni ham o‘z Vataniga nisbatan ichida hurmati, muhabbati mavjud bo‘ladi. Lekin ayrim kimsalarda bu tuyg‘u yuzi yoki gapida aks etmasada ich-ichida tug‘ilgan maskaniga bo‘lgan muhabbat otashi bo‘ladi. Bu muhabbat otashi biror boshqa yurtga chiqib musofir bo‘lganida alanga oladi.
Inson kindik qoni to‘kilgan makoniga doim yaxshilik tilab, yon atrofidagilar farovon hayot kechirishini Alloh taolodan ko‘p-ko‘p so‘rab turishi kerak. Buni Ibrohim alayhissalom amalda ko‘rsatib berganlar. Robbul olamin kalomida Ibrohim alayhissalomning bu boradagi duolarini Baqara surasining 126-oyatida keltirgan:
(وَإِذۡ قَالَ إِبۡرَٰهِيمُ رَبِّ ٱجۡعَلۡ هَٰذَا بَلَدًا ءَامِنٗا وَٱرۡزُقۡ أَهۡلَهُۥ مِنَ ٱلثَّمَرَٰتِ مَنۡ ءَامَنَ مِنۡهُم بِٱللَّهِ وَٱلۡيَوۡمِ ٱلۡأٓخِرِۖ)
Ma’nosi: “Ibrohimning: Rabbim, bu (Makka) shaharni xavfsiz joy qil va uning aholisidan Allohga hamda oxirat kuniga iymon keltirganlarga turli mevalarni ato et! Deganini eslang.” Yuqorida keltirilgan Qur’oniy duodan har bir yurt aholisi yashab turgan maskaniga tinchlik, omonlik so‘rashi, yurti uchun jon kuydirishi kerakligini anglash mumkin. Hadisi sharifda ham vatanga muhabbat qo‘yish kerakligiga dalolat qiladigan Rosulimizning so‘zlari bor:
وَعَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ ﷺ لِمَكَّةَ: مَا أَطْيَبَكِ مِنْ بَلَدٍ وأَحبَّكِ إلَيَّ، وَلَوْلَا أَنَّ قَوْمِي أَخْرَجُونِي مِنْكِ مَا سَكَنْتُ غَيْرَكِ
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu andudan rivoyat qilingan hadisda aytadilar: Rosululloh sollollohu alayhi vasallam Makkaga: “Bunchalar hushbo‘y, menga suyukli shaharsan. Agar qavmim meni sendan chiqarib yuborishmaganida edi, sendan o‘zga(yurt)da yashamagan bo‘lar edim”, deb aytganlar. Payg‘ambarimizning bu so‘zlaridan Makkaga bo‘lgan muhabbatlarini, unga nisbatan bo‘lgan tuyg‘ularini ko‘rishimiz mumkin.
Xulosa qilib aytganda kishi manfaatlanayotgan har narsasini qadriga yetishi, unda nisbatan o‘zida ijobiy qarashlarni shakillantirishi kerak. Vatan ham huddi insonni onasi kabi unga boshpana beradi, yeguliklar bilan ta’minlaydi. Shunday ekan har kim yashab turgan zaminiga iliq his tuyg‘ularini yanada shakillantirishi kerak. Xossatan, Vatanini asrab, tinchligiga o‘z hissasini qo‘shishi, qolaversa chiqarilgan qonun-qoidalarni qanday chetlab o‘tish haqida emas, aksincha unga imkon qadar amal qilish va bu qilgan amaliga faxrlanish tuyg‘usini sezadigan darajaga yetishi kerak.
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi TURDIBAYEV ANASXON
