ISLOMDA TINCHLIK VA BAG‘RIKENGLIK MASALALARI

103

Yer yuzida barcha millat va elatlar uchun tinchlik tushunchasi juda e’zozli va qadrli tushunchadir. Nafaqat oila balki, butun bir mamlakatlar miqyosida har xil iqtisodiy, siyosiy xalqaro muammolarda saqlanadigan tinchlik har bir insonga alohida mas’uliyat yuklaydi. Iqtisodni mustaqil taraqqiyot yo’liga boshlagan davlatlarga tinchlik va osoyishtalik lozimligini tarixdan ko’rishimiz mumkin.

Mustaqillikka erishgan respublikalar albatta tinchlikni saqlashlari zarur. Faqat tinchlik saqlangan holda, biz mustaqil to’g’ri yo’lni tanlay olamiz. Faqat tinchlikni saqlagan holda, biz iqtisodiy rivojlana olamiz[1].

Bag’rikenglik — bizning dunyomizdagi turli boy madaniyatlarni, o’zini ifodalashning va insonning alohidaligini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilishi, qabul qilishi va to’g’ri tushunishni
anglatadi. Uni bilim, samimiyat, ochiq muloqot hamda hurfikr, vijdon va e’tiqod vujudga keltiradi. Bag’rikenglik — turli-tumanlikdagi birlikdir. Bu faqat ma’naviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy
ehtiyoj hamdir. Bag’rikenglik — tinchlikka erishishni musharraf qilguvchi va urush madaniyatsizligidan tinchlik madaniyatiga eltuvchidir[2].

“Bag’rikenglik” tushunchasining ilmiy faoliyat va ijtimoiy hayotning turli sohalari, jumladan, siyosat va siyosatshunoslik, sotsiologiya, filosofiya, ilohiyot, ijtimoiy axloq, qiyosiy dinshunoslik kabi sohalarda keng istifoda etiladigan tushunchalardan biri hisoblanadi. Lotincha “tolerare” ya’ni “chidamoq”, “sabr qilmoq” ma’nosini anglatadi. Ushbu so’z bir insonning boshqa bir inson dunyoqarashiga toqat qilishini bildirsa-da, etimologik tahlil uning tom ma’nosini doim ham ochib beravermaydi[3].

Butun bashariyat uchun yagona diniy ta’limot bo’lishi mumkin emas. Barcha dinlar zamirida ezgulik mavjud bo’lib, eng kam tarqalgan dinlarda ham ezgulik eng asosiy vazifalardan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan barcha jahon dinlarini bag’rikenglik asosida o’rganmog’imiz lozim. Shundagina, biz o’z dinimizning asl mazmun-mohiyatini to’g’ri tushuna olishimiz mumkin.

Islom dini dunyo xalqlariga Alloh taoloning ulug’ da’vati rahm-shafqat, xotirjamlik, tinchlik va adolatni keltirdi, insonlar o’rtasida taqvodan boshqa afzallik yo’q, ular bir-birlari bilan tengdir, degan g’oyani olg’a suradi. Islom dini o’zga dinlarni inkor etmaydi, aksincha Allohning kalomi Qur’oni karim o’zidan oldingi muqaddas kitoblar Zabur, Tavrot, Injillarni tan olishga, ahli kitoblarni, ya’ni boshqa din vakillarini hurmat qilishga chaqiradi.

Islom o’zining ilk davridayoq bag’rikenglik dini sifatida namoyon bo’ldi. “Baqara” surasining 256-oyatida “La ikraha fid-din” (“Dinda zo’rlash yo’q”) – deyilgan. Qur’onda payg’ambarimizlarning o’ziga xos shajarasi quyidagi tarzda keladi:

“Allohga, bizga nozil qilingan narsa (Qur’on)ga va Ibrohim, Ismoil, Ishoq, Yoqub va (uning) avlodlariga nozil qilingan narsalarga, Muso va Iso hamda barcha payg’ambarimizlarga Parvardigorlari tomonidan berilgan narsa (vahiy)ga imon keltirdik. Ularning orasida birortasini (tasdiqlashda) farq qilmaymiz va Uning o’zigagina bo’yin sinuvchilarmiz”[4].

Ko’pincha Qur’on va hadislardagi ba’zi o’rinlarni, ayniqsa urush haqidagi, jihod to’g’risidagi ko’rsatmalarni noto’g’ri ravishda, jangarilik ruhida talqin qilishadi. Vaholanki, haqiqiy islom nuqtai nazaridan qaralsa, bunday urush faqat mudofaa maqsadida olib borilgandagina shar’iy (qonuniy)dir. Aks holda, hatto islom dinini tarqatish uchun bo’lganda ham urush muqaddas emasdir. Qur’on oyatlarini sinchiklab o’rgangan kishi shak-shubhasiz shunday xulosaga kelishi muqarrar. Bundan 100 yil avval ko’zga ko’ringan rus faylasufi V.S.Solovev shunday yozgan edi: “Yuqorida keltirilgan Qur’on matnlaridan Muhammadga nisbatan fanatizm, toqatsizlik, diniy zo’ravonlik kabi ayblar qanchalik nohaq ekanini ko’rdik. Umuman musulmonlarning muqaddas kitobida Muhammad tomonidan dinni ongli ravishda suistemol qilinganligi haqida bironta so’z  yo’q”. Undan yarim asr avval gollandiyalik yirik islomshunos olim Raynxard Dozi ham aynan shu fikrni aytgan edi: “Evropada uzoq vaqt davomida hukmron bo’lib kelgan bu haqdagi (musulmonlarning islomni tarqatish yo’lida muqaddas urush-jihod qilishlari lozimligi) fikr to’g’ri emas. Qur’onda diqqat bilan qaralsa, barcha imonsizlarga qarshi urush olib borish haqida bironta ko’rsatma yo’q… Muqaddas urush faqat birgina holatda-musulmonlarga dushman hujum qilgandagina vojibdir, agar kimda-kim Qur’on ko’rsatmalarini boshqacha tushunsa, bunga ilohiyotchilarning noto’g’ri talqini aybdor”.

“Arab tilida “islom” so’zi “tinchlik” degan so’zning o’zagidan olingan. Qur’on urushni Xudoning irodasiga zid g’ayritabiiy holat sifatida qoralaydi… Islom muxolif tomonni yo’qotishga qaratilgan bosqinchilik urushlarini ta’qiqlaydi… Islom faqat muqarrar bo’lib qolgan va himoyalanish uchun bo’ladigan urushlarnigina tan oladi va ayrim hollarda ularni odamlarga qilinayotgan haqsizlik va azob-uqubatlarni tugatishga qaratilgan ezgu majburiyat sifatida baholaydi. Ammo adolatli urush ham qat’iy had — chegaralar hisobga olingan holda, iloji boricha insonparvarlik yo’li bilan olib borilishi kerak.

Muhammad sollallohu alayhi vasallam faqatgina Makka mushriklari bilangina emas, balki bir paytning o’zida mahalliy yahudiy qabilalari, shuningdek yahudiylar bilan til biriktirib, unga hujum qilishni rejalashtirgan Suriyadagi nasroniy qabilalar bilan ham urushishga majbur bo’lgandilar. Ammo bu holat uning qalbida dushmanlariga nisbatan nafrat tug’dirmadi, uni “Ahli Kitoblar”ni (nasroniy va yahudiylarni) la’natlashga olib kelmadi. Uning musulmonlari o’z hayotlarini jismonan himoya qilishga majbur bo’lishdi, lekin ular o’z dushmanlarining diniga qarshi muqaddas urushga kirganlari yo’q.

Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam musulmon qo’shinlariga boshliq sifatida o’zlarining ozod qilgan qullari Zaydni nasroniylarga qarshi urushga jo’natayotganda unga Alloh yo’lida mardona jang qilishni, ammo insonparvarlikni unutmaslikni buyurganlar. Ular diniy xizmatchilarni, rohib va rohibalarni bezovta qilishmasdi, urushda qatnashmayotgan, bemajol odamlar, ayollar, yosh bolalar, keksalarni nishonga olmas, ularga zarar etkazmasdi. Ular tinch fuqarolarni, aholini o’ldirishmagan, bino va uy-joylardan hech birini vayron qilishmagan…[5].

Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam vafotlaridan keyin musulmonlarga bosh bo’lgan “xulofai roshidin” (ya’ni, to’g’ri yo’ldagi xalifalar) ham ozod qilingan o’lkalarda mahalliy aholi va yangi ko’chib kelganlar uchun tinch va xavfsiz holda ahil-totuv yashash imkoniyatini yaratib berishgan. Xalifalarning birinchisi Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu Suriyaga harbiy yurishga ketayotib, o’z qo’shinlariga Qur’oni karimning haqiqiy da’vatiga yorqin misol bo’lgan quyidagi buyruqni bergandilar:

“Ey, insonlar, men sizlarga chin dildan amal qilishingiz lozim bo’lgan o’n qoidani ma’lum qilaman. Ularni aslo esdan chiqarmang va to’g’ri yo’ldan adashmang. Bolalarni, ayollarni va keksa kishilarni o’ldirmang. Xurmo daraxtlariga o’t qo’ymang va daraxtlarni kesmang. Tuyalarni, podalarni va boshqa (hayvonlar) to’dasini o’ldirmang… Siz o’zga ishlar, oxirat dunyosiga xizmat qilish bilan mashg’ul odamlarni uchratasiz. Shunda ularni o’z holiga qo’ying. Sizga turli noz-ne’matlarni tuhfa qilib kelgan odamlarni uchratasiz, ulardan eng, ammo Alloh nomini esga olishni unutmang”[6].

Xalifalikni Abu Bakrdan roziyallohu anhu qabul qilib olgan xalifa hazrati Umar roziyallohu anhu o’zining o’zga dinlarga xayrixohligi, rahm-shafqatliligi va adolatparvarliligi bilan Islom dunyosidan tashqarida ham ma’lum va mashhur edi. U Arab xalifaligiga qo’shilgan erlarning xalqlari bilan Islomning chinakam adolatparvarligi va din erkinligiga xayrixohligiga misol bo’la oladigan qator bitimlarini tuzdi. Masalan, Quddus va Ludda nasroniylari bilan imzolangan xavfsizlik deklaratsiyasiga muvofiq shahardagi cherkovlar buzib tashlanmasligi, musulmonlar nasroniylarning ibodatxonalarini bosib olmasligi va ularda o’zining ibodatlari va sig’inishlarini amalga oshirmasligi kafolatlangandi. Ana shunday sharoitlar Baytlahm (Vifleem) nasroniylariga ham yaratib berilgandi. Ktesifon (al-Madain) shahri xalifalikka qo’shib olingandan so’ng Nestorian patriarxi Ieshuyabga (650-660) berilgan Xavfsizlik Deklaratsiyasi ham cherkovlarning butunligini asrab qolishni va mavjud binolarning birortasini ham masjidga aylantirmaslik majburiyatini ko’zda tutgandi… Xalifa hazrati Umar roziyallohu anhu o’z majburiyatlariga sodiq qoldi. Shahar fath etilgandan so’ng ko’p o’tmay Nestorian patriarxi Ieshuyabning o’z do’stiga yozgan maktubi hatto nasroniylarning o’zlari ham musulmon hukmdorlarning ahli kitoblarga adolat va xayrixohlik bilan munosabatda bo’lganlarini tan olishganiga yorqin dalil bo’lib xizmat qiladi: “Xudo O’zining irodasini ato etgan… bu arablar bizga hech qanday zarar etkazishmadi. Haqiqatdan ular bizning dinimizga, ruhoniylarimizga, cherkov va monastirlarimizga hurmat bilan qarashdi…”[7].

Musulmonlar tomonidan fath etilgan davlatlarning xalqlari Islomni qabul qilishga zo’rlab majburlangan, degan soxta da’volar va tasavvurlar G’arb tadqiqotchilarining o’zlari tomonidan rad qilindi, musulmonlarning adolatli va diniy xayrixohlik bilan munosabatda bo’lishini hamma tan oldi. Bu to’g’rida din tarixchisi L. Braun shunday deydi: “Nasroniylarning musulmonlar o’z davlatlariga qo’shib olgan xalqlarni qilich bilan islomni qabul qilishga majburlagan, degan da’volari g’irt to’qima ekanini isbot talab qilmaydigan dalillar tasdiqlab turibdi… Ularni yangi erlarni qo’shib olishga ruhlantirgan dinamik omillar ular odamlarni da’vat qilgan musulmon birodarligi va iymoni edi… Bu birodarlikning miqyosi xuddi sel kabi kengayib, Islomni qabul qilgan yangi odamlar bilan to’lib-toshib boradi”[8].

Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki, muqaddas kitoblarida qayd etilishicha, Xudo insonni bir ota va onadan yaratgan, lekin ular bir-biri bilan muloqat qilishi, tanishishi uchun millatlarga bo’lib qo’ygan. Dunyodagi dinlarning barchasi ezgulik g’oyasiga asoslanadi va yaxshilik, tinchlik, do’stlik kabi xususiyatlarga tayanadi. Din odamlarni halollik va poklik, mehr-shafqat, birodarlik va bag’rikenglikka da’vat etadi[9].

Musulmonlar hech qachon dunyoda buzg’unchilik va dushmanlik urug’larini sepishmagan. Ular qaergacha etib borishgan bo’lsa, o’sha erlarga va xalqlarga xavfsizlik, barqarorlikka chaqirishgan. Inson huquqlarini qamrab oluvchi va adolat tamoyillarini amalda qo’llovchi insonparvar ijtimoiy tizim islom bilan hamohangdir. Islom bu tamoyillarni tan oladi va ularni ma’naviy, axloqiy hamda ijtimoiy tarafdan to’ldiradi.

Qosimov Muzaffar Maxmatqulovich

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha mudir o’rinbosari, magistr

  

[1] Xalq so’zi. 1993 y. № 12.

[2] YuNESKO xalqaro me’yoriy hujjatlari. Bag’rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi. 2004. –B.90.

[3] Bag’rikenglik – barqarorlik va taraqqiyot omili. -T.:TIU, 2007. –B. 88.

[4] Abduaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolari tarjimasi. “Oli Imron” surasi. 84-oyat. -T.: TIU, 2001.

[5] Islom terrorni la’natlaydi /Tarjimon: Ahmad Muhammad Tursun.  -T.: Mutarjim,  2003.  -B. 24.

[6] http://islam.ziyouz.com

[7] http://islam.ziyouz.com

[8] Islom terrorni la’natlaydi /  Tarjimon: Ahmad Muhammad Tursun.  -T.: Mutarjim,  2003.  -B. 25.

[9] Hamjihatlik va bag’rikenglik taraqqiyot omili. O’zbekiston Respublikasi banalmillal madaniyat markazi. 2001 y. –B.30-31.