Bayroqning Islom dinidagi ahamiyati
38

Bayroq insoniyat tarixida xalq, jamoa yoki davlatning birlashuv ramzi sifatida muhim o‘rin tutib kelgan. Islom dini ham bayroq masalasiga befarq bo‘lmagan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridan boshlab musulmon olamida bayroq — birlik, adolat, himoya va maqsad yo‘lidagi yuksak shior sifatida qadrlangan. Qur’onda bayroq so‘zi bevosita tilga olinmagan bo‘lsa-da, Qur’on doimo musulmonlarning shiorlarini hurmat qilishni targ‘ib qilgan. Bayroq ham shu belgilar sirasiga kiradi. Sunnatda esa bayroq alohida o‘rin egallaydi. Hadis va islom tarixi kitoblarida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam safarlarda bayroq ko‘targanlari, sahobalarga bayroq topshirganliklari ko’p rivoyat qilingan. Ba’zi safarlarda Muhojirlar va Ansorlar alohida alohida bayroqlar ostida saf tortganlar. Musulmonlarning tarixida bayroq — birlashuv va tartib ramzi sifatida qadrlanga. Bayroq shunchaki mato emas, balki jamiyatning e’tiqodi, qadriyati, maqsadlari va orzu-umidlarini ifodalovchi timsoli bo‘lgan.
Islom tarixida bayroqlar ranglar orqali ham ma’no olgan: oq rang poklik va tinchlikni, qora rang jiddiyat va qat’iyatni, yashil rang esa hayot, baraka va jannatni ifodalagan.
Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning oq va qora rangli bayroqlari bor ekanligi mashhur. Qora bayroqlari (burgut — عقاب) deb nomlangan, uning shakli to’rtburchak shaklda bo’lib, qora va qisman oq yo’l yo’l gazlamadan ishlangan bo’lgan. Qo’shimchasiga, bayroqdorlik yuksak vazifa va muqaddas burch hisoblangan, sahobalar bayroqdor bo’lishni orzu qilganlar, hatto musulmonlarning amiri Umar ibn Hattob roziyallohu anhu ham, bayroqdor bo’lishni qattiq istaganliklari barchamizga ma’lum.
Bugungi musulmon jamiyatlarida bayroq millatning sha’ni, mustaqillik belgisi va ma’naviy qadriyatlar asosi sifatida e’zozlanadi. Bayroqni hurmat qilish — o‘z vataniga va diniga sadoqatni anglatadi. Bayroqni tahqirlash esa aholining qadriyatlarini kamsitish hisoblanadi. Xulosa qilib aytganda, Islom dini bayroqni oddiy mato emas, balki birlik, e’tiqod, mas’uliyat va tartib ramzi sifatida qadrlaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlaridan bugungi kungacha bayroq musulmon jamiyatining ruhiy-ma’naviy timsoli sifatida o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi 3-kurs talabasi Haydarov Boburbek
