YO‘QOTILGAN BAXT
54

Rivoyat qilinishicha, juda boy bir kishi bor edi. U vaqtining ko‘p qismini ishlariga va moliyaviy masalalariga sarflar edi, xotini va bolalari bilan osoyishta o‘tirishga ham vaqt topolmas edi.
Uning bir qo‘shnisi esa kambag‘al, kunlik rizqini topishning o‘zi unga qiyin edi. Ammo u hayotidan mamnun va baxtli edi. Har kuni u xotini va farzandlari bilan uzoq vaqt suhbatlashar, birga o‘tirar edi.
Boy kishining xotini esa bu kambag‘al oilani ko‘rar, va ularning o‘zida yo‘q baxtiga havas qilardi. Garchi o‘zi boy bo‘lsa-da, hech narsaga ega bo‘lmagan bu kambag‘allar haqiqiy baxt bilan yashar edilar.
Bir kuni boy kishi qo‘shnilarining bu baxtini ko‘rib, o‘zini tuta olmadi.
U o‘yladi: “Bu kambag‘allar qanday qilib baxtli bo‘lishi mumkin, ular hech narsaga ega emas-ku?” Shunda u ularning baxtining sirini bilmoqchi bo‘ldi.
U xizmatkorini yuborib, qo‘shnilarining eshigi oldiga yuz dinor solingan xaltachani qo‘ydirdi va o‘zi uzoqdan kuzata boshladi. Kambag‘al odam eshikdan chiqib, xaltachani ko‘rib quvonch bilan ichkariga olib kirdi va pullarni sanay boshladi.
U xotiniga dedi: “Keling, yigirma dinorni zarurat uchun saqlaymiz, qolganini esa sarflaymiz.”
Ammo katta o‘g‘li dedi: “Yo‘q, ellik dinorni saqlaylik, ertangi kun nima olib kelishini bilmaymiz.”
Har biri o‘z fikrini ayta boshladi, quvonch esa bahs va janjalga aylandi.
Hatto o‘sha kecha ular bir-biridan xafa bo‘lib uxlashdi.
Ertasi kuni boy kishi jilmayib dedi: “Endi ularning baxtining sirini bildim: ular baxtli edilar, chunki yo‘qotishdan qo‘rqadigan narsalari yo‘q edi.”
Xulosa qilib aytadigan bo’lsak haqiqiy baxt boylikda emas — qalbning osoyishtaligida. Kim oz narsaga shukr qilsa, Alloh unga baraka beradi. Baxt — yo‘qotishdan qo‘rqmaydigan yurakda yashaydi.
«O‘z hayotingdan zavqlan» nomli kitobdan Bobur Haydarov tarjimasi Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi talabasi “Yosh ilmiy jamiyat” a’zosi
