ISLOMDA KECHIRIMLILIK
98

Islom dinida ibodat va Allohga yaqinlashish faqatgina namoz, ro‘za, zakot, haj, zikr yoki Qur’on tilovati bilan cheklanmaydi. Balki, kechirimlilik va bag‘rikenglik ham Alloh taoloning roziligiga eltuvchi eng go‘zal ibodatlardandir. Zero, inson o‘zini kechirish va boshqalarni afv etish orqali Parvardigoriga yaqinlashadi.
Buni qisqacha qilib “samohat” deyiladi. Bu so‘z arab tilida “muloyim”, “haliym”, “afv” va “yumshoq tabiatlik” degan ma’nolarini bildiradi, ya’ni yumshoqlik, kechirimlilik, sahovat va yaxshilik demakdir. Islomda bag‘rikenglik — bu ulug‘ nabaviy xulqlardan biridir. Rasululloh ﷺ ning bu fazilatlari ko‘p bora aziyat berishni istagan insonlarning qalbini o‘zgartirishda kotta ta’siri bo’lgan. U zotga dushmanlik nazari bilan qaragan va yer yuzida eng yomon deb biladigan insonlar, bag‘rikengliklari va afvlarii tufayli u zotni eng sevimli insoni bo’lib qaytgan. Bularning barchasi Qur’oni ko’rsatmaga to’liq qilganlari va xulqlari Qur’on bo’lgani tufayli edi.
Alloh taolo O‘z Payg‘ambariga ﷺ bag‘rikenglik va kechirimlilikni buyurib, shunday deydi:
“Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas. (Yomonlikni) eng chiroyli yo‘l bilan daf et. Ko’ribsanki, sen bilan (uning) orasida adovati bor kimsa huddi sodiq do’stdek bo’lur. Unga faqat sabr qilganlargina erishur. Unga faqat ulug’ nasiba egasi bo’lganlargina erishur”[1]. (Fussilat surasi, 34–35-oyatlar).
Ibn Kasir “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas”. oyatini sharhlab shunday deganlar:
“Yaxshilik va yomonlik orasida katta farq bor.” (Yomonlikni) eng chiroyli yo‘l bilan daf et”. Kim senga yomonlik qilsa, sen unga yaxshilik bilan javob ber. “Ko’ribsanki, sen bilan (uning) orasida adovati bor kimsa huddi sodiq do’stdek bo’lur”. Senga yomonlik qilganga yaxshilik qilsang, unga qilgan yaxshiliging uni samimiylik va muhabbatga boshlaydi. Shunda u kishining qalbi yumshaydi va dushmanlik o‘rniga do‘stlik paydo bo‘ladi. Bunday yuksak xulq faqat sabrli va buyuk saodat egalariga nasib etadi.[2]”
Tafsiri hilolda ushbu oyatning tafsiri borasida quyidagicha keladi:
Allohning yo’liga chaqiruvchi so’zining qadrini yaxshi bilishi, so’zni his etishi kerak. Chunki, “Yaxshilik bilan yomonlik barobar bo‘lmas”.
Alloh taoloning yo’liga chaqiruvchining ishi yaxshi ish, so’zi yaxshi so’z, uning ishi boshqalarning ishidan ustun, uning so’zi boshqalarning so’zidan ustun. Shuning uchun ham: (Yomonlikni) eng chiroyli yo‘l bilan daf et”.
Har qancha yomon gap eshitib, har qancha yomon muomala ko’rsang ham, faqat yaxshi narsa ila qaytar, ey Allohning yo’liga chaqiruvchi! Hech qachon yomonlik qilma! Ana o’shanda: “Ko’ribsanki, sen bilan (uning) orasida adovati bor kimsa huddi sodiq do’stdek bo’lur”.
Bu Islomda yaxshilikka chaqiruvchilar uchun juda zarur bir sifatdir. Har bir narsani yomonlik bilan emas, faqat yaxshilik bilan qarshi olish darajasiga yetgan chorlovchigina katta muvaffaqiyatlarga erishadi. Ammo bu sifatga erishish oson emas.
“Unga faqat sabr qilganlargina erishur. Unga faqat ulug’ nasiba egasi bo’lganlargina erishur”.
Har qanday yomon so’zni yaxshi so’z bilan qaytarish, har qanday yomon ishni yaxshi ish bilan qaytarish sifatiga: “…Faqat sabr qilganlargina erishur”.
Sabr qilmasa, yomon so’zga darhol yomon so’z qaytaradi. Yomon ishga yomon ish qaytaradi. Bu esa Allohning yo’liga chorlovchiga hech foyda brmaydi. Allohning yo’liga, Allohning diniga kishilarni chaqirish oson ish emas. Chunki u bu yo’lda turli-tuman malomat, ig’vo, bo’hton, yolg’on gaplar, so’kishlar, ozorlar eshitadi. Turli nohaq tasarruflar va zulmlar ko’radi. U shularning hammasiga sabr qilishi kerak. Ana shundagina yuqorida aytilgan darajaga erishadi. Bunga “…faqat ulug’ nasiba egasi bo’lganlargina erishur”.[3]
Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhuma)dan rivoyat qilinadi:
«Ey Rasululloh, qaysi amal eng afzaldir?» – deb so‘ralganida, Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) dedilar:
«Sabr va bag‘rikenglik». (Imom Bayhaqiy “Shu‘abul iymon”da rivoyat qilgan).
Shuningdek, Amr ibn Abasadan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:
«Ey Rasululloh, iymon nima?» – deb so‘radim. U zot dedilar:
«Sabr va bag‘rikenglik». (Bayhaqiy rivoyati).
Albatta, bu ishlarda biz uchun g’zal namuna bo’lgan zot Payg‘ambar ﷺ dirlar. U kishining hayotlarida bag‘rikenglik va kechirimlikka misollar juda ko’p shulardan bittasi quyidagi hadisda aksini topgan.
Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi:
“Men Rasululloh ﷺ bilan birga ketayotgan edim. U zotning ustlarida Najronliklar to‘qigan qalin chekkali libos bor edi. Bir badaviy (cho‘llik arab) keldi-da, u zotning libosini qattiq tortib yubordi. Shunda libosning cheti Rasululloh ﷺ (muborak) bo‘yinlarida iz qoldirdi. So‘ng u kishi: “Ey Muhammad, Alloh bergan molingdan (o’ljadan) menga ham ber!” — dedi. Rasululloh ﷺ unga kulib boqib, unga ehson berdilar”. (Muslim rivoyati 1057-hadis, Imom Buxoriy 3149-hadis)
Imom Navaviy bu hadisni sharhlab shunday deydi:
“Bu hadis johillarning qo‘polligiga sabr qilish, yomonlikka yaxshilik bilan javob berish va ularning qalbini yumshatish lozimligini bildiradi. Ushbu hadisda Payg’amabarimizning go’zal xulqlari, halimliklari va kechirimli zot ekanlari ham namoyondir[4]”.
Anas (roziyallohu anhu) rivoyat qiladilar:
“Bir yahudiy bola Rasululloh ﷺ ga xizmat qilar edi. U kasal bo‘lib qoldi. Rasululloh ﷺ uning holidan xabar olish uchun bordilar va boshida o‘tirdilar. So‘ng unga: “Islomni qabul qil”, dedilar. Bola otasiga qaradi, otasi: “Abul-Qosimning so‘ziga quloq sol”, dedi. Bola Islomni qabul qildi. Rasululloh ﷺ chiqib ketar ekanlar: “Allohga hamd bo‘lsinki, uni do‘zaxdan qutqardi”, dedilar.[5]” (Buxoriy rivoyati).
Bu hadisda Islomning adolat va bag‘rikenglik tamoyillari yaqqol ko‘rinadi — Payg‘ambar ﷺ hatto boshqa din vakillariga ham mehr-shafqat bilan munosabatda bo‘lganlar.
Donishmandalrdan biri aytadi: “Yaxshilik mol va farzandlarning ko’pligida emas, yaxshilik keng felli, axloqli bo’lish, ilm olish va Allohga ibodatda boshqalarga o’rnak bo’lishdir”. Muhammad Zehniy aytadi: “Odamlarning yaxshirog’i o’z qalbida yaxshilkka yo’l ochgani va yomonlikni, ochko’zlikni haydab chiqarganidir”[6]. Ushbularning barchasi Islomda bag’rikenglik va kechirimlilkning ko’rsatmasi ekaniga yaqqol dalildir.
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
Saidmuhammadxon Dovudxon o’g’li tayyorladi
[1] Tafsiri Hilol. Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Jild. 6. 5-j. Toshkent: 2019. Hilol Nashr.
[2] Ibn Kasir. Tafsirul-Qur’an al-Aziym. Bayrut: “Dorul-ma’rufa” nashriyoti. 1989. J. 4. 4-jild. –B. 109.
[3] Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf. Tafsiri Hilol. Jild. 6. 5-juz. Toshkent: “Hilol Nashr”, 2019. –B. 308-309.
[4] Imom Navaviy. Sharhi ala shahihi Muslim. Jild. 18. 7-jld. Bayrut: “Dor ihyo at-turosul-arabiy”. 1929. –B. 147.
[5] Imom Buxoriy. Sahihi Buxoriy. Bayrut: “Mu’assash ar-risalatu nashirun”. 3-nashr. 2021. –B. 454.
[6] Usmonxon Alimov. Tafsiri Irfon. Jild. 6. 5-juz. Toshkent: “Sharq” nashriyoti, 2019. – 752 b. –B. 212.
