Bag‘rikenglik va insoniylik
83

Bag‘rikenglik — bu inson qalbining kengligi, boshqalarning xatolarini kechira olish, ularning zaif tomonlarini tushunib, ularga rahm-shafqat bilan qarash fazilatidir. Bag‘rikeng inson boshqalarning kamchiliklarini izlash bilan emas, balki ularni yaxshilik sari yetaklash bilan shug‘ullanadi.
Doktor Ahmad Iso Ma’soraviy shunday deydilar:
“Oqil kishi oilasini ham, do‘stlarini ham sinovga solmaydi, natijada ulardan noxush yoki nomaqbul xislatar namoyon bo‘lib qoladigan vaziyatlarga ularni aslo qo‘yib qo‘ymaydi. Oqil kishi sevgan insonlarining zaifligini avaylaydi, ularga mehr-shafqat ko‘rsatadi yoki og‘ir holatlarga tushishlaridan asraydi. Ularni hijolatli vaziyatlardan himoya qiladi va ularning o‘zining ham, o‘zgalarning ham ko‘z o‘ngida go‘zal qiyofalarini, yaxshi nomi, hurmati, sha’ni-obro‘sini saqlab qolishiga yordam beradi.”
“Oqil kishi ahli va do‘stlarini sinovga solmaydi”. Bu yerda “sinovga solish” deganda, inson atrofidagilarning sadoqati yoki yaxshi xislatini tekshirish uchun ularni ataylab og‘ir yoki noqulay vaziyatga qo‘yish nazarda tutiladi. Ya’ni oqil odam: “Ko‘raman, do‘stim menga yordam beradimi yo‘qmi?” deb uni sinovga solmaydi. “Ahlim men uchun nima qiladi?” deb ularni qiyin holatga tushirmaydi. Chunki shunday qilsa, ba’zan ularning zaif tomonlari namoyon bo‘lib qolishi mumkin, bu esa munosabatlarni buzadi. Shu sababli oqil odam odamlarni sinovdan o‘tkazmaydi, balki ularni qo‘llab-quvvatlaydi.
“Ularni o’zlaridagi yomon xislatlar ko‘rinib qoladigan ishlarga majburlamaydi”. Ya’ni oqil kishi odamlarni yomon holatga soladigan, ularni asabiy yoki sharmli holatga tushiradigan narsalarni so‘ramaydi. Masalan, u do‘stidan yoki qarindoshidan imkoniyati yo‘q narsani talab qilmaydi. Chunki shunday qilsa, u odam rad etishi mumkin, bu esa munosabatni buzishi mumkin.
“Oqil kishi sevgan odamlarining zaifligini avaylaydi va ularni og‘ir holatdan asraydi”. Bu degani, haqiqiy oqil odam boshqalarning kamchiliklarini bilsa ham, ularni fosh qilmaydi, balki yopib, himoya qiladi. U sevgan insonlarining ojizligini ko‘rib, ularni haqorat qilmaydi. Ular qiynalib qolsa, yordam beradi. Ular uyalib qoladigan vaziyatga tushmasliklari uchun harakat qiladi.
“Ularning go‘zal qiyofalarini, yaxshi nomi, obro‘sini saqlab qolishga yordam beradi”. Ya’ni oqil kishi atrofidagilarning obro‘sini saqlaydi. Ular xatoga yo‘l qo‘ysa ham, ularni himoya qiladi, haqorat qilmaydi, chunki u insonlar haqidagi yaxshi tasavvurni yuragida asrab qolishni xohlaydi.
Bu so‘zlarda bag‘rikenglikning haqiqiy ma’nosi mujassam. Chunki bag‘rikeng inson — oqil insondir. U boshqalarning zaifligini bilsa ham, ularni fosh qilmaydi, xatoga yo‘l qo‘ysa, uni kechira oladi, insonlarning obro‘sini saqlaydi. Bu — chin insoniylikdir.
Bag‘rikenglik, aslida, odamlarni sinovga solmaslikdan boshlanadi. Kim boshqasini sinovdan o‘tkazmasa, balki uni tushunishga harakat qilsa, o‘sha kishi bag‘rikengdir. Chunki har bir insonning ojiz tomoni bor, oqil va bag‘rikeng inson esa ularni to’g’ri qabul qiladi, fosh etmaydi.
Islom ham shu fazilatni targ‘ib qiladi. Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlar:
«من لا يرحم الناس لا يرحمه الله»
“Insonlarga rahm qilmagan kishiga Alloh rahm qilmaydi.”
(Muttafaqun alayh)
Demak, kim boshqalarga mehr-shafqat bilan muomala qilsa, Alloh unga rahmat qiladi. Kim kechira olsa, kechiriladi. Kim bag‘rikeng bo‘lsa, tinchlik topadi.
Shunday qilib, oqil kishi – bu bag‘rikeng insondir. U atrofidagi insonlarning kamchiligini yashiradi, fazilatlarini ko‘radi, ularni og‘ir holatlardan asraydi. Chunki bag‘rikenglik – insoniylikning eng oliy ko‘rinishidir.
Ibn Umar roziyallohu anhumadan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollollohu alayhi vasallam dedilar: “Musulmon — musulmonga birodardir.U unga zulm qilmaydi va uni yordamsiz tashlab qo‘ymaydi. Kim birodarining ehtiyojini qondirsa, Alloh uning ehtiyojini qondiradi. Kim bir musulmonning bir g‘am-tashvishini yengillatsa, Alloh qiyomat kunidagi g‘amlaridan birini undan yengillatadi. Kim bir musulmonning aybini yashirsa, Alloh qiyomat kuni uning aybini yashiradi.”
(Muttafaqun alayh)
Bu hadis musulmonlar o‘rtasidagi birodarlik va hamdardlikning eng yuksak namunasini o‘rgatadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam bizga musulmonning musulmonga nisbatan haqiqiy munosabatini bayon qilganlar.Musulmon birodariga zulm qilmasligi,uni yordamdan tashlab qo‘ymasligi, uning ehtiyojida yordamchi bo‘lishi,g‘amini yengillatishi va aybini yashirishi — bularning barchasi Allohning roziligiga sabab bo‘ladi. Kim boshqalarga yengillik bersa, Alloh unga Qiyomat kunida yengillik beradi. Kim boshqalarning sirini saqlasa, Alloh ham uning aybini yashiradi. Shunday ekan, bu hadis bizni: “Boshqalarga qanday munosabatda bo‘lsang, Alloh ham senga shunday munosabatda bo‘ladi,” — degan buyuk haqiqatni yodda tutishga chaqiradi.Bag‘rikenglik — bu insonning boshqalarga nisbatan mehribon, kechirimli va sabrli bo‘lishidir. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning “Musulmon — musulmonga birodar” degan hadislari bizni bir-birimizni tushunishga, kechirishga va yordamlashishga chorlaydi. Haqiqiy musulmon boshqalarning kamchiligini oshkor qilmaydi, ularning holidan havotirda boʻladi va imkon qadar yengillik yaratishga harakat qiladi. Chunki kim boshqalarning g‘amini yengillatsa, Alloh ham uning g‘amini yengillatadi.
Demak, bag‘rikenglik — bu nafaqat odob, balki iymonning bir qismi, jamiyatdagi tinchlik va mehr-oqibatning asosi. Bag‘rikeng insonlar jamiyatda birlik, muhabbat va ishonch muhitini barpo etadilar. Insonlari bagʻrikeng, oʻzaro mehr va muruvvatda boʻlgan xalq gullab-yashnaydi, chunki birlik va hamjihatlik baraka, tinchlik va taraqqiyotning eng mustahkam poydevoridir.
Abdugʻofurov Bilolxon
Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi 2-kurs talabasi.
