Olamalar Robbisi Alloh taologa hadlar bo‘lsin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga salovot va salomlar bo‘lsin.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Albatta din — yengillikdir. Kim din bilan musobaqalashsa (ya’ni o‘zini majburlab, haddan oshsa) albatta, u yengiladi. Shuning uchun to‘g‘rilikni tanlang va xushxabar bering. Ertalab, kechki payt va tunning bir qismida iltijo qiling.” (Buxoriy va Muslim rivoyati)

Hofiz ibn Rajab rahimahulloh bu hadis ma’nosini shunday izohlaganlar: “Bu hadis din ishlarida haddan tashqari qattiqlik qilishdan qaytaradi. YA’ni, kishi o‘ziga ibodatlardan bardosh bera olmaydiganlarini ham yuklab olishidir. Shuning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Kim din bilan kurashsa, u yengiladi, deb aytganlar. Ma’nosi shuki, din kuch bilan olishadigan narsa emas. Kim dinni o‘ziga majburiyat qilib oladi, u mag‘lub bo‘ladi, to‘xtab qoladi.” Imom Ahmadning “Musnad”ida Mihjan ibn Adradan rivoyat qilinadi: “Men payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam bilan masjid eshigiga keldim, bir odam namoz o‘qiyotgan edi. Rasululloh dedilar: “U chin dildan o‘qiyaptimi?”, men: Ey Allohning Rasuli, bu falonchi, Madinadagi eng ko‘p ibodat qiluvchi kishilardan, dedim. Rasululloh dedilar: Uni bunday maqtama, aks holda halok bo‘lishiga sabab bo‘lasan (ikki yoki uch marta qaytardilar). Sizlar uchun yengillik istalgan ummatsizlar”. Yana boshqa rivoyatda: “Sizlarning dinlaringizning eng yaxshisi-eng yengilrog‘idir”. Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda: “Bu din mustahkamdir, shuning uchun unga muloyimlik bilan kirib boring. Allohning ibodatini o‘zingizga yoqimsiz qilib qo‘ymang. Chunki haddidan oshgan yo‘lchi na safarni tugatadi, na minadigan ulovinini sog‘ saqlaydi.” (Bayhaqiy “as-Sunan al-Kubro” 3/19)  Bu yerda “munbat” — ya’ni, safarda ortiqcha yugurgan, lekin manzilga yetmasdan to‘xtab qolgan kishi degani. U na safarni yakunlaydi,    safaridan keyin yurish uchun na ulovini omon qolgan holda olib boradi. Agar u hayvoniga muloyimlik bilan munosabatda bo‘lsa, yurishda mo‘tadil bo‘lsa, safarini tinch va to‘liq bajargan bo‘lardi. (Ibn Rajab, Fath al-Boriy, 1/136–139).

Hafiz Ibn Hajar rahimahulloh aytadilar: “Hadisning ma’nosi shuki, kim diniy amallarda haddan oshib, yengillikni  tark etsa, u holdan toyadi va to‘xtab qoladi. Ibn Munir shunday degan: “Bu hadis payg‘ambarlik mo‘jizalaridandir. Chunki, bizdan oldingilar ham, biz ham ko‘rdikki, din masalasida haddan oshgan kishi oxir-oqibat amaldan to‘xtab qoladi.”

Yuqoridagi hadislardan maqsad ibodatda mukammallikni izlash man qilindi degani emas, chunki mukammallik maqtalgan ish. Balki, ibodatda malollanishga olib boruvchi haddan oshishdan yoki afzalni tark qilishga sabab bo‘ladiganchalik nafllarga kirishdan qaytarilgan. Masalan, kimdir butun kechani uxlamay nafl namoz o‘qib chiqsa, oxirida bomdod namozini jamoatda o‘qiy olmay qoladi yoki bomdodning tayinlangan vaqtidan o‘tkazib yuboradi, yoki quyosh chiqib, bomdod vaqti tugaydi. (Ibn Hajar, Fath al-Bari, 1/94)

Shayx Abdurahmon Sa’diy rahimahulloh dedilar: “Bu hadis nihoyatda buyuk, foydali nasihatlar va asosiy qoidalarni o‘z ichiga olgan. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam avvalida bu katta asosni bayon qildilar: “Albatta din yengillikdir.” YA’ni, u aqida, axloq, amal qilish va tark etish jihatidan yengil va oson. Dinimizning e’tiqodlari — Allohga, farishtalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga, oxirat kuniga va taqdirdagi yaxshilik-yomonlikka imon keltirish-barchasi to‘g‘ri, qalblarga taskin beruvchi, aqlga mos va eng ulug‘ maqsadga eltuvchi e’tiqodlardir. Buyurgan xulqlari va amallari -eng go‘zal axloq va eng to‘g‘ri amallar bo‘lib, ular bilan din, dunyo va oxirat isloh bo‘ladi. Ularning barchasi oson, har bir mo‘min o‘zini ularga qodir deb biladi, ularni bajarish mushkul emas. E’tiqodlar oddiy, toza va sog‘lom fitratga mosdir.

Farz amallar ham eng yengilidir. Namozlar har kuni va kechasi besh marta, qulay vaqtlarda farz qilingan. Alloh taolo uni jamoat bilan ado etishni farz qilib, uni osonlashtirdi. Chunki, jamoaviy ibodat kishini faol qiladi, osonlashtiradi. Shuningdek, bu ibodatlarga dinning kamoloti, imonning mustahkamlanishi va Allohning dunyo-oxiratdagi ajrlari bog‘langan. Musulmon buni his qilib, Allohga  hamd aytishi kerak , chunki inson ulardan  ibodatdagi manfaatlardan bexojat bo‘la olmaydi.

Zakot — moli nisobiga yetmagan kambag‘allarga emas, faqat boylarga vojib. U boylarning dinini tom qiladi, molini ko‘paytiradi, axloqini poklaydi, turli ofatlardan, yomonliklardan saqlaydi, g‘ariblarni qo‘llaydi, jamiyat manfaatini ta’minlaydi. Uning miqdori esa Alloh bergan boylikka nisbatan ozgina qismidir.

Ro‘za — yiliga bir oy — Ramazon. Butun musulmonlar bir vaqtda nafslarini tiyib, Alloh uchun taom, ichimlik va yaqinlikdan voz kechadilar. Alloh esa ularga buning o‘rniga iymon, taqvo, mukofot va rahmat beradi. Bu esa barcha ezguliklarning eshigini ochadi, gunohlardan saqlaydi.

Haj-Alloh taolo uni faqat imkoniyati bor (ya’ni, yo‘lga chiqishga qudrati yetgan) kishilargagina farz qilgan. Hayotda  u faqat bir marta farzdir. Unda din va dunyo jihatidan sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydigan ko‘plab foydalar mavjud. Alloh taolo aytadi: “Ular o‘zlari uchun bo‘lgan manfaatlarga guvoh bo‘lsinlar.”(Haj surasi, 28-oyat) ya’ni, bu manfaatlar diniy ham, dunyoviy ham foydalardir.

Shundan so‘ng, islomning qolgan barcha amallari ham aslida nihoyatda yengil, inson uchun mos va qulay bo‘lib, Alloh va bandalarning haqini ado etishga yo‘naltirilgan. Alloh taolo aytadi: “Alloh sizlar uchun yengillikni xohlaydi, sizlarga qiyinchilikni xohlamaydi.” (Baqara surasi, 185-oyat) Shunga qaramay, agar bir banda kasal bo‘lib qolsa, yoki safarga chiqsa, yoki shunga o‘xshash boshqa bir holat yuz bersa, Alloh bunday holatlarda unga yengilliklar berdi. Ba’zi vojiblar soqit qilinadi  yoki ularning sifati va shakli yengillashtiriladi.

Agar banda o‘ziga farz qilingan kundalik amallarni – farz va nafl ibodatlarni, namoz, ro‘za, sadaqa va boshqa ishlarga e’tibor bersa va bu ishlarda eng komil inson, butun insoniyatning yetakchisi bo‘lgan Muhammad sollallohu alayhi vasallamga ergashmoqchi bo‘lsa, u shunda bu ishlarning unga og‘ir emasligini ko‘radi. Bu amallar uni dunyo ishlaridan to‘sib qo‘ymaydi, aksincha, banda ularni bajarish bilan bir qatorda quyidagi barchasini ado eta oladi.

Allohning haqini, o‘z nafsining haqini, ahli, do‘stlari va jamiyatning haqqini — bularning barchasini yengillik va mehr bilan ado etadi. Lekin kimki o‘ziga qattiqlik qilib, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam kifoyalangan miqdorga kifoyalanmasa, balki haddan oshib ibodatda mubolag‘a qilsa, bunday kishi dinning o‘zidan yengiladi.U oxir-oqibat charchaydi, ojiz bo‘lib qoladi va to‘xtaydi. Shuning uchun Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim bu dinni o‘ziga qattiq qilsa, yengiladi.” YA’ni, kim haddan oshib, dinni o‘z kuchi bilan siqmoqchi bo‘lsa, o‘zi yiqiladi. Shu sababli, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meyorni saqlashni buyurdilar va “Meyorni saqlang, meyorni saqlang, shunda sizlar (manzilga) yetasizlar.”-dedilar. So‘ng rasululloh sollallohu alayhi vasallam to‘g‘rilik, yaqinlik, va umidni mustahkamlashni, noumid bo‘lmaslikni nasihat qildilar.

“Tasdid” (to‘g‘rilik) degani — inson so‘zlarida va amallarida to‘g‘ri yo‘lni tanlashidir. U har bir ishda eng to‘g‘ri yo‘lni tutishga intiladi. Agar u har bir narsada mukammal to‘g‘rilikka erisha olmasa, Allohdan qo‘rqqan holda unga yaqin bo‘lgan yo‘lni tutadi. Kim to‘g‘rini to‘liq bajara olmasa, unga muqorona qilishi kerak. Kim butun amallarni bajara olmasa, imkoniga qarab bajarsin. Bu joydan shunday foydali qoida olinadi. Bunga Qur’on va Sunnat ham dalildir: “Allohdan qo‘lingizdan kelganicha taqvo qiling.” (Tag‘obun surasi, 16-oyat) va rasululloh sollallohu alayhi vasallamning so‘zlari: “Men sizlarga bir ishni buyursam, imkoningiz yetganicha bajaringlar.” Bu qoida ustiga qurilgan masalalar son-sanoqsizdir. Boshqa bir hadisda esa shunday deyiladi: “Yengillik qilinglar, qiyinchilik tug‘dirmanglar, xushxabar beringlar, nafrat uyg‘otmanglar.” So‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisini eng foydali va insonlarga yoqimli nasihat bilan yakunladilar: “Ertalab, kechqurun va kechaning bir qismini (ibodat uchun) foydalaninglar.” Bu uch vaqt  sayohatda masofani oson bosib o‘tish, dam olish va maqsadga yengillik  bilan yetish uchun eng yaxshi paytlardir. Xuddi shunday, bu vaqtlar oxirat yo‘lida yurish, to‘g‘ri yo‘ldan borish hamda Allohga go‘zal tarzda ibodat qilish uchun ham eng qulay damlardir. Kim ertalab, kechqurun va kechaning bir qismida o‘zini foydali ishlar bilan band etsa — ayniqsa kechaning oxirida — u bu orqali buyuk yaxshiliklar, qoladigan solih amallar, baxt, najot, tinchlik va muvaffaqiyatga erishadi. Bu holatda u dunyo manfaatlarini ham, ruhiy orzularini ham tinchlik bilan amalga oshiradi. Mana shu Allohning o‘z bandalariga bo‘lgan rahmatining eng katta dalilidir. Chunki, Alloh bu dinni ularga abadiy saodat manbai qilib qo‘ydi, payg‘ambarlari orqali uni ochiq va tushunarli tarzda bayon qildi, uni yengil va oson qildi, unga har taraflama yordam berdi va bandalarini to‘siqlardan asradi. Shundan olinadigan asosiy qoidalar:

  • Shariatning umumiy yengilligi — Islomning barcha hukmlari inson qudratiga mos;
  • Mashaqqat yengillikni keltiradi, ya’ni qiyinchilik bo‘lsa, Alloh yengillik beradi;
  • Qo‘lingizdan kelganicha bajaringlar;
  • Bandalarni rag‘batlantirish-ularni ezgu amallarga, umidlarga chorlash;
  • Allohga yurish yo‘li-bandaning ruhiy va amaliy hayotini tartibga soluvchi eng jamlovchi yo‘l.

Manbalar asosida

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi

O‘tkir MAHMUDOV