ISLOM VA DINIY BAG‘RIKENGLIK

143

“Bag‘rikenglik” “sabr toqatlilik” va uning ziddi “toqatsizlik” tushunchalari ilmiy faoliyat va ijtimoiy hayotning turli sohalari, jumladan, siyosat va siyosatshunoslik, sotsiologiya, filosofiya, ilohiyot, ijtimoiy axloq, qiyosiy dinshunoslik va hokazolarda ishlatiladi. Lotincha tolerare, ya’ni  “chidamoq”, “sabr qilmoq” ma’nosini anglatgan bu so‘z, asosan bir insonning boshqa inson dunyoqarashiga toqat qilishini bildirsada, etimologik tahlil uning tom ma’nosini doim ham  ochib beravermaydi.

Islom, hinduiylik, xristianlik dinlaridan qay biriga mansub bo‘lishidan qat’iy nazar inson deyarli bir xil his-tuyg‘ularni boshidan kechiradi. Dinlar fenomenologiyasi va psixologiyasi kabi fanlar masalaning shu tomonlarini o‘rganadi. Axloq-etik tizimlarni o‘rganish ham dinlardagi umumiy, o‘xshash jihatlarni ochib beradi. Buddaviylarning 5 ta, Qadimgi Ahdning 10 ta va Islomning asosiy o‘gitlaridagi o‘xshashlikni keltirish kifoya. Demak, dinlarning ichiga, barchasi uchun bir bo‘lgan mutlaq mohiyatiga kirmoq darkor va shu asosda diniy hayot fenomen (hodisa)larini talqin qilmoq kerak. Bu o‘z navbatida bag‘rikenglik ruhidagi yondashuvni talab qiladi.

E’tiqod so‘zi arabcha “i’taqada” fe’lidan olingan bo‘lib, “ishonch”, “komil ishonch”, “imonli bo‘lish” ma’nolarini anglatadi. Keng ma’noda e’tiqod bu-insonning oldida turgan maqsad yoki g‘oya haq ekanligiga  to‘la ishonch bilan bog‘liq bo‘lgan o‘ziga xos psixologik holatdir. Kutilgan natija albatta muvaffaqiyatli tugashi muqarrarligi bunday holatning asosini tashkil qiladi. Ayni vaqtda e’tiqod uchun turli shart-sharoitlar mavjud bo‘lmog‘i lozim. Umuman olganda, e’tiqod bu — shaxs, guruh va ommani jipslashtiruvchi, odamlarni ijtimoiy hayotning faol a’zosiga aylantiruvchi omildir.

Butun bashariyat uchun yagona diniy ta’limot bo‘lishi mumkin emas. Barcha dinlar zamirida ezgulik mavjud bo‘lib, eng kam tarqalgan dinlarda ham ezgulik eng asosiy vazifalardan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan barcha jahon dinlarini bag‘rikenglik asosida o‘rganmog‘imiz lozim. Shundagina, biz o‘z dinimizning asl mazmun-mohiyatini to‘g‘ri tushuna olishimiz mumkin.

YUNESKO 1995 yil 16 noyabrda qabul qilgan “Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasi”dagi “tolerant” so‘zi o‘zbek tiliga “bag‘rikenglik” deb tarjima qilingandan beri u tilimizda o‘rnashib qolgan. Rus tiliga “terpimost” so‘zi boshqacha aytganda, “snisxoditelnost”, ya’ni bag‘rikenglik, kengfe’llik ma’nolarini anglatar ekan, diniy soha haqida gap ketganda, ruslar “veroterpimost” so‘zini ishlatishadi. O‘zbek tilida “diniy bag‘rikenglik” so‘zi bilan ishlatish mumkin.

Diniy bag‘rikenglik turli din vakillari e’tiqodidagi mavjud aqidaviy farqlardan qat’i nazar, ularning yonma-yon, o‘zaro tinch-totuv yashashini anglatadi. Har kim o‘z e’tiqodiga amal qilishda erkin bo‘lgani holda bu huquqqa boshqalar ham ega ekanini e’tirof etmog‘i lozim.

Turli millat va elatlarning bag‘rikenglik asosida hayot kechirishi tinchlikning asosiy nuqtalaridan hisoblanadi.

Dinga e’tiqod qilish Inson xohish-irodasiga bog‘liq bo‘lib, u diniy bag‘rikenglikka asos bo‘ladi. E’tiqod erkinligi kafolati — diniy bag‘rikenglikning o‘zagini tashkil qiladi. Shu ma’noda “Erkinlikka, avvalo, shaxsning o‘z xohish-istagi, qobiliyati, qiziqishiga mos holda o‘zini namoyon eta olish imkoniyati, deb qarash mumkin”[1].

Dinlar va mazhablar insonlarni, bir tomondan, bir e’tiqod atrofida birlashtirsa, ikkinchi tomondan, ularni bir-biridan ajratadi ham. YA’ni bir dinga mansub kishilar bir-biri bilan “birodar”, hammaslak bo‘lgani holda, boshqa dindagilarga nisbatan boshqacha munosabatda bo‘ladilar. Har bir din vakili o‘z dinini barhaq, to‘g‘ri, boshqa dinlarni esa buzilgan yoxud botil deb hisoblaydi. Xristian odam bilan suhbatlashsangiz, nuqul Isoni, yahudiy oldida bo‘lsangiz, Musoni, buddaviyga quloq solsangiz, faqat Buddani ta’rif etadi. Shu kabi musulmonlar ham payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamni sevib na’t etadilar va islomning ulug‘, ilohiy, barcha dinlardan ustun ekanini isbotlashga tushadilar.

Diniy bag‘rikenglik, “xilma-xil diniy e’tiqodga ega bo‘lgan kishilarning bir zaminda, bir Vatanda, olijanob g‘oya va niyatlar yo‘lida hamkor va hamjihat bo‘lib yashashini anglatadi”[1].

Xulosa o‘rnida, muqaddas kitoblarida qayd etilishicha, Xudo insonni bir ota va onadan yaratgan, lekin ular bir-biri bilan muloqat qilishi, tanishishi uchun millatlarga bo‘lib qo‘ygan. Dunyodagi dinlarning barchasi ezgulik g‘oyasiga asoslanadi va yaxshilik, tinchlik, do‘stlik kabi xususiyatlarga tayanadi. Din odamlarni halollik va poklik, mehr-shafqat, birodarlik va bag‘rikenglikka da’vat etadi[1].

 

Muzaffar Qosimov,

Xoja Buxoriy o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha mudir o‘rinbosari