BIR KITOB – YUZ HAYOT TAJRIBASIDIR…

49

(Bu so’zlar shunchaki shior emas, balki hayot haqiqatidir)

Bir kitob o’qish – bir hayotni yashash,

yuz kitob o’qish – yuz hayotni his qilish

demakdir.

             Har bir kitob – bu bir hayot. Unda bir insonning tajribasi, fikrlari, hissiyotlari va izlanishlari mujassam. Kitob o’qish – bu faqat ma’lumot olish emas, balki qalbni tarbiyalash, ruhni oziqlantirish, hayotga yangi nigoh bilan qarash demakdir.

“Kitob – insonning eng yaqin do’sti, eng sodiq maslahatgo’yi va eng buyuk ustozidir”.

Bu so’zlar har bir kitobxon qalbida alohida joy egallaydi. Kitob – bu faqat qog’ozdagi harflar emas, balki u hayotning o’zi, tajribaning jamlanmasi, aql va qalbning uyg’unligidir. Bir kitobni o’qish – yuzlab insonlarning hayotini yashash, ularning xato va muvaffaqiyatlaridan saboq olish demakdir.

Kitob o’qish – ilm talab qilishning eng samarali va bardavom yo’lidir. Har bir kitob – bu bir hayot maktabi. U insonni nafaqat bilimli, balki ma’naviyatli, sabrli va hushyor qiladi.

Har bir muvaffaqiyatli insonning ortida kitoblar bor. Ilm-fan, texnologiya san’at, siyosat – barchasining ildizi kitobda. Kitob insonni tanqidiy fikrlashga, muammolarni echishga, o’zini anglashga o’rgatadi. Bugungi zamonda axborot oqimi shiddat bilan o’sib bormoqda. Internet, ijtimoiy tarmoqlar, media – bularning barchasi ma’lumot manbai. Ammo haqiqiy bilim, chuqur fikr va hayot tajribasi faqat kitobda mujassam.

“Kitoblar – o’tmish bilan kelajakni bog’lovchi ko’prikdir” – Karl Sagan.

Kitob o’qish orqali biz boshqalarning hayotini yashaymiz, ularning xato va muvaffaqiyatlaridan saboq olamiz. Bu esa o’z hayotimizda to’g’ri qarorlar qabul qilishga yordam beradi. Kitob insonni fikrlashga, tahlil qilishga, o’zini anglashga o’rgatadi. U insonni boshqalarning hayotiga sho’ng’ishga, ularning hissiyotlarini his qilishga undaydi. Bu esa insoniylikni, hamdardlik va ma’naviy boylikni shakllantiradi.

Dinimizda ilm va kitobga bo’lgan e’tibor beqiyosdir. Qur’oni Karim – insoniyatga nozil qilingan eng ulug’ kitob. Qur’oni karimning ilk oyati ham aynan ilmga bog’liqligini ko’rishimiz mumkin. Uning ilk oyatida Alloh shunday deydi:

“Iqro!” – “O’qi! Yaratgan Robbing nomidan o’qi!” (Alaq surasi, 1-oyat).

Bu buyuk amr insonni o’qishga, o’rganishga, fikrlashga, tafakkur va tadabbur qilishga undaydi. Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hayotlari ham ilmga bo’lgan muhabbat bilan to’la bo’lgan. U zotning hadislarida shunday deyiladi: “Olimning qalami shahidning qonidan afzaldir”. Bu so’zlar ilm va kitobning islomda qanday yuksak o’rinda ekanini ko’rsatadi. Kitob o’qish – bu ibodat, bu ma’rifat, bu qalbni nur bilan to’ldirishdir.

Payg’ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam yana shunday deganlar: “Ilm talab qilish har bir musulmon erkak va ayolga farzdir” (Ibn Moja rivoyati).

Kitob – qalbning tarbiyasi va ruhiy ozuqasi hisoblanadi. Har bir inson xoh erkak, xoh ayol bo’lsin hayotida ruhiy tushkunlik, savollar, ikkilanishlar bo’ladi. Ana shunday paytlarda kitob insonga tasalli, yo’l-yo’riq va umid beradi. Xususan, tasavvuf, hikmat va ma’rifatga oid kitoblar qalbni poklaydi, ruhni oziqlantiradi.

“Kitob o’qimagan inson – yopiq guldek, u hech qachon to’liq ochilmaydi” – Rumiy.

Kitoblar orqali biz o’zimizni anglaymiz, hayotning mohiyatini tushunamiz, sabr, shukr, muhabbat, kechirimlilik kabi insoniy fazilatlarni o’zlashtiramiz. Chunki har bir – kitob bir nur, har bir kitob – bu bir shamchiroqdir. U zulmatda yo’l ko’rsatadi, adashmaslikka yordam beradi. Kitob o’qish – bu o’z ustida ishlash, o’zini tarbiyalash, hayotni yaxshiroq anglash demakdir.

Hayotda shunday paytlar bo’ladiki, inson o’zini yo’qotadi, savollar ko’payib ketadi. Ana shunday paytda kitob insonga tasalli beradi. Xususan, tasavvuf va hikmatga oid asarlar qalbni poklaydi, ruhni tinchlantiradi. Bir so’z bilan Imom G’azzoliy hazratlari aytganlaridek, “Kitob – bu qalbning dorisi, aqlning charog’idir” .

Rumiy, Attor, Navoiy, Bahoviddin Naqshband kabi zotlarning asarlari insonni nafaqat ilmga, balki muhabbatga, sabrga, shukrga chorlaydi.

Robert Grin aytganidek, “Kitob o’qimagan inson – bir kun yashaydi. Kitob o’qigan inson – yuz hayotni yashaydi.”

Kitob – eng buyuk samoya hamdir. Chunki u moddiy emas, ma’naviy sarmoyadir. U insonning aqlini, qalbini va ruhini boy qiladi. Uning ta’siri yillar o’tib ham yo’qolmaydi. Shuning uchun ham kitob o’qishni odatga aylantirish o’zimizga va kelajagimizga qiladigan eng yaxshi saromoyadir.

Har bir kitob – bu yuzlab hayotlarning jamlanmasi. Unda insonning iztirobi, orzusi, izlanishi va topgan haqiqati mujassam. Kitob o’qish – bu o’zingni qayta kashf etish, o’z hayotingni ma’noli qilish demakdir. Bir kitob o’qish – bir hayotni yashash, yuz kitob o’qish – yuz hayotni his qilish demakdir.

Bir so’z bilan ifodalaganda, kitob – eng buyuk safar! Unda yo’lboshchi ham, yo’l ham, manzil ham bor. U insonni tanishga, anglashga, kamolotga etaklaydi. Shuning uchun ham so’z avvalida, “Bir kitob – yuz hayot tajribasi!” nomi bilan boshlash, bu shunchaki shior emas edi balki, hayotning asli haqiqatidir. Bu so’zlar sizning hayotingizda ham haqiqatga aylansin.

 

Nilufar BERDIEVA

Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muasassasi

O’quv-uslubiy bo’lim boshlig’i