IBODAT – ILMDA!
32

Islomda ilmning ibodat sifatidagi maqomi o’ta beqiyosdir.
Ilm – eng ulug’ ibodatlardan biri! Dinimizda ilm olish faqat dunyoviy manfaat uchun emas, balki Allohning roziligini topish uchun qilingan amal sifatida qaraladi. Qur’oni Karimda shunday deyiladi:
“Ayting: Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo’ladimi?” (Zumar surasi, 9-oyat).
Bu oyatda ilm egalariga bo’lgan yuksak maqom ko’rsatilgan.
Odam maymunsifat, hech narsani bilmaydigan madaniyatsiz holda yaratilmagan. Alloh odamni ilmli qilib yaratgan. Alloh taborak va taolo Ibrohim alayhissalomga: “Ey Ibrohim, men olimman va olimlarni yaxshi ko’raman”, deb marhamat qilgan. Johillik Odam bolalarida keyinchalik paydo bo’lgan. Odam ko’z, til va qalb bilan hayvonlardan farqlanadi. Ayrim hayvonlarning ko’zlari piyoladek keladi, boshi ham shunga yarasha katta bo’ladi. Ammo ular o’qish va ilm olish fazilatidan mahrumlar. Aziz va Jalil Alloh maxluqotlaridan insongagina ilmni ravo ko’rdi. Hech qaysi maxluqqa bermagan ma’rifat kiyimlarini Odam bolalariga nasib etdi. Donishmand: “Xotinlar ipak kiyimlarini bezanmoq uchun emas, balki o’z go’zalliklarini qo’rimoq uchun kiyadilar”, degan ekan. Odam o’z insoniy qiyofasini asrashi uchun hikmat va ma’rifat libosini kiyishi shart. Ba’zilar qilib qo’ygan noma’qul ishlari uchun nolib, “meni shayton yo’ldan urdi”, deydilar. Shayton yo’ldan ozdirgani rost. Ammo bilmoq lozim: shayton alayhila’na ilmli odamni, ayniqsa, ilmiga to’la amal qiluvchi odamni yo’ldan ozdira olmaydi. Ilmga intilgan kishi eng yaxshi insondir. Ilmdan yuz o’girish – insoniylikdan yuz o’girish demak. Chunki ilm – insoniylik toji hisoblanadi. Inson ilm bilan sharaf topadi. Mol-mulk esa johilning g’ururlanadigan matohidir. Ilm odamni yuksaltirib, undan yodgorlik qoldiradi.
Yana bir hikmat bor: hazrati Odam –
Bilim, aqlu idrok sabab muhtaram.
“Qutadg’u bilig”dagi bu bayt bizning ajdodimiz kim ekanini eslatib turmaydimi? Tarixdan ayonki, Odam bolalari er yuzida paydo bo’lgan dastlabki paytlardanoq ilm sari, o’rganish sari intilganlar. Hazrat Ali roziyallohu anhu deydilarki: “Jannatga kirish hayratlanarli muvaffaqiyat emas, ma’rifat – dunyoning o’zida jannatga erishish demakdir”. O’quv-idrok qorong’i tundagi mash’alaga o’xshaydi. Bilim esa mash’aladan taralayotgan nurga qiyos. U kishini yoritadi, unga ro’shnolik beradi. Har qanday hurmat kishining o’quv-idrokidan keladi. O’quv-idroksiz kishi bir hovuch kepak bilan teng, deydilar. Zakovat – o’zaro ont ichishib do’stlashgan kishilarga o’xshasa, bilim yaqin qarindoshlarga o’xshaydi. Buni dilga tugib olmoq foydalidir. Do’st-og’aynilar, qarindosh-urug’lar davrasidagi kishi o’zini dadil sezadi. Shunday ekan, bilimsizlar-chi? “So’zni bilimdon kishiga so’zlash kerak, bilimsizning tilini tushunish qiyin”, deb bekorga aytmaganlar.
Bilim – misoli bir jilov, u odamni barcha yomon, yaramas ishlardan tiyib turadi. Ilm egasi o’z tilaklarini topadi, orzu maqsadlarga erishadi. Aql-idrok egalarining nafi har doim ko’pchilikka tegib turadi. Bilimlilar elda aziz bo’ladilar. Hurmat qozonadilar. Butun ishlar o’quv-idrok bilan amalga oshadi. Barcha murakkab ishlar bilim bilan hal etiladi. Bilimsiz kishilar – donolarning dushmani. Bilimsiz doimo donolarga xorlik tilaydi. Bu ular ko’nglining tub-tubiga cho’kib yotgan hasad alomati. Ilmsiz odam so’qirga o’xshaydiki, uni kamsitib, chetga surib tashlash insofdan emas. Balki ko’r ko’zni ochish uchun bilimdon ilm xazinasidan unga nur berishi lozimdir.
Payg’ambarimiz Muhammad sollallohi alayhi vasallam esa shunday marhamat qilganlar:
“Ilm talab qilish har bir musulmon erkak va ayolga farzdir”(Ibn Moja rivoyati).
Bu hadis ilm olishni namoz, ro’za, zakot kabi ibodatlar qatoriga qo’yadi. Ya’ni, ilm olish – bu Allohga yaqinlashish vositasi.
Imom G’azzoliy o’z asarlarida ta’kidlaydi: “Ilmsiz qilingan ibodat – jonsiz tanadir. Ilm bilan qilingan ibodat esa nurli va samaralidir”. Ya’ni, ilm insonga ibodatni to’g’ri, ixlos bilan va ma’rifatli tarzda bajarishni o’rgatadi. Masalan, namozda qiroat, duolarni anglash, ro’zada niyat va sabrni tushunishi – bularning barchasi ilm orqali mukammal bo’ladi.
Ilm nafaqat aqlni, balki qalbni ham tarbiyalaydi. U insonni kibrdan, jaholatdan, bid’atdan saqlaydi. Imom Shofe’iy shunday deganlar: “Ilm – qalbning hayoti, jaholat – uning o’limi”. Ilm orqali inson o’zini anglaydi, hayotning maqsadini tushunadi. Bu esa eng yuksak ibodat – tafakkur va ma’rifatga etaklaydi. Ilm egalari Allohning mahbub bandalari hisoblanadilar. Qur’onda shunday oyat bor: “Allohdan faqat olim bandalar qo’rqadilar” (Fotir surasi, 28-oyat). Bu oyatda ilm egalariga bo’lgan yuksak maqom ko’rsatilgan. Chunki ular Allohning azamati va kudratini anglaydilar, Unga ixlos bilan ibodat qiladilar. Bu oyat — Qur’oni Karimning eng ta’sirli va ma’naviy jihatdan chuqur oyatlaridan biri. U insonni ilmga, tafakkurga va qalbdagi haqiqiy taqvoga chorlaydi. Alloh taolo O’zining oyatida haqiqiy taqvo egalari kimlar ekanini bayon qilmoqda. U zot shunday deydi: Faqat ilm egalari — ya’ni Allohning kudrati, yaratishi, hikmati va adolatini anglagan insonlargina Undan haqiqiy ma’noda qo’rqadilar. Bu erdagi “qo’rqish” so’zi faqatgina xavf emas, balki taqvo, ehtirom, ixlos va Allohning roziligini yo’qotishdan cho’chish ma’nolarini qamrab oladi.
Bir so’z bilan ifodalaganda, ilm – ibodatning qalbi hisoblanadi. Ilm – nur, ibodat – shu nurning amali. Ikkalasi birga bo’lsa, inson komillika etadi.
Nilufar BERDIEVA
Xoja Buxoriy o’rta maxsus islom ta’lim muasassasi
O’quv-uslubiy bo’lim boshlig’i…
