Autumn dawn in forest

Ba’zi yuzaki fikrlaydigan kishilar shunday o‘ylaydilar: go‘yoki ilmli inson din bilan aloqasini uzadi, uning bilimi oshgani sari e’tiqodi susayadi. Aslida esa, bu fikr mutlaqo noto‘g‘ri. Haqiqiy ilm egasining bilimi ortgani sayin, u yanada chuqurroq tafakkur qiladi, olamning cheksiz hikmatlar bilan to‘la ekanini anglaydi. U borliqdagi har bir narsa muayyan tartib va intizom asosida yaratilganini, hech bir hodisa behuda emasligini idrok etadi. Ana shunda u ilm orqali Yaratganning qudratini chuqur his etadi va Allohga bo‘lgan ishonchi yanada mustahkamlanadi.     O‘tgan asrning mashhur olimlaridan biri Pastor shunday deb yozadi: “Iymon hech qanday taraqqiyotga to‘sqinlik qilmaydi, chunki har bir taraqqiyot Hudoning yaratgan  narsalaridagi ajoyibotlarni ochib beradi. Agar men bugun kechagidan ko‘ra ilmliroq bo‘lsam Allohga bo‘lgan ishonchim ham kechagidan mustahkamroq bo‘ladi.”

Lord Kallifan shunday deydi: “Agar chuqurroq o‘ylab ko‘rsak ilm albatta seni Allohning borligiga ishonishinga majbur qiladi.”

Shu e’tiroflardan ko‘rinib turibdiki ilm – faqat haqiqiy ilmgagina ulkan olimlarning Allohga ishonishga sabab bo‘lgan. 14 asr avval  Qur’on Karimda bu haqida Alloh taolo shunday marhamat qilgan: “Allohdan bandalari ichida faqat olimlarigina qo’rqarlar”. (Fotir surasi 28-oyat).

Alloh taoloning qudratini his etib, yaratilgan narsalardan ibrat olib, ularning yaratuvchisi borligini anglab yetib, aqli bilan Allohni topgan va undan qo‘rqqan odamgina olim hisoblanadi. Ammo mazkur maxluqotlarning tarixi, tuzilishi, tarkibidagi moddalari, xususiyatlari va boshqa turli ma’lumotlarini to‘liq o‘rganib, ularni yaratgan Allohni tanimagan va undan qo‘rqmagan odam o‘ta johil hisoblanadi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu: «Ilm gapning ko‘pligida emas. Ilm qo‘rqishning ko‘pligidir», degan ekanlar.

Imom Hasan Basriy: «Olim Allohdan g‘oyibona qo‘rqqan odamdir. Alloh qiziqtirgan narsaga qiziqqan, Alloh yomon ko‘rgan narsadan qochgan odamdir», deya turib: «Allohdan bandalari ichidan faqat olimlarigina qo‘rqarlar» oyatini tilovat qilar ekanlar.

Chunki olimlar chuqur fikrga ega bo‘lganliklari uchun, borliqdagi boshqalar bilmagan sir asrorlarni bilib oladilar. Bu esa ularni Allohga ishonishlariga sabab bo‘ladi. Demak, ilm – fan borliqni o‘rgangandan so‘ng Allohning borligiga ko‘plab dalillar keltirgan. Qur’on esa bu dalillarni bir necha asr avval bashorat etgan. Qur’on dalillari bilan, ilm dalillari bir joydan chiqayotgani shundan ham ko‘rinib turibdi.

ALIMARDON KAROMATOV,

“Xoja Buxoriy” o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi Matbuot kotibi