OXIRAT MANZILINING AVVALI
16

Ba’zi toifa insonlar vafot etgan odamning holatini ko’rib turib, qanday qilib qabrda inson hisob qilinadi, unda bo’ladigan holatlarni ko’zlari ko’rmagani uchun qabrdagi bo’ladigan holatni inkor qiladilar. Biz mayyitni holatidan xabardormiz qanday qilib u yotgan joyidan o’tirgizib so’roq qilinadi, qanday uriladi vaholanki uning zohirida biror belgi alomatlar bo’lmaydiku deb aytsalar. Ularga javoban uyqudagi tush ko’rayotgan insonni misol qilib keltiriladi. Tush ko’rayotgan odam ba’zida lazzatlanadi va ba’zida qiyinchilik, og’riqni his qiladi. Va lekin biz shu vaqt uning yonida turib undagi holatni his qilmaymiz. Bunga qo’shimcha qilib Payg’ambarimiz alayhis salom huzuriga vahiy keltiradigan farishta Jabroiylni ham misol keltiriladi. Bu vahiy farishtasini Payg’ambarimizdan boshqa, u zotning yonida turgan sahobalar ham ko’rmadilar. Bundan ko’rinadiki, so’roq qiluvchi farishtalarni ko’rmaslik dafn qilingan inson bilan kechadigan holatni inkor qilishni keltirib chiqarmas ekan. Qolaversa bu borada Payg’ambarimiz alayhis salomdan bir qancha hadislar rivoyat qilingandir. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda u zot aytadilar: bir kuni biz Rosululloh sollallohu alayhi va sallam bilan birgalikda Baniy Najjorning[1] bog’ida edik. U kishi o’zining hachiri[2] ustida edi. To’satdan u hurkib u zotni yiqitishiga bir bahya qoldi. Sababi u yerda 5-6ta qabr bor edi. Shu vaqt u zot “bu qabrlarning egalarini haqida kim biladi” dedilar. Bir kishi men deya javob berdi. U zot “ular qanday vafot etganlar” deb so’ragan edi, u kishi shirk keltirgan holda vafot etganlarini aytdi. Shunda u zot “albatta bu ummat[3] qabrlarida imtihon qilinadi, agar sizlar (yaqinlaringizni) dafn qilaverganingizda edi, Allohdan undan eshitiladigan qabrning azobini sizlarga eshittirishini duo qilib so’ragan bo’lar edim” dedi.
Demak, bu hadisdan ham qabrdagi insonlarda turli holatlar sodir bo’lishi ma’lum bo’lmoqda. Boshqa hadislarda iymon bilan yaxshi amallar qilib vafot etgan kishi yaxshi holatda, to qiyomatgacha rohatlanishi aytiladi.
Davomi bor…
Farhod TOSHMIRZAYEV
Xoja Buxoriy islom ta’lim muassasasi o‘qituchisi
[1] Banu Najjor — Madinadagi birinchilardan bo’lib Islom dinini qabul qilgan qabilalardan biri.
[2] Hachir – otdan kichik eshakdan katta miniladigan hayvon.
[3] “bu ummat” dan jami insonlar nazarda tutilgan
