SAODATNING DUSHMANI — YALQOVLIK
32

Hech bir inson harakatdan to‘xtab, boshqalarga qaram bo‘lib qolishni istamaydi. Ammo yalqovlik odamni o‘z erkidan ayiradi — kun kelib boshqalar ko‘magiga muhtoj bo‘ladi. G‘ayratsizlik esa insonning qalbidan orzulari parvozini olib qo‘yadi. Asl haqiqat: hech kim qo‘llarini bekor qilib, cho‘ntagiga tiqib muvaffaqiyat cho‘qqisiga chiqmagan. Dangasalik hech kimni ulug‘ qilmaydi. Ayniqsa ilm ahlining, olim va talabalarning erinchoqligi — eng nojo‘ya hol. Odamlari tanbal, dangasa bo‘lgan, ilmu fan rivojlanmagan, qonun toptalgan yurt sira rivoj topmaydi. Xalqi o‘zgalarga qaram bo‘ladi, dushmanlar bu yurtni istaganlaricha talaydilar, toptaydilar. Natijada xalq ulkan moddiy va ma’naviy zarar ko‘radi. Faqat Vatani emas, jonidan mahrum bo‘ladi. Rohati, tinchligi, erki, hurmati, osoyishtaligi bir tiyinga arzimas bo‘ladi.
Jismoniy mehnat bir masala, aqliy yalqovlik, ya’ni ma’naviy tanballik yanada og‘irroq masaladir. Yoshlarning ilm olishga erinishlari jamiyat uchun ham zararlidir. Agar daryo suvi dengizga quyilib turilmasa, har qanday kattalikdagi dengiz ham quriydi. Bekorchi va ishyoqmas – irodasiz odamdir. Agar odam fikrlashda dangasa bo‘lsa, jaholatga botishi, gunohi ortishi shubhasizdir. Olimlar safi yoshlar hisobiga to‘lib turmasa, mamlakat inqirozga yuz tutadi.
Mehnatni sevmaydigan odam har buzuqlikni qilishga tayyordir. Mehnatning kishiga baxt-saodat keltirishiga hech kim shubha qilmaydi. Yalqovlik, bekorchilikning esa falokat girdobiga tashlashini hamma ham o‘ylab ko‘ravermaydi.
Payg‘ambarimiz ﷺ: “Olamda eng yomon narsa — bekorchilikdir”, deganlar. Xalqimizda “Bekorchidan Xudo bezor”, “Bekor o‘tirguncha bekor ishla” degan hikmatlar ham bor. Harakat qilmagan kishi tanbal bo‘lib qolishi aniqdir. Tanbal kishi esa bekorchi gaplar bilan mashg‘ul bo‘ladi. Chunki bekor yurish – illatlarning onasi, g‘urbatlarning makonidir. Bekorchi gaplardan esa turli mish-mishlar, ig‘volar tug‘iladi. Mish-mishlar tarqalgan joyda esa do‘st – dushmanga, dushman esa dumi bosib olingan ilonga aylanadi. Donolar dedilarki: “Erkakning bekorchiligi – g‘aflat, ayolning bekorchiligi — shahvat”.
E’tiborsizlik, befarqlik hayotning ko‘p sohalarida taraqqiyotga jiddiy to‘siq bo‘ladi.
Hozirgi davrning talabi – aniqlik va yangiliklardan tezkorlik bilan xabardor bo‘lish. Loqaydlik esa bunga tamomila ziddir.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, befarqlik hayotning ko‘p sohalarida taraqqiyotga jiddiy to‘siq bo‘ladi. Inson o‘z-o‘zini tarbiyalashi, maqsad tuyg‘usini topishi, kichik qadamlar qo‘yishi va boshqalar bilan bog‘lanish orqali befarqlikni yengib, ijobiy o‘zgarishlar yaratishga harakat qilmog‘i lozimdir. Shuni yodda tutish kerakki, hatto kichik harakatlar ham o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin va bu natijaga birdamlik bilan hamnafas harakat qilinsa, ijobiy, samarali va muvaffaqiyatli natijalarga erishish mumkin.
Alimardon Karomatov
“Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi MATBUOT KOTIBI
